O‘zbekiston | 09:47 / 09.08.2023
5874
2 daqiqa o‘qiladi

Magistraturaga hujjat topshirganlarga arizalarini tahrirlashga 2 kun vaqt berildi

9-10 avgust kunlari magistraturaga hujjat topshirgan, biroq arizasi rad etilgan abituriyentlarga arizasini tahrirlashga imkon berildi.

Foto: Kun.uz

2023/2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bo‘yicha magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.

“Arizalarni ko‘rib chiqish natijasida ko‘plab murojaatlar turli sabablarga ko‘ra (tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos yoki turdosh emasligi, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqasi yuklangan yoki to‘liq yuklanmagan, hujjatlar sifatsizligi kabilar sababli ) rad etilgan.

Shuni inobatga olib, davlat oliygohlari magistraturasiga o‘qishga kirish uchun onlayn ariza yuborgan, lekin arizasi rad etilgan talabgorlarga 9–10 avgust kunlari arizalarni qayta tahrirlash imkoniyati yaratildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, rad etilgan arizalarni tahrirlash uchun 10 avgust kuni soat 18:00 ga qadar so‘nggi imkoniyat beriladi. Ushbu muddatdan so‘ng tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiliklar bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Lekin xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikati talab darajasida bo‘lmaganligi sababli rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmaydi, mazkur holda qayta tahrirlangan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, bu yil magistratura uchun 20 054 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Qabul kvotasi esa 17,1 mingni tashkil qiladi.

Mavzuga oid