Jamiyat | 15:17 / 09.08.2023
39529
15 daqiqa o‘qiladi

«Ularni bizdan boshqa hech kim olmaydi»: Og‘ir dardga chalingan bolalarni parvarishlab kelayotgan inson haqida hikoya

Kelib chiqishi liviyalik bo‘lgan Muhammad Bzik hozir 68 yoshda. U Kaliforniya shtatidagi shaharlardan birida yashaydi. Muhammad uzoq yillar davomida xotini bilan birga og‘ir dardga chalingani uchun ota-onalar tomonidan tashlab ketilgan bolalarni parvarishlab kelgan. 2015 yilda xotini vafot etgandan so‘ng bu ishni uning o‘zi davom ettirmoqda.

Foto: medium.com

Bugun dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda ayrim bolalar nogiron yoki tuzalmas dard bilan tug‘ilgani uchun ota-onalari tomonidan tashlab ketiladi.

Barcha davlatlarda bunday bolalar maxsus shifoxonalarda yoki xayriya fondlari tomonidan moliyalashtiriladigan maxsus muassasalarda saqlanadi va parvarish qilinadi.

Biroq dunyoda og‘ir dardga chalingan bolalarni o‘z qaramog‘iga olib, ularga ota-onalik qilib kelayotgan insonlar ham bor. Ulardan biri asli kelib chiqishi liviyalik bo‘lgan Amerika fuqarosi Muhammad Bzik hisoblanadi.

U ancha yillar davomida avvaliga xotini bilan birga, xotini vafot etgach o‘zi og‘ir dardga chalingan nogiron bolalarni qaramog‘iga olib, parvarishlab kelmoqda.

Muhammad Bzik o‘z faoliyati bilan ko‘plab insonlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda va uni Amerikada qahramon sifatida bilishadi. Hozir Muhammad Bzik 68 yoshda va ayni paytda ham uning qaramog‘ida og‘ir dardga chalingan bolalar bor.

Muhammad Bzik boqib olgan nogiron qizchasi bilan

Liviyalik muhojir

Muhammad Bzik 1954 yil dekabr oyida Afrika qit’asida joylashgan Liviya davlatida tug‘ilgan. Ota-onasi uni musulmon e’tiqodi bilan tarbiyalagan.

Muhammad bolaligidan yugurishga qiziqardi. Shu sababli ulg‘ayganda yugurishning marafoncha turi bilan jiddiy shug‘ullanadi va ko‘plab musobaqalarda g‘olib chiqadi.

1978 yilda Muhammad muhandislik sohasida o‘qish uchun okean ortiga otlanadi. U AQShdagi universitetlardan birida o‘qiy boshlaydi. O‘shanda yigit 24 yoshda edi.

Muhammad AQShda yashar ekan, 1980-yillarning boshlarida Doun ismli ayol bilan tanishadi. Ayol shifoxonada ishlar, bo‘sh paytida ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan nogiron bolalarni parvarish qilardi.

Dounning yoshligida bobosi va buvisi o‘z uylarida qarovsiz qolgan bolalarni parvarish qilish markazi ochishgandi. Qiz ulg‘aygach ulardan o‘rnak olib, o‘z uyida qarovsiz qolgan nogiron bolalarni parvarishlash markazi ochadi.

O‘sha paytda Dounning o‘zi og‘ir dardga chalingan bir qizchani asrab olgan, uning uyi davlat farzand asrab oluvchilarni qidirayotgan bolalar uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini bajarardi.

Ayol nogiron bolalarni parvarish qilish bo‘yicha sohaning taniqli mutaxassisi edi. Shu sababli u Los-Anjyelesdagi ko‘plab tadbirlarda qatnashar va bo‘lajak farzand asrab oluvchilarga ma’ruzalar o‘qirdi.

Muhammad Doun bilan tanishgach ayol uni uyiga, nogiron bolalar parvarish qilinayotgan markazga taklif qiladi. Yigit u yerda parvarish qilinayotgan bolalarni ko‘rib, juda qattiq ta’sirlanadi va bo‘sh paytlarida u ham markazga kelib turadi.

Muhammad Bzik xotini Doun Bzik bilan birga / Foto: medium.com

Ko‘p o‘tmay Muhammad hamda Doun oila qurishadi va bolalarni birgalikda parvarish qila boshlashadi. Muhammad ham bolajonlikda xotinidan qolishmasdi.

1997 yilda Muhammad va Doun o‘g‘il farzandli bo‘lishadi va ismini Adam deb qo‘yishadi. Biroq Adam suyak mo‘rtligi va bo‘y o‘smay qolishi kasalligi bilan tug‘ilgandi.

Er-xotin Adamni ham mehr berib parvarish qilishadi va u nogironlik aravachasiga mixlanib qolishiga qaramasdan ulg‘ayib, Citrus College kollejida informatika bo‘yicha tahsil oladi.

Hozir Adam 25 yoshda va uning og‘irligi bor-yo‘g‘i 30 kilogrammni tashkil etadi. Adam uydan turib dasturlash sohasi bo‘yicha ishlaydi. Otasi unga kichik taxtadan ixcham skeytbord yasab bergan, Adam uy ichida o‘sha bilan harakatlanadi.

Keyinchalik OAVdan biriga bergan intervyusida Muhammad kasal o‘g‘lini parvarish qilish unga hech qachon malol kelmaganini aytgandi:

«O‘g‘limning suyaklari shunchalik mo‘rt ediki, taglik yo paypoq almashtirayotganda yoki kiyintirayotganda ularni sindirib qo‘yish mumkin edi. Shu sababli uni parvarish qilishda juda ehtiyot bo‘lib harakat qilganmiz. O‘g‘limni Xudo shunday yaratgan va men uni juda qattiq yaxshi ko‘raman».

Muhammad Bzik o‘g‘li Adam bilan , 2000-yillar boshida.

Bolalarni parvarishlash markazini ochish

Ko‘p o‘tmay Muhammad va Doun maslahatlashib, birgalikda o‘zlari yashab kelayotgan Los-Anjyeles okrugidagi Azusa shahridagi uylarida dardman bolalarni parvarishlash markazini ochishadi.

Avvaliga ular markazga og‘ir dardga chalingan bolalar bilan birga sog‘ligi yaxshi, biroq nogironligi bor bolalarni ham qabul qilishadi. Ko‘p o‘tmay er-xotin maslahatlashib markazga faqat og‘ir dardga chalingan bolalarni qabul qila boshlashadi.

Ular nogironligi bor, biroq sog‘ligi yaxshi bo‘lgan bolalardan ko‘ra og‘ir dard bilan olishib, o‘z o‘limini kutayotgan bolalarga ko‘proq mehr va parvarish kerak degan qarorga kelishadi. Chunki bunday bolalarni ulardan boshqa hech kim qabul qilmasdi.

Muhammad va Doun asrab olgan dastlabki bola 8 yoshda bo‘lib, u ichak sindromi dardiga chalingan va o‘sha paytgacha 167 marta shifoxonada yotgan edi. Er-xotinlar uni o‘z bolasiday parvarish qilishadi.

Biroz o‘tib Muhammad va Doun juda kam uchraydigan miya nuqsoni bilan tug‘ilgan qizchani qabul qilishadi. Qizcha ularnikida bor-yo‘g‘i sakkiz kun yashaydi va vafot etadi. Uning vafotidan er-xotin juda qattiq ta’sirlanishadi.

Muhammad Bzik asrab olgan nogiron qizchasi bilan

Keyin markazga yana boshqa bolalar qabul qilinadi. Shu tariqa ularning oilasida o‘nlab bolalar paydo bo‘ladi.

Dounning vafoti

2000-yillar boshida Doun kuchli tutqanoq kasaliga duchor bo‘ladi. Bu kasallik xuruj qilganda uni bir necha kunga holdan toydirib qo‘yardi. Shunday paytlarda ayol ko‘cha-ko‘yda kasali qo‘zg‘ab qolishidan xavotirlanib, bir necha kunlab uydan chiqa olmasdi.

Ayolning dardga chalinishi er-xotin boshlagan ishni, ya’ni og‘ir dardga chalingani uchun ota-onalari tashlab ketgan bolalarni parvarish qilish dasturini davom ettirishni qiyin vaziyatga solib qo‘yadi.

Biroq shunday vaziyatda ham ular yana o‘n yildan oshiqroq vaqt mobaynida ular o‘zlarida kuch topishadi va sabr bilan o‘z ishlarini davom ettirishadi. Bu vaqt oralig‘ida Doun tuzalish o‘rniga yotib qoladi.

2015 yilda Doun vafot etadi va maxsus muassasa Muhammadning o‘ziga qolib ketadi. Biroq u taslim bo‘lmaydi va ikki karra kuch bilan ishlashda davom etadi.

«Dounning g‘ayratidan hayratlanardim. U og‘ir dardga chalingan bolalarni parvarish qilishda bir zum ham tinmasdi. Ularni ovqatlantirardi, o‘ynatardi, sayrga olib chiqardi. Bolalarga ovqat tayyorlardi, kiyimlarini yuvardi. Buncha kuchni qayerdan olardi, bilmayman. Xotinim hech qachon hayot qiyinchiliklaridan qo‘rqmasdi va ortga chekinmasdi», deb ko‘zida yosh bilan xotinini eslaydi Muhammad.

Muhammad Bzik xotini Doun Bzikning qabri tepasida / Foto: reddit.com

Matonatli Muhammad

Xotinining vafotidan keyin Muhammad boshqa uylanmaydi va maxsus muassasa butunlay uning qaramog‘ida qoladi. Bolalarga endi Muhammadning o‘zi qaray boshlaydi.

Muhammal Bzik hanuzgacha davolab bo‘lmaydigan kasalliklar bilan tug‘ilgan bolalarni qabul qilishda va ularni parvarishlashda davom etmoqda. Biroq uning imkoniyati cheklangani uchun parvarishga muhtoj barcha bolalarni qabul qila olmaydi.

Los-Anjyeles okrugi vasiylik departamenti administrator yordamchisi Rozella Yusuf shunday deydi:

«Departament nazoratidagi nogiron va kasalmand bolalar soni 35 ming nafar atrofida. Shundan 600 nafariga doimiy parvarish kerak. Biroq Muhammadga o‘xshagan boshqa odam yo‘q. Shu sababli ular umumiy parvarishlash markazlarida qolishga majbur bo‘lishyapti».

Muhammadga bolalarni parvarishlashda moliyaviy tomondan turli odamlar va tashkilotlar homiylik yordamini ko‘rsatishadi. Uning GoFundMe platformasida sahifasi bor. Ana shu sahifa orqali Muhammad umumiy hisobda 340 ming dollar mablag‘ yig‘gan.

2016 yil noyabr oyida Muhammad ham dardga chalinadi. Unga yo‘g‘on ichak saratoni tashxisi qo‘yiladi. Oradan bir oy o‘tgach dekabrda u muvaffaqiyatli operatsiya qilinadi va sog‘ayib ketadi.

Muhammad Bzik asrab olgan nogiron qizchasi bilan / Foto: reddit.com

Juda ko‘p tanqidlarga uchrasa ham Muhammad musulmoncha hayot tarzidan voz kechmaydi. Namozlarini uyi yaqinidagi masjidga chiqib ado etadi. Bunday paytlarda u parvarishlayotgan bolaga hamshira qarab turadi.

Muhammadning aytishicha u 2010 yildan buyon biron kun ta’til olmasdan bolalar parvarishi bilan muntazam shug‘ullanib kelyapti.

Muhammad Kaliforniya shtatidagi nogiron va og‘ir dardga chalingan bolalarga qarash bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan va bu haqda maxsus sertifikat olgan kam sonli otalardan biri hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad va uning xotini umumiy hisobda 80 nafardan oshiq og‘ir dardga chalingan bolalarni parvarish qilishgan. Bolalarning aksariyati ma’lum vaqt yashagan va vafot etgan.

Muhammad va Doun parvarish qilayotgan bolalar orasida ilk o‘lim holati 1991 yilda sodir bo‘ladi. O‘shanda ularning ikkalasi ham juda qayg‘uga botadi. Keyinchalik og‘ir dardga chalingan bolalarning bunday o‘limi yana sodir bo‘lib turadi.

Muhammad va Doun o‘z qaramog‘iga olgan bolalar vrachlar taxmin qilgandan ko‘ra uzoqroq yashashgan. Bunga er-xotinning ularga ko‘rsatgan alohida parvarishlari va mehrlari sabab bo‘lgan deyishadi mutaxassislar.

Masalan, Muhammad hozir parvarishlayotgan qizcha kamdan kam uchraydigan miya nuqsoniga ega holda tug‘ilgan. Samantaning (qizchaning nomi shunday) ota-onasi undan tug‘uruqxonaning o‘zidayoq voz kechishgan.

Muhammad Bzik asrab olgan qizi Samanta bilan sayrda / Foto: bidolusinema.com

Qizchadagi kasallik uni qulog‘i eshitmaydigan, ko‘zi ko‘rmaydigan holga solgan, qo‘l-oyoqlari falaj. O‘shanda shifokorlar qizcha bir necha hafta yashashi mumkinligini aytishgan.

Muhammad Samantani o‘z qaramog‘iga olganda qizcha bir oylik bo‘lib, ahvoli og‘ir edi. Biroq u vafot etmadi va hozir 13 yoshda. Samanta ikki yoshga kirganda Muhammad uni o‘ziga qiz qilib oladi.

«Men Samanta eshitmasligini, ko‘rmasligini bilaman, lekin u bilan doim gaplashaman. Samantaning his-tuyg‘ulari, ruhiyati bor. U avvalo inson. Asosiysi, bu bolalarni o‘z bolamday yaxshi ko‘raman. Ular kasal ekanligini, vaqti soati yetganda o‘lishlarini bilaman. Men inson sifatida qo‘limdan kelganini qilaman, qolgani Xudoning qo‘lida», deydi Muhammad.

Samanta mutlaqo ovqatlana olmaydi va asosan sun’iy usulda ovqatlantiriladi (ukol yordamida). Muhammad Samantani qo‘lida ko‘tarib ko‘cha aylanadi. Xaridlarga boradi. Unga turli kiyimlar olib beradi. Qizcha uning qo‘lida bo‘lganda o‘zini juda xotirjam tutadi.

«Qizchani tug‘ilgandan beri kuzatib kelaman. Qizcha ikki yoshga kirganida uning ahvolini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgan edik. U har kuni ko‘p vaqtini turli qurilmalarda o‘tkazadi. Qizcha Muhammad unga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rlik tufayli hali ham tirik. Agar uning hech qayeri og‘rimasa yaxshi kayfiyatda bo‘ladi. Qachonki u o‘zini yolg‘iz his qilsa yig‘lashi mumkin. Qizcha gapira olmaydi, lekin o‘z ehtiyojlarini mukammal tarzda bildiradi. Uning hayotida baxtli lahzalar ko‘p bo‘lgan va bularning barchasi uni asrab olgan otasi tufayli», deydi qizchaga qarab kelayotgan pediatr vrach.

Muhammad Bzik parvarishlayotgan bolalarning sog‘ligi doimo hamshira nazoratida bo‘ladi. / Foto: nextavenue.org

2017 yilda Los Angeles Times gazetasida Muhammad Bzik va uning hayoti haqida maqola chop etiladi. Shundan so‘ng u haqda ko‘pchilik xabar topadi va Muhammad mamlakat bo‘ylab mashhur odamga aylanadi.

«Men haqimda chiqqan maqola ostida yozilgan sharhlarini o‘qib, yig‘lab yubordim. Odamlar biz haqimizdagi hikoya hayotlarini o‘zgartirganini, ular ham mehrga muhtoj bolani parvarishlash uchun qabul qilishni xohlashlarini yozishdi. Bir o‘qituvchi ayol o‘z farzandlari bilan «Muhammad Bzikning soqoli sevgi bilan limo-lim» deb nomlangan kitob tayyorlabdi. Kitobga bolalar o‘z xohish-istaklarini yozishgan, rasmlar chizishgan. Bu meni juda xursand qildi», degandi u.

Los-Anjyeles vasiylik departamenti xodimlarining aytishicha, Muhammad parvarishga muhtoj bolalarga joy topish uchun har doim qo‘ng‘iroq qilsa bo‘ladigan mamlakatdagi yagona odam.

«Bizga oilasi yo‘q yoki ular voz kechgan bolalardan birini parvarishlash markaziga o‘tkazish kerakligi aytilganda, shaharda bolalarning so‘nggi kunlarida haqiqatan ham yordam berishga qodir bo‘lgan faqat bitta odamni bilamiz. Bu ulkan qalbli Muhammad Bzik», deydi departament koordinatori Melissa Testerman.

Muhammad Bzikga Turkiyaning «Diyonat» fondi tomonidan xalqaro mukofot topshirilgan

2022 yilda Turkiyaning «Diyonat» fondi Muhammad Bzikni xayriya ishlariga qo‘shgan hissasi uchun xalqaro mukofot bilan taqdirlaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid