Jahon | 13:52 / 11.08.2023
12034
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Havayi orollarida o‘rmon yong‘inlari, 53 kishi halok bo‘ldi

Havayi orollarini qamrab olgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida kamida 53 kishi halok bo‘ldi. Sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan, Havayi arxipelagidagi yirik orollardan biri hisoblanmish Maui oroli jiddiy jabr ko‘rgan. Shtat vitse-gubernatori yong‘inlarni misli ko‘rilmagan deb atadi.

Foto: Reuters

Yong‘inni kuchli jazirama va qurg‘oqchilik keltirib chiqargan, Tinch okeani uzra, orollardan yuzlab kilometr janubda shiddat bilan harakatlanayotgan «Dora» bo‘ronidan hosil bo‘lgan kuchli shamol esa olov tez tarqalishi uchun qulay sharoit hosil qilmoqda.

Prezident Bayden ma’muriyati payshanba kuni Havayidagi yong‘inlarni «yirik falokat» deb e’lon qildi. Bu maqom berilishi yong‘in va uning oqibatlariga qarshi kurashish uchun federal kuchlar va vositalar tashlanishini anglatadi.

Foto: Reuters

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, olov 1700 dan ortiq uyni vayron qilgan; 11 ming kishi elektr ta’minotisiz qolgan, 2 mingdan ortiq kishi tunni vaqtinchalik boshpanalarda o‘tkazgan.

Rasmiylar qurbonlar soni o‘sishi mumkinligini qayd etishmoqda.

Joriy yil yozida Amerikaning ko‘plab shtatlarida, shuningdek Yevropa va Osiyoda sayyoradagi iqlim o‘zgarishlari va boshqa omillar natijasida yuzaga kelayotgan issiq ob-havo qayd etilmoqda.

Havayidagi o‘rmon yong‘inlari Kaliforniya va AQShning materik qismidagi boshqa shtatlaridagi kabi katta ko‘lamda emas, ammo mahalliy aholi vakillari bunaqasini hali ko‘rishmaganini aytishmoqda.

«Men vaziyatni dramalashtirmoqchi emasman, ammo, menimcha, Mauida hali bunaqasi ro‘y bermagandi, – degan AFP nashri bilan suhbatda mahalliy syorfing maktabi rahbari. – Yong‘inlar bu qadar katta hududlarni qamrab olishi odatiy holat emas, butun orollar bo‘ylab yong‘in bo‘lmoqda».

Eng katta vayrongarchiliklar Laxayna shahriga to‘g‘ri kelgan. Olov shaharni deyarli butkul yakson etgan, ko‘plab binolardan faqat qoldiqlar qolgan.

«Biz [qochishga] bazo‘r ulgurdik», – degan Associated Press agentligiga Laxaynada yashovchi Keaumoku Kapu.

Seshanba kuni soat 16 atrofida uning rafiqasi shahardan ketish kerakligini aytib turib olgandi.

Shundan keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, «barchasi ostin-ustun bo‘lib ketgan» – shamol tinimsiz kuchayib borgan.

Kapu rafiqasi bilan mashinaga chiqib, jo‘nab ketayotganida ularning uyidan ikki kvartal naridagi uylar olov ichida qola boshlagandi.

«Biz o‘girilib qaraganimizda, olov bizning binolarga ham o‘tgandi. Barchasi juda tez bo‘lib ketdi», – degan u AP nashriga.

Ular orolning janubiy sohilidagi Maalea shaharchasiga kelishgan va tunni mashinada o‘tkazishgan.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirda Laxayna shahridagi yong‘inlar ko‘lami aks etgan.

AQSh sohil qo‘riqlash xizmati xabariga ko‘ra, mahalliy aholi vakillaridan 12 kishi suvdan chiqarib olingan, ular yong‘inlardan qochib, o‘zini okeanga tashlagandi.

Payshanba kuni tongda rasmiylar sayyohlarni Mauining  g‘arbiy qismidagi Kaxului aeroportiga ommaviy evakuatsiya qila boshladi.

Southwest Airlines aviakompaniyasi Havayiga reyslar sonini oshirgan.

COPERNICUS SENTINEL-2/REUTERS

Butun Havayi arxipelagiga nomi berilgan Katta orolda ham bir necha yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lgan

Maui okrugi meri Richard Bissen jurnalistlarga o‘rmon yong‘inlari tarqalishiga uzoq davom etgan qurg‘oqchilik sabab bo‘layotganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat «bir vaqtning o‘zida buncha ko‘p miqdorda yong‘inlar paydo bo‘lishini kutmagandi» va natijada turli joylardagi resurslarni jalb etishga to‘g‘ri kelmoqda.

Mauidagi Laxayna sohilining vertolyotdan ko‘rinishi. Foto: AIR MAUI HELICOPTERS/REUTERS

Havayi orollari vitse-gubernatori Silviya Lyuk qutqaruvchilarning harakatlariga yuqori baho bergan. «Bu Havayini chindan alohida joyga aylantirdi», – degan u favqulodda xizmatlarning jamoaviy ishiga ishora qilib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazilgan zararni to‘liq baholash uchun «haftalar, balki oylar» ketishi mumkin.

Mavzuga oid