O‘zbekiston | 22:40 / 11.08.2023
38643
4 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchini boshqa maktabga yoki sinfga o‘tkazish tartibi haqida ma’lumot berildi 

O‘quvchini boshqa maktabga qaysi vaqtda o‘tkazish mumkin? Yangi maktabga qanday hujjatlar taqdim etilishi kerak? O‘quvchi oldingi maktabidan qanday hujjatlarini olib ketishi kerak? 

Foto: Kun.uz

Odatda, turli sabablarga ko‘ra, bolani bir maktabdan boshqa maktabga, shuningdek, o‘zi istagan muhitda o‘qishini davom ettirishi uchun bir sinfdan boshqa sinfga o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Hudud24 ushbu jarayon bilan bog‘liq qoidalar haqida ma’lumot berdi. 

1. O‘quvchini boshqa maktabga qaysi vaqtda o‘tkazish mumkin? 

Ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega. Bunda bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish sabablarini ko‘rsatib, maktab direktori nomiga ariza beriladi. 

2. Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi? 

Ariza 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga taqdim etish uchun «maktabdan ketish taloni» beriladi. 

3. Yangi maktabga qanday hujjatlar taqdim etilishi kerak? 

Ota-onalar farzandi o‘qishni davom ettirishi uchun tanlangan maktab direktori nomiga ariza beradi. Arizaga «maktabdan ketish taloni» ilova qilinadi. 

Maktab direktori ariza va talonni qabul qilgach, shu kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun «maktabga kelish talonini» beradi. 

4. O‘quvchi oldingi maktabidan qanday hujjatlarini olib ketishi kerak? 

O‘quvchi oldingi maktabiga «maktabga kelish taloni»ni taqdim etgach, shu kunning o‘zida uni maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi. 

Maktab direktori ushbu buyruq bilan ota-onani tanishtirgani to‘g‘risida imzo qo‘ydirib oladi. Shuningdek, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etib, bu haqda tilxat yozdirib oladi:

- o‘quvchining maktab o‘quvchilari safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;

- o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli;

- o‘quvchining tibbiy kartasi. 

O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori boshqa maktabdan o‘tkazilayotgan o‘quvchining o‘quv jarayonlaridan chetda qolib ketmasligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart. 

Bolani boshqa sinfga o‘tkazish tartibi qanday? 

Ota-onalar o‘z farzandini o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng bir sinfdan boshqa sinfga o‘tkazish huquqiga ega. Bunda ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish sababini ko‘rsatib, maktab direktori nomiga ariza beradi.

Direktor arizani 1 ish kunida ko‘rib chiqadi va o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqaradi. 

Sinfdagi o‘quvchilar soni me’yordan (35 nafar) ortiq bo‘lganda, direktor o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilishi mumkin. 

Rad etish haqida direktor 3 kun ichida ota-onaga yozma ravishda ma’lum qilishi kerak. 

Direktorning o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingach, 3 kunda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi. 

Mavzuga oid