Sport | 18:43 / 11.08.2023
38426
7 daqiqa o‘qiladi

Yevrofutbolni qayerda ko‘ramiz? «Sport» telekanali direktori bilan intervyu

Foto: Kun.uz

Yevropada yangi futbol mavsumi start olishi arafasida o‘zbekistonlik futbol muxlislari tomonidan odatdagidek, sarlavhadagi savol yangraydi. Tribuna.uz ko‘hna qit’a milliy chempionatlari boshlanishidan avval yuqoridagi savolga javob topishga intildi. Bu borada «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov bilan suhbatlashib, top-jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar qaysi telekanallar orqali namoyish etilishiga qiziqdi.

MTRK telekanallarida qaysi chempionatlar namoyish etiladi?

«Sport» telekanali direktori Zohid Karimovning ma’lum qilishicha, o‘tgan mavsumdagidek Yevropa milliy chempionatlaridan Italiya A Seriyasi «Sport» telekanali orqali namoyish etiladi. Ispaniya La Ligasini ko‘rsatish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda. Shuningdek, UYeFA bayrog‘i ostidagi yevrokuboklar ham O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga tegishli telekanallar orqali ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

«Yangi mavsum oldidan Italiya A Seriyasi, Italiya kubogi, Yevropa Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Konferensiyalar ligasini namoyish etishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, qolgan turnirlar bo‘yicha ham hali gaplashyapmiz», - deydi «Sport TV» direktori.

«Fransiya chempionati reytingi juda past, hatto El-Klasiko ham katta auditoriya yig‘magan»

Yangi mavsumdan kuchli beshlik chempionatlaridagi o‘zbekistonlik futbolchilar soni ikki nafarga yetdi. Bungacha muxlislar Eldor Shomurodovning o‘yinlarini kutgan bo‘lsa, endi «Lans» o‘yinchisiga aylangan Abduqodir Husanov ortidan Fransiya chempionati ham o‘zbek auditoriyasiga qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Ammo «Sport» telekanali hozirgi imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bu turnirni namoyish eta olmasligi ma’lum bo‘ldi.

«Fransiya Liga 1 chempionati – tomoshabopligi bo‘yicha reytingi juda past. Bu turnirni ko‘rsatish niyatimiz yo‘q.

Bu ligada o‘zbek futbolchisi paydo bo‘lgani vaziyatni o‘zgartirmaydimi? Bilasizmi, Italiya A Seriyasini ham Shomurodov uchun olgandik, ochig‘i, reytingi past. Ispaniya chempionatida ham reyting yuqori emas, hattoki El-Klasiko ham katta auditoriya yig‘magan. Qilingan xarajatlarni zo‘rg‘a qoplayapmiz, reklama kelmayapti juda qiyin bo‘lyapti», - deydi Zohid Karimov.

Foto: Getty images

«A Seriya bilan Superliga parallel tushib qolsa, shoshib qolyapmiz, barcha o‘yinlarni dasturga sig‘dirish qiyin»

Telekanal direktorining ta’kidlashicha, ko‘hna qit’ada milliy chempionatlar start olgach, o‘yinlarni efirga sig‘dirish masalasida ham muammolar yuz berib turadi.

«Telekanalimiz orqali Osiyo o‘yinlari, O‘zbekiston Superligasi, kubok o‘yinlari, turli yosh toifadagi milliy jamoalarimiz qatnashadigan musobaqalar, O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan halqaro turnirlar, ayollar futboli, tennis, og‘ir atletika, MMA turnirlari, marafon, triatlon, yengil atletika, xullas o‘zimizda bo‘ladigan deyarli barcha musobaqalarni ko‘rsatyapmiz. Ishonasizmi, o‘zi Superliga bilan A Seriya o‘yinlari parallel tushsa, shoshib qolyapmiz. Dasturlardan kelib chiqqan holda, shunday vaziyatda avvalgidek, «Sport» TVdan tashqari, boshqa kanallarda («Mahalla», «Dunyo bo‘ylab» va hokazo) ham o‘yinlar namoyish etilishi mumkin».

«Saudiya Arabistoni chempionati translatsiyasi narxi juda baland, xarajatni qoplashimizga ko‘zim yetmadi»

Yozgi transfer oynasida Saudiya Arabistoni klublari shov-shuvli transferlarga qo‘l urgach, bu mamlakat chempionatiga nisbatan qiziqish keskin ortdi. Saudiya Pro ligasi auditoriya bo‘yicha kuchli beshlik ligalariga ham raqobat uyg‘otishi mumkin. «Sport» telekanali direktori bu liga o‘yinlarini O‘zbekistonda namoyish etish imkoniyatlari haqida gapirdi.

«Saudiya Arabistoni chempionatiga paydo bo‘lgan qiziqishdan kelib chiqib, Saudiya Pro ligasini namoyish etish masalasini o‘rgandik. Ammo translatsiya narxi juda baland bo‘lib ketgan. Xarajatlarimizni qoplashimizga ko‘zim yetmadi. Qolaversa, ko‘p o‘yinlar parallel bo‘ladigan, hammasini sotib olgan taqdirda ham, ko‘rsatishda muammoga duch kelishimiz aniq», - deydi u.

«Translatsiya huquqini sotib olish uchun budjetdan mablag‘ ajratilmaydi»

O‘zbekiston MTRK budjetdan moliyalashtirilsa-da, tashkilot tomonidan translatsiyalar huquqini sotib olish uchun alohida mablag‘ ajratilmaydi.

«Aksariyat odamlar ko‘p ham tushunmaydi, TV-translatsiyalarning hammasi tijorat yo‘l bilan topilgan mablag‘ga sotib olinadi. Budjetdan musobaqa sotib olishga bir so‘m ham pul ajratilmaydi. Ya’ni, sport musobaqalari MTRKning reklama tushumlaridan topgan pullar evaziga sotib olinadi. Har holda hozirgacha shunaqa bo‘lib kelgan.

Shuning uchun qaysidir chempionat huquqini sotib olaylik, deb rahbariyatga kirsam, birinchi navbatda oldimga «Xarajatini oqlay olasanmi?» deya savol qo‘yiladi. Faqatgina Olimpiada va Osiyo o‘yinlarida bu savol qat’iy qo‘yilmaydi. Menimcha, sababi tushunarli», - deydi telekanal rasmiysi.

«APLni O‘zbekistonda translatsiya qilish huquqi «Setanta»da, ular hech kimga sotmayapti»

Bugun start oladigan Angliya Premer-ligasi yangi mavsumini o‘zbekistonlik muxlislar har qancha intiqlik bilan kutishmasin, eng tomoshabop liga bu yil ham ochiq telekanallarda ko‘rsatilmaydi.

«Angliya Premer-ligasini O‘zbekistonda namoyish qilish huquqi bu yil ham «Setanta Spors»da. Ular APL translatsiyasi huquqini bir necha yilga sotib olgan va hech kimga sotmayapti.

Foto: Tribuna.uz

Ishoning, biz ham faqat zo‘rini ko‘rsatamiz degan harakatdamiz, lekin ijtimoiy, ya’ni to‘lovsiz ko‘riladigan telekanal uchun bu juda qiyin. Shunga qaramay, imkon qadar harakat qilyapmiz», - deya so‘zini yakunladi «Sport» telekanali direktori.

Ma’lumot o‘rnida, ko‘pchilik muxlislar kutayotgan Angliya Premer-ligasi va Saudiya Arabistoni Pro ligasi yangi mavsum bahslarini O‘zbekistonda namoyish etish huquqini pulli telekanal sanalmish «Setanta Spors» qo‘lga kiritgan. APL bahslari telekanal rasmiy sayti va boshqa platformalar orqali namoyish etilsa, Saudiya chempionati Setantaspors pulli onlayn platformasida ko‘rsatiladi.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.

Mavzuga oid