Misrdan gepatitga qarshi dorilarning navbatdagi turkumi O‘zbekistonga yuborildi
Misr hukumati tomonidan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan S gepatitiga qarshi dori vositalarining navbatdagi turkumini mamlakatga yuborishga kelishildi.
Qohiradagi elchixona tomonidan ma’lum qilinishicha, kuni kecha Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan ajratilgan insonparvarlik ko‘magining o‘n uchinchi turkumini Sharm-al-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi. Jami 80 dona qutida 1280 ta dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
Misr V va S gepatiti viruslariga qarshi kurashda dunyo miqyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Misr sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ etilgan bo‘lib, Misr olimlari tomonidan yaratilgan maxsus diagnostika apparatlari va ularning tajribasini ham o‘zbek mutaxassislari bilan o‘rtoqlashishga tayyor.
Mamlakat diplomatiya vakolatxonasi xabariga ko‘ra, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi 5-8 sentabr kunlari Qohirada o‘tkaziladigan “Aholi, salomatlik va rivojlanish bo‘yicha global kongress” ishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrullo Inoyatovning ishtirok etishini kutmoqda. Ushbu tashrif doirasida beg‘araz yordamni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish ham mo‘ljallanmoqda.
Mavzuga oid
17:46
Misrdan gepatitga qarshi dorining navbatdagi partiyasi olib kelindi
15:10 / 19.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning Al-Azhar majmuasiga qabul qilinishi tartibga solinadi
14:27 / 09.12.2024
Misr O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish korxonasini quradi
22:48 / 03.12.2024