Jahon | 18:36 / 15.08.2023
23360
4 daqiqa o‘qiladi

Toliblarning hokimiyatdagi ikkinchi yili: milliy davlatchilik sari mashaqqatli yo‘l 

«Tolibon» hokimiyatni saqlab qolishi uchun o‘zgarishga majbur. 

Foto: RBK

2021 yil 15 avgust kuni «Tolibon» harakati Afg‘onistonning Ashraf G‘ani boshchiligidagi hukumatini ag‘darib, mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgandi. 

Qo‘shni Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga toliblar kelganiga ikki yil bo‘ldi. Bu «Tolibon»ning ikkinchi versiyasidir. Ular 1996-2001 yillarda ham Afg‘onistonda hokimiyatni egallagandi. 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh boshchiligidagi NATO koalitsiyasi kuchlari Afg‘onistonga kirib, yigirma yil davomida toliblarga qarshi urush olib bordi. 

Bu urush toliblarni ham, AQSh koalitsiya kuchlarini ham mislsiz darajada toliqtirdi. Lekin partizanlik urushida qoidaga ko‘ra, alaloqibat mahalliy kuchlar yutib chiqadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. AQSh mamlakatdan chiqib ketdi. Ekspertlar Afg‘onistonni «katta imperiyalar qabristoni» deb nomlashadi. Chindan ham Britaniya imperiyasi, sobiq SSSR va endi AQSh ham ushbu davlatda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni bajara olmasdan chiqib ketishga majbur bo‘lishgan. 

Hokimiyatga qaytgan toliblar davlatchilik va milliy chegaralar daxlsizligi borasida ko‘pchilikning xavotirlariga ters o‘laroq konservativroq, yopiqroq, vazminroq chiqdi. Ular hokimiyatga kelib, bu safar biror qo‘shni davlatga tahdid qilmadi. Qiyoslash uchun, 1996-2001 yillarda hokimiyatda bo‘lgan toliblar bir necha marta qo‘shni davlatlarga og‘zaki tahdidlar qilgandi. Yigirma yillik harbiy harakatlar toliblarni yo‘q qila olmadi, lekin ularning tafakkurini o‘zgartirdi. Bugungi toliblar uchun tajovuzkor mafkura emas, pragmatik manfaat – ya’ni Afg‘oniston hokimiyati va uni ushlab turish muhim ekani ma’lum bo‘ldi. 

Toliblar ikki yil oldin hokimiyatga kelib, Afg‘oniston hududidagi ko‘plab jangari guruhlarga «Biz hokimiyatga keldik, o‘yin qoidasi o‘zgardi. Bundan keyin qo‘shni davlatlarga tahdid va hujum qilmaysiz. Nima ish qilsangiz ham faqat bizdan so‘raysiz va ruxsat bersakkina qilasiz», deya shart qo‘ydi. Bu esa toliblar hokimiyatga kelishida yordam bergan jangari guruhlar uchun yoqimsiz xabar edi. 

2022 yil yozida «Al-Qoida»ning Usama bin Lodindan keyingi rahbari Ayman az-Zavahiriy Kobulda AQSh amaliyoti natijasida yo‘q qilinishidan keyin Afg‘onistondagi ko‘plab jangari guruhlar «Tolibon» hokimiyatga kelib, barcha jangari guruhlardan qutulmoqchi» degan xulosaga kelishdi. 

Ikki yil ichida toliblar Afg‘onistonda milliy davlatchilik psixologiyasini joriy qilish taraddudida ekani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni toliblar uchun milliy chegara va milliy davlatchilik – rioya qilinishi kerak bo‘lgan qoida sifatida ko‘rilmoqda. Bu qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun ham yaxshi yangilik. Endigi vazifa – toliblarning ichki siyosat borasidagi ashaddiy konservatizm tafakkurini transformatsiya qilish hisoblanadi. 

Eng tetiklashtiruvchi, mas’uliyat hissini oshiruvchi omil bu – hokimiyatni ushlab turish vazifasi hisoblanadi. Afg‘onistonda barqarorlikni, iqtisodiy farovonlikni ta’minlash uchun toliblar o‘ta konservativ va ashaddiy millatchilik ruhiyatidan mo‘’tadil siyosiy kuchga aylanib borishga majbur. Tarixda ko‘plab yangi kuchlar hokimiyatga kelganda ancha tajovuzkor va mafkuralashgan edi. Lekin yillar o‘tib ular mo‘’tadillashishga majbur bo‘lishgan. 

Toliblar oldida ham ichki siyosatda uzoq muddatli mo‘’tadillashuvga yo‘l turibdi. Bu oson bo‘lmaydi. Ichki ziddiyatlar va qarama-qarshiliklar ko‘p bo‘ladi. Lekin ularda boshqa chora yo‘q. 

Kamoliddin Rabbimov

Mavzuga oid