Jahon | 10:37 / 16.08.2023
30759
11 daqiqa o‘qiladi

«Bizning dardimiz juda og‘ir». Dunyo yetakchilari «Tolibon» bilan muloqot boshlashi kerakmi?

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga «Tolibon» kelganiga ikki yil bo‘ldi, biroq dunyoning hech bir davlati ularning hukumatini rasman tan olgani yo‘q.

Foto: NAVA JAMSHIDI/BBC

Hatto «Tolibon» bilan muloqot o‘rnatishga urinishlar ham bahsli masala bo‘lib qolmoqda. Ba’zilarning fikricha, agar «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatilsa, bu o‘zgarishlarga erishishga yordam beradi. Boshqalarning ta’kidlashicha esa, ular hech qachon o‘zgarmaydi va ular bilan gaplashishdan ma’no yo‘q.

Butun dunyo Afg‘onistonning yangi hukumati bilan qanday munosabatda bo‘lishni hal qilar ekan, siyosiy kurashda ayollar huquqlari birinchi o‘ringa chiqqan: mamlakatda hatto go‘zallik salonlari ham yopilgan.

Kosmetolog Sakina pardalari mahkam tortilgan, xira yoritilgan xonada o‘tiradi. Uning yonida lab qalamlari va yaltiroq palitralar bor. Sakina nega unga o‘xshagan ayollar siyosiy savdolar predmeti bo‘lgani haqida gapirgan.

«Tolibon» ayollarga bosim o‘tkazmoqda, chunki ular bu orqali xalqaro hamjamiyatni o‘z hokimiyatini tan olishga majburlamoqchi», deydi u Kobuldagi yangi maxfiy salonida.

Ikki hafta oldin hukumat mamlakatdagi barcha ayollar go‘zallik salonlarini yopish to‘g‘risida buyruq berganidan so‘ng Sakina yashirincha ishlashga o‘tishga majbur bo‘ldi. Ushbu farmon Afg‘onistondagi ayol va qizlar hayoti va erkinligiga nisbatan cheksiz ko‘ringan yangi cheklovlarning oxirgisi bo‘ldi.

Sakina «Tolibon»ga qanday yondashuv ish berishi mumkinligini bilmaydi.

«Agar dunyo «Tolibon»ni qonuniy hukumat deb tan olsa, ular yoki bizga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashi yoki aksincha, uni yanada kuchaytirishi mumkin», deydi u ushbu qiyin dilemmaning barcha munozaralariga xos bo‘lgan noaniqlik va xavotir bilan.

«Tolibon» Afg‘onistondagi ayollar huquqlari kabi masalalar xalqaro hamjamiyatga taalluqli bo‘lmagan mamlakatning mutlaq ichki ishi ekanini ta’kidlaydi.

«Faqat shu masalaning o‘ziga e’tibor qaratish, bu shunchaki bahona», degan «Tolibon» vakili Zabihulla Mujohid.

Mujohid BBC nashri savollariga harakatning oliy rahbari Haybatulloh Oxunzoda istiqomat qiladigan Qandahor shahridan turib javob bergan.

Mujohidning da’vo qilishicha, amaldagi hukumat allaqachon tan olinishi kerak edi.

«Biz alohida sohalarda muvaffaqiyatga erishdik va bu masalani ham hal qilamiz», deya ishontirgan u.

Qanday muloqot olib borish lozim?

«Tolibon» bilan muloqot qilish yoki qilmaslik haqidagi dilemma butun dunyo bo‘ylab Afg‘oniston kelajagi haqida qayg‘uradigan ko‘plab insonlar guruhlari uchun asosiy to‘siq bo‘lmoqda.

Ular orasida 2021 yil 15 avgustda, «Tolibon» ikkinchi marta hokimiyat tepasiga kelganida, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan g‘azabga to‘la va hali ham o‘ziga kelmagan afg‘on diasporasi bor.

«Gaplashmang», deyish oson. Ammo gapirmasangiz, unda buning o‘rniga nima qilish kerak?» deb so‘raydi Fotima Gayloniy. U «Tolibon» hokimiyatni qo‘lga kiritguniga qadar ular bilan muzokara olib borishga uringan Afg‘oniston jamoasidagi to‘rt ayoldan biri.

Oxirgi hukumat qulagandan so‘ng, Fotima sahna ortidagi aloqa o‘rnatish uchun urinishlarda ishtirok etgan.

«Bizga yana bir urush kerak emas», deydi u, hozirgi rejimni kuch bilan ag‘darish umidida bo‘lgan sobiq harbiy rahbarlarning izohlariga ishora qilib.

Afg‘onistonda qashshoqlik chuqurlashib borarkan, Kobulda yanada ko‘proq oilalar tekin oziq-ovqatga ehtiyoj sezadi
Foto: NAVA JAMSHIDI/BBC

Diasporaning boshqa vakillari esa, aksincha, «Tolibon»ga yanada ko‘proq bosim o‘tkazishga, xususan, qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilish va chegaralarni kesib o‘tishni taqiqlash orqali ularni yakkalab qo‘yishga chaqirmoqda.

«Muloqotdan nima ma’no?» deydi ayollar boshchiligidagi, quvg‘indagi Zan Times nashri bosh muharriri va asoschisi Zahra Nodir.

«Ular kim ekani va qanday jamiyat qurmoqchiligini ko‘rsatdi», deya qo‘shimcha qiladi u.

Muloqot o‘rnatishga urinayotgan diplomatlar «Tolibon» bilan aloqa qilish uni qonuniy hukumat sifatida tan olishni anglatmasligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, ular bu borada hali sezilarli yutuqlarga erishilmaganini qayd etgan.

«Tolibon»ning keksaygan ultra-konservator oliy rahbari tomonidan chiqarilayotgan eng ekstremal farmonlar bilan bog‘liq norozilik belgilari (harakatning yuqori martabali rahbarlari orasida ham bu sezilarli) ularga zaif umid berishda davom etmoqda.

«Agar biz yechim topish qobiliyatini ko‘rsatmasak va muloqot qilishni xohlagan afg‘onlarni suhbatga jalb qilmasak, biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy beramiz va aholining katta qismini qamoqda saqlamoqchi bo‘lganlarga to‘liq harakat erkinligini beramiz», deydi o‘rta darajadagi «Tolibon» vakillari bilan so‘nggi uchrashuvlarda qatnashgan g‘arblik diplomat.

«Qattiq ishonchsizlik va hatto nafrat»

Manbalar tarkidunyochi Oxunzoda yaqinda Qatar bosh vaziri Muhammad ibn Abdulrahmon Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazganiga ishora qilmoqda. Bu «Tolibon» oliy rahbarining xorijlik rasmiy shaxs bilan birinchi uchrashuvi bo‘ldi.

Ularning suhbati mazmunidan xabardor diplomatlarning aytishicha, munozaralar ta’lim va ayollar huquqlari masalasida tomonlarning qarashlarida katta tafovut borligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, tomonlar asta-sekin bo‘lsa-da, umumiy til topish imkoniyatlarini ko‘rsatdi, deya qo‘shimcha qiladi diplomatlar.

«Tomonlar o‘rtasida qattiq ishonchsizlik va hatto nafrat bor. Ular yillar davomida bir-biri bilan jang qildi. «Tolibon» G‘arb hali ham uning xalqini axloqiy jihatdan buzmoqchi deb o‘ylaydi, G‘arb esa «Tolibon»ning ayollar huquqlariga oid siyosati va avtoritar boshqaruv uslubini yoqtirmaydi», — deydi Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan «Afg‘oniston bo‘yicha tahlilchilar tarmog‘i» mustaqil tadqiqot tashkiloti vakili Keyt Klark.

Uning qayd etishicha, tomonlar o‘rtasida qarashlarda keskin farq bor: «G‘arb «Tolibon» hukumatini tan olish masalasiga yon berish sifatida qarashi mumkin, «Tolibon» esa buni o‘z huquqi deb biladi: ular qudratli AQShni mag‘lub etib, ikkinchi marta hokimiyatga qaytganidan keyin Alloh tomonidan ularga mamlakatni boshqarish huquqi berilgan deya hisoblaydi.

Toliblar Afg‘onistondagi do‘konlar egalariga ayol manekenlarning bosh qismini olib tashlashni buyurgan
Foto: NAVA JAMSHIDI/BBC

Tashqi kuchlar o‘z tanqidlarini taraqqiyotni, xususan, mamlakat daromadlarini oshirgan korrupsiyaga qarshi kurashni maqtash bilan muvozanatlashtirmoqda. Bundan tashqari, xorijliklar «Tolibon»ning IShID guruhlari tomonidan keluvchi xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha ba’zi sa’y-harakatlarini qayd etmoqda.

G‘arb mamlakatlari musulmon davlatlari va diniy ulamolari ularning barchasi uchun umumiy xavf bo‘lgan islomni ekstremistik talqin qilish masalalarida «Tolibon»ga ta’sir o‘tkaza olishiga umid qilmoqda.

Ammo shu bilan birga, taktika qat’iylashuvi kuzatilmoqda.

Hatto BMT ham endilikda «gender aparteid» haqida gapirmoqda. «Tolibon» ayollar ustidan nazoratni shu qadar kuchaytirganki, ularga jamoat xiyobonlari, ayollar sport zallari va go‘zallik salonlariga borishni taqiqlagan.

Ayni paytda BMTda insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun «Tolibon»ga nisbatan sud ishini ishlab chiqish choralari ko‘rilmoqda.

Afg‘onlar uchun oqibatlar

Jahon hamjamiyati qarama-qarshi signallarni yuborayotgani hamda G‘arb va Afg‘onistonning mintaqadagi qo‘shnilari o‘rtasida vaqti-vaqti bilan kelishmovchiliklar sodir bo‘layotganiga qaramay, dunyoda ba’zi «qizil chiziqlar», jumladan, tuzumni tan olish masalasida kamdan kam birlik kuzatilmoqda.

Hatto Rossiya va Xitoy ham bu yerda qolganlardan farq qilmaydi.

Vaziyatning umidsizligi oddiy afg‘onlar uchun dahshatli oqibatlarga olib keladi.

BMTning so‘nggi hisobotida ularning insonparvarlik xayriya mablag‘lari donorlar kamayib borayotgani sababli 2023 yil iyul oyi oxiriga kelib faqatgina to‘rtdan bir qismga moliyalashtirilgani qalin harflar bilan ta’kidlangan. Borgan sari ko‘proq afg‘onlar och holda uyquga ketmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on oilalarining qariyb 84 foizi hozirda faqat oziq-ovqat sotib olish pul oladi.

Mamlakatda IShID kabi boshqa radikal guruhlar ta’siri kuchayib borayotganidan ham xavotirlar mavjud.

Ammo «Tolibon» hukumati rang-barang kartinani chizmoqda. Rasmiy tan olinmaganiga qaramay, uning vakillari — an’anaviy salla va yaktaklarda — ko‘plab poytaxtlardagi uchrashuvlarda qatnashib, dunyodagi eng ko‘p parvoz qiluvchi yo‘lovchilar qatoriga kirdi.

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy deyarli har kuni Kobulda delegatsiyalarni to‘liq protokol bo‘yicha, jumladan, bayroqlar bilan va hashamatli zallarda rasmiy suratlarga tushib, qabul qilyapti.

Kobulda Yevropa Ittifoqining kichik ofisi va Yaponiya vakolatxonasidan boshqa barcha G‘arb elchixonalari yopiqligicha qolmoqda. Hozirda Qatarda joylashgan diplomatlar vaziyatga qandaydir ta’sir o‘tkazishni xohlasa, Kobulga ko‘chib o‘tishi kerakligi yoki yo‘qligi borasida bahslar davom etmoqda.

Dunyoning hech bir poytaxtida ushbu 40 yillik bu urushning yana bir qonli sahifasini ochishga xohish yo‘q.

Ular o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramay «Tolibon» yetakchilari uchun asosiy maqsad hamma narsadan ustun bo‘lgan birlik bo‘lib qolmoqda.

Tez va oson yechimlar yo‘q.

«Men butun ruhim bilan aytishim mumkin bo‘lgan yagona narsa shuki, biz haqiqatan ham azob chekmoqdamiz», deydi kosmetolog Sakina.

«Bu yerda yashamaydiganlar buni tushunmasligi mumkin, ammo bizning dardimiz juda og‘ir», deya qo‘shimcha qiladi u.

Mavzuga oid