Sport | 07:35 / 16.08.2023
18970
2 daqiqa o‘qiladi

«Inter Mayami» yirik g‘alaba evaziga Ligalar kubogi finaliga chiqdi, Messi 9-golini 30 metrdan kiritdi

Ligalar kubogi birinchi yarimfinali doirasida «Inter Mayami» safarda «Filadelfiya Yunion» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonib, finalga yo‘llanma oldi. 

Foto: Getty Images

Uchrashuvning 3-daqiqasida Martines hisobni ochgan bo‘lsa, 20-daqiqada Messi chamasi 30 metrlardan raqib darvozasini ishg‘ol etishga erishdi – 2:0. Lionel ketma-ket 6-o‘yinida o‘z hisobiga 9-golini yozib qo‘yib, «Inter Mayami» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 3-o‘ringa ko‘tarildi.

Birinchi bo‘lim yakunida esa Jordi Alba yangi jamoasidagi debyut golini o‘z uslubida kiritib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi – 3:0.

Raqiblardan Bedoyya farqni qisqartirgan bo‘lsa, David Ruis 84-daqiqada o‘yinga nuqta qo‘ydi – 4:1. Shu kuni Messi va Buskets to‘liq o‘ynadi, Alba 87-daqiqada almashtirildi.

Shu tariqa, «Inter Mayami» o‘tgan mavsum finalchisini yirik hisobda mag‘lub etdi va endi  o‘z tarixidagi birinchi sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. Ikkinchi finalchi «Monterrey» – «Neshvill» o‘yinidan keyin ma’lum bo‘ladi. Final hafta oxirida bo‘lib o‘tadi.

Ligalar kubogi. Yarimfinal.
16 avgust (chorshanba)
«Filadelfiya Yunion» – «Inter Mayami» – 1:4

Gollar: Bedoyya 73 – Xosef Martines 3, Messi 20, Alba 45+3, David Ruis 84.

Mavzuga oid