O‘zbekiston | 12:18 / 16.08.2023
6254
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqaroligini olish istagidagi nomzodlar uchun yangi xizmat tashkil etildi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 592-son qarorga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

O‘zgartirishlar bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan fuqarolikni olishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun imtihondan o‘tish uchun arizani davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali topshirish imkoni yaratilmoqda.

Endilikda hududiy davlat tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha hududiy imtihon komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan nomzodlar apellyatsiya berishlari mumkin.

Apellyatsiya davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali imtihon natijalari e’lon qilingan paytdan boshlab 5 kun ichida beriladi.

Ushbu holatda imtihon natijalari e’lon qilingan paytdan boshlab 10 kun ichida apellyatsiya imtihoni o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

  • apellyatsiyani qanoatlantirishda rad etish;
  • dastlabki imtihon natijalarini o‘zgartirib, apellyatsiyani qanoatlantirish;
  • dastlabki imtihon natijalarini bekor qilib takroriy imtihon tayinlash.

Apellyatsiya komissiyasining qarori yuzasidan sudga shikoyat topshirish mumkin.

Mavzuga oid