O‘zbekiston | 16:55 / 16.08.2023
13058
5 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kubgacha Rossiya gazini tranzit qilishi mumkin

Qozog‘iston hukumati 1,5 mlrd kubdan 10 mlrd kubgacha hajmdagi Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilishni muhokama qilyapti. Bu hajm yanada oshirilishi mumkin. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston 2 yil davomida yiliga 2 mlrd 800 mln kub metr gaz import qiladi.

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston Rossiyadan O‘zbekistonga 1,5 mlrd kubdan 10 mlrd kub metrgacha tabiiy gaz yetkazib berishni muhokama qilyapti. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev so‘zlariga tayanib “TASS” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Qozog‘iston rasmiysi hajm yanada oshirilishi mumkinligini aytgan.

“Hozir biz 1,5 dan 10 mlrd kub metrgacha tranzit hajmni muhokama qilyapmiz. O‘zbekiston energetika tizimi va Rossiyaning gazni kerakli hajmda eksport qilish uchun tayyorligiga qarab [ta’minot hajmini] yanada oshirish mumkin bo‘ladi”, degan Satkaliyev.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladi.

“Qozog‘iston bu tranzitdan qo‘shimcha daromad oladi. Biz gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ichki bozorga gaz yetkazib berish “Qozoqgaz” uchun foydasiz, shuning uchun bundan qo‘shimcha daromad bo‘lib, tranzit “Qozoqgaz”ga bosimni kamaytiradi va ta’mirlash, investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun nisbatan barqaror daromad manbayi bo‘ladi”, - deydi u.

Rossiya bilan gaz bo‘yicha yo‘l xaritasi

2022 yilning oxirida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida o‘ziga xos uch tomonlama ittifoqini tashkil etish, shu jumladan, gaz sohasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi kun tartibiga chiqdi. Bu boradagi taklifni RF prezidentni Vladimir Putin ilgari surgan.

Lekin O‘zbekiston, Rossiyadan gaz xarid qilinadigan bo‘lsa, bu ittifoq tarzidagi kelishuv asosida emas, oldi-sotdi shartnomasi shaklida bo‘lishini bildirgan.

2023 yil yanvar oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Kelishuvda joriy yil mart oyidan boshlab “O‘rta Osiyo – Markaz” quvuri orqali reversiv tartibda Rossiyadan O‘zbekistonga bozor narxida gaz yetkazib berishni boshlash uchun zarur texnik choralar ko‘zda tutilgan edi. Rossiya kompaniyasi shunga o‘xshash shartnomani deyarli bir vaqtda Qozog‘iston bilan ham imzolagan.

OAVga sizdirilgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya tomoni gaz ittifoqi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘istonning gaz uzatish tarmoqlari egaligini qo‘lga olmoqchi bo‘lgan, lekin har ikki mamlakat buni rad etgan.

May oyi oxirida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin uch mamlakat gaz ittifoqi loyihasining parametrlarini ishlab chiqayotganini aytgandi.

30 may kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” raisi Aleksey Miller uchrashuvida RFdan O‘zbekistonga gaz yetkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

16 iyun kuni Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

19 iyunda O‘zbekiston energetika vazirligi Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tafsilotlarini ma’lum qildi. Gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma “UzGastrade” AJ va “Gazprom eksport” MChJ o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, shartnoma doirasida joriy yilning 1 oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallangan. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi. Gaz importi 2023 yilning 1 oktyabridan boshlanadi.

Ammo shartnomaning narx qismi ochiqlanmadi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiyaga gaz uchun qancha to‘lashini ochiqlay olmasligi, lekin narxni belgilashda milliy manfaatlardan kelib chiqilganini ma’lum qildi.

Iyul oyida Qozog‘istonning “Qozoqgaz” kompaniyasi 2023 yil oktabr oyidan boshlab “Markaziy Osiyo – Markaz” quvuri orqali Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berildi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston bilan “uchtomonlama gaz ittifoqini” tuzish bo‘yicha rasmiy taklif olmagani, hamkorlik ikki tomonlama formatda olib borilayotganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid