Sport | 12:12 / 17.08.2023
33948
10 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» - Yevropa Superkubogi g‘olibi

«Manchester Siti» Yevropani zabt etishda davom etmoqda - UYeFA Superkubogi uchun o‘yinda «Sevilya» taslim etildi. Mavsumning ilk yevrokubogi Angliyaga olib ketildi.

Foto: AFP

UYeFA Superkubogi
Manchester Siti — Sevilya 1:1

Penaltilar seriyasi — 5:4.
16 avgust, Pirey, «Georgios Karaiskakis»
Gollar: Palmer (63) — An-Nosiriy (25). 
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Akanji, Gvardiol, Ake, Kovachich, Grilish, Rodri, Foden, Palmer (Alvares, 85), Holand.
Sevilya – Bunu, Navas (Montiel, 83), Bade, Gudel, Akunya, Rakitich, Lamela (Suso, 90+3), Okampos, Torres (Sanches, 74), Jordan, An-Nosiriy (Mir, 90+3). 
Ogohlantirishlar: Bade (33), Lamela (62), Sanches (90).

Turli vazn toifasidagi raqiblar

«Sevilya» uchun UYeFA Superkubogi uchun o‘yinlar — deyarli odatga aylangan. Yevropa Ligasining yetti karra g‘olibi ushbu bir o‘yindan iborat turnirda shuncha bor qatnashgan, ammo sovrinni faqat bir marta — 2006 yilda qo‘lga kiritgan.

«Manchester Siti» uchun Yevropa Superkubogi — yangilik, tarixiy voqea, shuningdek o‘z oltin kolleksiyasini yangi titul bilan to‘ldirish imkoniyati.

Paradoksdek ko‘rinadi, ammo shunday tajribaga egaligiga qaramay ispanlar jamoasi final o‘yinida favorit hisoblanmaydi. Turnirda debyutant qilgan tumanli albion vakili esa, ko‘plab prognozlarga ko‘ra, raqibini oson mag‘lub etishi kerak edi. Va gap «Siti» 2022/23 yillar mavsumi yakunlariga ko‘ra sovrinlar bo‘yicha het-trik qayd etgan (YeChL, APL, milliy kubok) va kuchli hujumchi Holandga ega bo‘lgan qudratli jamoa ekanida ham emas. Gap andalusiyaliklar juda yomon o‘tgan mavsumda ham Yevropa Ligasida g‘olib bo‘la olganida edi.

Bununing yorqin o‘yini va An-Nosiriyning goli

«Sevilya» la ligada 12-o‘rinni egalladi va afsonaviy sport direktori Monchi bilan xayrlashib, tarkibini ham kuchaytirmayapti. Mart oyida vaqtincha murabbiy sifatida tayinlangan, ammo kutilmaganda Yevropa miqyosidagi ikkinchi darajali kubokni qo‘lga kiritib, doimiy asosda bosh murabbiyga aylangan Xose Luis Mendilibar esa qolgan. Jamoada moliyaviy muammolar yuzaga kelgan — iyun oyida Marca nashri klub istalgan futbolchi bilan xayrlashishga bilan xayrlashishga tayyorligini xabar qilgandi.

Shu bilan birga, futbolchilar klubni yoppasiga tark etmayapti, faqat jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Andalusiyadan ketishi oydinlashmoqda — asosiy darvozabon, JCh-2022 qahramoni Yassin Bunu «Al-Hilol»ga o‘tishi hal bo‘lgan. Va katta ehtimol bilan Superkubok o‘yini marokashlik darvozabon uchun «Sevilya» futbolkasidagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qoldi— u bu o‘yinni shu qadar jonbozlik bilan o‘tkazgani ham bejiz emas.

Bunu anchadan buyon fotograflar uchun sevimli darvozabon hisoblanadi — u nafaqat qutqaradi, balki buni effekt bilan amalga oshiradi. Ammo bu yerda «qutqarish» muhim so‘z — Bunu ilk daqiqalardanoq «Manchester Siti» futbolchilarining zarbalaridan keyin «Sevilya»ni qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Palmer, Ake va Grilish debyutdayoq darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar yo‘llashdi, ammo marokashlik o‘z joyida edi.

«Siti» kutilganidek ko‘p vaqt davomida to‘pni o‘zida ushlab turdi, ammo kutilmaganda hisobni favorit bo‘lmagan jamoa ochdi. Bunu darvozasi oldidan boshlangan tezkor hujum davomida Akunya (unga esa andalusiyaliklarning sobiq ustozi Unai Emeri boshqaruvidagi «Aston Villa» xaridor) chap qanotdan klassik pas uzatdi, An-Nosiriy esa o‘z ishini bajardi — himoyachilar ortida ochildi va barchadan baland sakradi.

Gvardiolaning g‘oyalari

«Sevilya» oddiy harakat qildi: raqib to‘pga egalik qilganida 4-4-2 sxemasi bo‘yicha saflandi, o‘zi to‘pni egallaganida maksimal tezlik bilan to‘pni hujum chizig‘iga yetkazdi, bir so‘z bilan aytganda vertikal o‘yin. Bunday taktikani azaldan britancha futbol deb nomlashadi, faqat Angliyaning shu uslubda o‘ynaydigan o‘rtacha jamoasiga qaraganda ispanlar tarkibidagi ijrochilarning mahorati yuqoriroq. Andalusiyaliklar golni shunday jamoalarga xos tarzda — to‘pni qanotdan bo‘yi baland markaziy forvardga uzatib berish orqali urganidan kelib chiqilsa, bunday o‘xshatish mutlaqo o‘rinli.

«Siti» esa odatdagi kabi oldindan aytib bo‘lmaydigan tarzda harakatlandi. O‘yindan oldin Mendilibar raqib tarkibidagi muammolar haqidagi savolga kulgi bilan javob bergandi: «Ular darvozabon va himoyachilarning o‘ziga 500 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflashgan. «Siti» yo‘qotishlardan noliydi deb o‘ylamayman». Ammo umuman olganda Pepda tarkib bilan bog‘liq muammolar chindan ham bor: De Bryuyne bir necha oyga safdan chiqqan, shu tufayli murabbiy endi asosiy yetakchi futbolchisisiz qanday o‘ynash haqida o‘ylashi kerak.

«Sevilya» bilan o‘yinda Kevinning maydondagi vazifalarining asosiy qismini Foden o‘z zimmasiga oldi, u belgiyalikning pozitsiyasida maydonga chiqdi. Ammo bu safar u qadar o‘xshamadi: unga chiziqlar oralatib kesib o‘tuvchi paslar yetishmadi, umuman olganda kreativlik nuqtayi nazaridan bu o‘yin «Siti» me’yorlari bo‘yicha ancha kuchsiz edi. Ayniqsa dastlabki bir soatda.

Boshqa o‘zgarishlar esa himoyaga taalluqli: «shaharliklar»ning yangi futbolchisi Gvardiol boshlang‘ich tarkibdagi debyutida o‘ziga xos bo‘lmagan chap qanot himoyachisi pozitsiyasida tushdi, to‘pga egalik qilingan holatlarda tayanch zonasiga Akanji chiqdi — bu ham syurpriz bo‘ldi.

Yangi yulduz

«Siti» o‘tkazib yuborilgan goldan keyin ham faolligini pasaytirmadi, ammo «Sevilya» futbolchilari tartib bilan harakatlandi va raqibga hujumda imkon bermadi. Ammo, hayratlanarlisi, Gvardiola tanaffusda birorta o‘zgarish amalga oshirmadi, lekin himoya chizig‘ini oldinroqqa chiqardi. Bu orqali «Siti» to‘p yo‘qotilganda uni imkon qadar tezroq qaytarib olishni ko‘zlagandi.

Ammo ispanlar bundan ham foydalanishdi. 50-daqiqadayoq «Sevilya» xavfli hujum uyushtirishdi, faqat An-Nosiriyning zarbasini Ederson bartaraf etdi. Keyinroq Okampos ham xavfli zarba yo‘lladi, «Siti» darvozaboni yana bir vaziyatda marokashlik forvard bilan yakkama-yakka vaziyatda qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Ammo bu vaqtga kelib hisob 1:1 ko‘rinishini olgandi.

«Siti»da yangi yulduz yetishib chiqmoqda: 21 yoshli yarimhimoyachi Koul Palmer. Angliya milliy jamoasi havbeki Angliya Superkubogi uchun bahsda ham «Arsenal» darvozasiga gol urgandi, bu o‘yinda ham o‘zini ko‘rsatdi. Rodri darvozabon hududiga pas yetkazib berganida ushbu yigitcha APLning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purari Holandga baqirib, to‘pni unga qoldirishni so‘rashga jazm eta oldi. Hatto Riyoz Mahrez ijtimoiy tarmoqlarda Koulni bosh bilan yo‘llagan bu aniq zarbasi uchun olqishladi — Palmer aynan jazoirlik futbolchining pozitsiyasini egallagan.

Gudelning hal qiluvchi xato zarbasi

Ikkinchi 45 daqiqalik oxirida Chempionlar ligasi g‘oliblari «Sevilya»ning ko‘zini ochirishmadi: An-Nosiriy yuqorida eslangan golli vaziyatni yo‘qqa chiqarganidan keyin Gvardiola jamoasi ispanlarning jarima maydonini ishg‘ol etishdi. Oxirgi 25 daqiqada yo‘llangan zarbalar statistikasi barchasini aniq ifodalaydi: 11:0. Bu oraliqda Bunu o‘z saviyasini namoyish etishiga to‘g‘ri keldi.

Ammo shu kuni Ederson ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi: agar uning An-Nosiriyning zarbalaridan keyingi seyvlari bo‘lmaganida, «shaharliklar» penaltilar seriyasigacha yetib bora olmasligi mumkin edi. Shuning uchun darvozabonlar dueli final bezagiga aylandi.

Ammo «Sevilya» va «Manchester Siti» darvozabonlari birorta zarbani to‘sa olishmadi — barcha futbolchilar 11 metrlik zarbani a’lo darajada ijro etishdi. Ammo ispanlarning beshinchi bo‘lib nuqtaga yaqinlashgan havbeki Gudelning oyoqlari qaltiradi: serbiyalik futbolchining zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘siniga bordi. Uning xatosidan keyin «Siti» futbolchilari bayramni nishonlashga kirishdi — endi ularning sovrinlar xonasida UYeFA Superkubogi ham bor.

Mavzuga oid