Jahon | 15:54 / 18.08.2023
9224
3 daqiqa o‘qiladi

«Kichik xotirjamlik» - Oregonda 43 kishiga mo‘ljallangan shunday kichik posyolka bor (foto)

Shtatning Uoldport shahrida 43 kishiga mo‘ljallangan posyolkada yog‘ochdan qurilgan kichik uylarda oyiga 650–750 dollar evaziga ijaraga yashash mumkin.

Sohil bo‘yida joylashgan Tiny Tranquility («Kichik xotirjamlik») nomli posyolkaga 2018 yilda asos solingan. Undagi g‘ildirakli yog‘och uylarda 43 kishi istiqomat qilib kelmoqda.

«Kichik xotirjamlik» keng doiradagi qulayliklari hamda umumiy foydalanish hududlarining mavjudligi bilan odamlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.

Posyolka sohilga yaqin joylashgan. Aholi uy uchun emas, balki 220-370 m2 yer maydoni uchun 650–750 dollar atrofida ijara haqi to‘laydi.

Bu yerda suv, elektr, kanalizatsiyaga ulanish hamda Wi-Fi bepul taqdim etiladi.

Bunday uylarda yashashning minimal muddati — 1 oy. Uzoqroq muddat yashashni tanlaganlar uchun ijara haqi sezilarli darajada arzonlaydi.

1115 m2 issiqxona hududida jamoat bog‘i, velosiped uchun tokchalar hamda omborxona uchun joy ham bor.

Bundan tashqari, bir nechta jamoat binolari mavjud. Jumladan, bepul kir yuvish xonasi, o‘yinxonaga ega klub xizmat ko‘rsatadi.

Aholi avtomobillarini uy yaqinida bepul parkovka qilishlari mumkin. Qishloq ayni damda ijarachilar bilan to‘lgan bo‘lsa-da, uylarning egasi Josh Palmer yana bir shunday loyihani amalga oshirish niyati borligini bildirgan.

«Men ikkinchi shunday parkni barpo etish bo‘yicha o‘yladim, biroq hozir aniq rejalar yo‘q. Biroq bir nechta obektni ko‘zdan kechirdim. Agar bunday loyihalar chindan ham to‘g‘ri amalga oshirilsa, ularga talab albatta bo‘ladi», – deydi Palmer. 

Yagona emas

Tiny Tranquility – Amerikadagi bunday tipda bunyod etilgan yagona posyolka emas. 

Masalan, Ostin shahridan uncha uzoq bo‘lmagan hududda 328 ta kichik uylardan iborat qishloq mavjud. Avval uysiz bo‘lganlar shu qishloqdan qo‘nim topgan, ular barcha mebellar bilan jihozlangan bu uylarda yashash uchun oyiga 225 dollar ijara haqi to‘lashadi.

Taniqli san’atkor Jon Bon Jovi, Ford va General Motors kompaniyalarining xayriyalari yordamida Detroyt shahrida kam daromadli oilalar uchun 25 ta kichik uy qurib berilgan.

Mavzuga oid