Jahon | 08:03 / 18.08.2023
11246
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Milliy gvardiyasi: «Azov» frontda vazifalar bajarishga qayta kirishdi

«Azov» maxsus kuchlari brigadasi Lisichansk shimoli-g‘arbida «jangovar topshiriqlarni bajara boshladi», deb xabar qildi Ukraina Milliy gvardiyasi vakili.

Foto: frontnews

«Azov» maxsus kuchlari brigadasi qayta tiklandi va «Luhansk viloyatidagi Lisichanskdan shimoli-g‘arbdagi Serebryanskiy o‘rmon hududida jangovar topshiriqlarni bajara boshladi». Bu haqda 17 avgust, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Ukraina Milliy gvardiyasi bosh boshqarmasi Rejalashtirish departamenti direktori vazifasini bajaruvchi Nikolay Urshalovich ma’lum qildi. Uning so‘zlari «Operativniy ZSU» Telegram-kanali tomonidan keltirildi.

Urshalovichning so‘zlariga ko‘ra, «Azov» harbiylari «o‘z hududini ushlab, dushmanga kuch va texnikasi bilan talafotlar yetkazmoqda». 

Shu tariqa, 15 avgust kuni brigada artilleriyachilari o‘rmon xo‘jaligi hududida RF QKning minomyot ekipaji va muhandislik mashinasini yo‘q qildi.

«Azov» harbiylarining Turkiyadan qaytishi

Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Oleksandr Pivnenko 31 iyul kuni Turkiyadan Ukrainaga qaytgan «Azov» askarlari yana jangovar harakatlarda qatnashishini aytdi.

Ukrainalik harbiylar Denis Prokopenko, Svyatoslav Palamar, Sergey Volinskiy, Oleg Xomenko va Denis Shlega 8 iyul kuni davolanishda bo‘lgan Turkiyadan qaytib keldi. Bu haqda Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ma’lum qildi. U o‘z Telegram’ida jangchilarni Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy kutib olgani, shundan so‘ng ular Ukraina prezidenti samolyotida Turkiyadan birga uchib ketgani tasvirlangan videoni e’lon qildi.

Kreml qaytishni «mavjud kelishuvlar shartlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzish» deb hisobladi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov voqeaga shunday munosabat bildirdi. 

Mavzuga oid