Iqtisodiyot | 18:03 / 19.08.2023
43776
10 daqiqa o‘qiladi

“Inomarkalar”ga oid yangilik, Prezidentdan biznesga yengilliklar va avtomobil bozorida ko‘tarilish – Iqtisodiy taymlayn

Yakunlanayotgan haftada prezident tadbirkorlar bilan uchrashdi: soliqchilar keskin tanqid qilindi, soliq ma’murchiligi isloh qilinadigan bo‘ldi. Davlat tashqi qarziga oid ma’lumotlar ochiqlandi. Yangi import avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar sotishiga oid talab bekor bo‘ldi. Hafta iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

Prezident tadbirkorlar bilan uchrashdi

18 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

“Soliqchilar tadbirkorlarni ko‘p qiynayapti” – dedi davlat rahbari biznes vakillari bilan uchrashuvda.

Prezident soliq organlarini jiddiy tanqid qildi. Xususan, soliq uzilish koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti bekor qilinishini eshitgan tadbirkorlar bu yangilikni qarsaklar bilan qarshi olishdi.

Ularning bu xursandchiligini prezident mana bunday izohladi: 

“Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Sening tizimingga baho bu. Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar, xalqqa, tadbirkorga yordam bermayapsizlar, to‘siq bo‘lyapsizlar. Mana, tax gap degan balo bularni qanday qiynayapti, katta korrupsiyaga sabab bo‘layotgani uchun tikka turib qarsak chalyapti”.

Shunday qilib 1 oktyabrdan “Tax Gap” tizimi bekor qilinadigan bo‘ldi.

Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.

Bunda, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

·        barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;

·        ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;

·        qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

“Tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi. Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi”, – dedi prezident.

Yana bir yangilik, «Qishloq qurilish bank» «Biznesni rivojlantirish banki»ga aylantiriladigan bo‘ldi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi

Va nihoyat 2022 yilning yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi qarziga oid ma’lumotlar e’lon qilindi.

Shunday qilib, 2022 yilda davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga oshib, 29,2 mlrd dollarga yetgan. Shundan tashqi qarz – 25,9 mlrd dollar, ichki qarz esa – 3,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

O‘zbekiston nomidan umumiy qiymati 4 mlrd 486 mln dollar miqdoridagi 23 ta tashqi qarz bitimi imzolangan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning tushuntirishicha, davlat qarzi o‘sishining eng katta qismi budjetni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga to‘g‘ri kelgan. Bu yo‘nalishdagi qarz qoldig‘i 2,7 mlrd dollarga ko‘paygan yoki 2022 yilda jamg‘arilgan davlat qarzining 93 foizi budjetni to‘ldirish uchun yo‘naltirilgan.

Sohalar bo‘yicha esa 3 mlrd dollar qarz elektroenergetika va 2,84 mlrd dollari energetika sanoatiga jalb qilingan. Bular budjetdan keyingi o‘rinlarda qarz eng ko‘p yo‘naltirilgan sohalardir.

Davlat tashqi qarzining 2,54 mlrd dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 2,51 mlrd dollari transport infratuzilmasiga, 2,3 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 36,4 foizga pasaygan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 39 foizni tashkil etgan. “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi kerak.

Qarzning asosiy qismi, ya’ni 75,7 foiz AQSh dollarida olingan.

2022 yil budjeti: muhim ma’lumotlar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2022 yilgi budjet ijrosi yuzasidan ma’lumotlarni ochiqladi.

Unda TOP-10 yirik soliq to‘lovchilar ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “O‘zbekneftgaz” eng ko‘p soliq to‘lagan korxonalar ro‘yxatini boshqarmoqda. O‘tgan yilda davlat budjetining soliq tushumlarida yirik soliq to‘lovchilarning ulushi 33,1 foizni tashkil qilgan.

Relizdagi ahamiyatli jihatlardan yana biri 2022 yildagi budjet taqchilligiga oid. Ma’lum bo‘lishicha, budjet taqchilligining 47 foizi xalqaro moliya institutlaridan olingan qarz evaziga qoplangan.

O‘tgan yili budjet taqchilligi belgilangan me’yordan oshib, 4 foizni tashkil qildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqchillik oshib ketishini ijtimoiy soha, iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy va ishlab-chiqarish infratuzilmasiga investitsiya xarajatlarining oshishi bilan izohladi.

2022 yilda imtiyozlar tufayli oltin va misdan budjetga tushumlar kamaydi. Gap 2022 yildan yer qa’ridan foydalanganlik uchun oltindan tortib gazgacha soliq stavkalari keskin pasaytirilgani haqida ketyapti. Bu imtiyoz sabab yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 12,2 foizga kamaydi.

2021 yilda foyda solig‘ining 67 foizi oltin va mis qazib oluvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022 yilda ularning ulushi 46 foizga tushib ketdi. Bu oltin va mis qazib oluvchilarning budjetga hissasi keskin kamayganini anglatadi.

“Inomarka”lar bo‘yicha yangilik

Hukumat qarori bilan, yangi import avtomobillar faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishiga oid talab bekor qilindi.

Bu nimani anglatishini tushuntirishga harakat qilamiz. Bunga qadar amalda bo‘lib kelgan tartibga ko‘ra, xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni faqatgina ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega yuridik shaxsgina O‘zbekistonga olib kirishi va sotishi mumkin edi.

Masalan, “Toyota” kompaniyasi bilan dilerlik shartnomasiga ega bo‘lmagan firma bu brenddagi yangi avtomobillarni O‘zbekistonga sotish maqsadida olib kira olmagan, olib kirsa ham uni sotish huquqi bo‘lmagan.

Bu bozordan xabardor shaxslarning aytishicha, firmalar bu tartibni aylanib o‘tish uchun yangi mashinalarni bojxonada “bir yil yurgan eski mashina” deb rasmiylashtirishgan va olib kirib sotishgan.

Yangi mashinani olib kirish uchun dilerlik shartnomasidan tashqari muvofiqlik sertifikatini ham olish talab qilinardi. Shu sababli yangi mashina olib kelishdan hech kimda manfaat bo‘lmagan.

Bundan bu yog‘iga istalgan yuridik shaxs yangi mashinani to‘siqsiz olib kirib sota oladi. Aytish kerakki, bu norma faqat yuridik shaxslarga tegishli.

 

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan muhim iqtisodiy yangiliklarga qisqacha to‘xtalamiz:

·       AI-92 benzini sezilarli darajada qimmatlashdi. “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-92 benzini narxi 8600 so‘mdan 9200 so‘mga oshirildi. Bu mart oyidan buyon amal qilib kelgan chegirma bekor qilingani bilan bog‘liq.

·       Toshkentdan 700 km uzoqlikda Qozog‘istondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi mumkin. AES uchun Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i hududi tanlangan.

·       Iyun oyidagi keskin pasayishdan so‘ng avtomobil bozori yana ko‘tarildi. Tahlillarga ko‘ra, iyul oyi davomida sotuvlar 17 foizga oshdi va eng katta o‘sish yengil elektr transport vositalari segmentida 28,9 foizga qayd etildi.

·       Qozog‘iston hukumati 1,5 mlrd kubdan 10 mlrd kubgacha hajmdagi Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilishni muhokama qilyapti. Bu hajm yanada oshirilishi mumkin. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston 2 yil davomida yiliga 2 mlrd 800 mln kub metr gaz import qiladi.

·       UzAuto Motors 2024 yildan boshlab avtomobillarni 3 oy ichida yetkazib berishni va’da qildi. Kompaniya avgust oyida puli oldindan to‘langan avtomobillar yil yakunigacha o‘z egalariga topshirilishini aytdi.

 

Madina Ochilova tayyorladi.

Operator – Mirvohid Mirrahimov.

Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

 

Mavzuga oid