Jahon | 11:41 / 20.08.2023
25592
13 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi osti yonayotgan shahar: ko‘mir koni ustida joylashgan Sentreyliya qanday vayron bo‘ldi?

1962 yilda AQShdagi Sentreyliya shahrida o‘t o‘chiruvchilar qabriston yonida joylashgan chiqindixonani tozalash uchun yoqib yuborishadi. Ular shahar ostida ko‘mir qatlami borligini bilishmasdi. Chiqindixonadagi olov tufayli avvaliga shahar chetidagi tashlandiq ko‘mir konlari yonadi. Keyin cho‘g‘ shahar ostiga o‘tadi. O‘shandan buyon shahar osti yonib, atrofga tutun tarqalmoqda. Yer yorilib, cho‘kib tushmoqda. Odamlar esa allaqachon shaharni tark etib bo‘lishgan.

Foto: Kun.uz

Dunyo turli g‘aroyibotlarga to‘la. Ana shunday g‘aroyib ishlardan biri tasodifan AQShning Pensilvaniya shtatida joylashgan Sentreyliya shahrida sodir bo‘lgan.

Bundan 61 yil avval, 1962 yilda mazkur shahar kengashi besh nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilarga shahar chetidagi chiqindixonani tozalashni topshiradi. O‘t o‘chiruvchilar oson yo‘lni tanlashadi va chiqindixonani yoqib yuborishadi.

O‘sha paytda ular bu ishlari kelajakda Sentreyliyada yashovchilarning hayotiga xavf tug‘dirishi va odamlar ko‘chib ketib, shahar vayronaga aylanishi haqida o‘ylashmagan ham.

O‘sha paytda o‘t o‘chiruvchilar Sentreyliya atrofida ko‘mir borligini bilishar, biroq kon shahar ostigacha cho‘zilib ketganini bilishmasdi. Tez orada chiqindixonada yoqilgan olov shahar ostida joylashgan ko‘mir qatlamiga o‘tadi va u yona boshlaydi.

Sentreyliya bo‘ylab ko‘mir tutuni tarqay boshlaganda odamlar uni shahar chetidagi chiqindixonadan kelyapti deb o‘ylashadi. Ular shahar osti ham yona boshlaganini bilishmaydi.

Oradan qariyb 20 yil o‘tgandan so‘ng shahardagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi egasi tasodif tufayli yer osti yonayotganini sezib qoladi. Shundan so‘ng bu yerning aholisi yoppasiga ko‘chib keta boshlaydi va shahar huvillab qoladi.

Shu tariqa shahar vayronaga aylanadi. Hozirda Sentreyliyaning juda ko‘p joylarida yer yorilgan yoki cho‘kkan. O‘sha joylardan doimiy tutun chiqib turadi va shaharda sanoqli odam qolganini aytmaganda hech kim yashamaydi.

Sentreyliya shahri ko‘chalaridan biri 1980-yillarda va hozir
www.documentingreality.com

Shahar tarixi

1841 yilda Sentreyliya shahri joylashgan hudud atrofida ilk ko‘mir konlari topilgan. Ko‘p o‘tmay ishchilarga qatnab ishlash mashaqqat tug‘dirgani uchun bu yerda aholi punkti tiklashga qaror qilingan.

1854 yilda Aleksandr V. Ria va Locust Mountain Coal and Iron Company kompaniyasi muhandisi kelib, yangitdan quriladigan aholi maskanining rejasini chiza boshlaydi.

Ko‘p o‘tmay bu yerga odamlar ko‘chib kelishadi va aholi punkti shakllanadi. 1865 yilda aholi punktiga Sentreyliya deb nom beriladi. Oradan bir yil o‘tib, 1866 yilda unga shahar maqomi beriladi. Aleksandr V. Ria shahar asoschisi sifatida tarixda qoladi.

Mazkur shaharga ko‘chib kelganlarning aksariyati Sharqiy Yevropadan ko‘chib kelgan muhojirlar edi. Sentreyliya ovloq joyda ekani va odamlar mehnat bilan band bo‘lgani uchun shaharda turli otishmalar sodir bo‘lmas, hindular ham hujum qilmasdi. Shahar aholisi osoyishta hayot kechirardi.

Avvaliga ko‘mirni qo‘lda, keyin esa sanoat usulida qazib olish boshlanadi. Shaharda atrofida ko‘mirni qayta ishlash korxonalari quriladi.

Xaritada Sentreyliya joylashgan hudud qizil nuqta bilan ko‘rsatilgan.

Shahar yaqiniga ikkita «Philadelphia and Reading» va «The Lehigh Valley» temiryo‘l tarmoqlari tortib kelinadi. Shahar atrofidan qazib olinayotgan ko‘mir asosan «The Lehigh Valley» temiryo‘l liniyasidan tashib ketilardi.

1929-1932 yillarda AQShda sodir bo‘lgan moliyaviy inqiroz davrida ko‘plab konlar yopiladi, ish o‘rinlari qisqaradi. Biroq Sentreyliya aholisi shaharni tashlab ketmaydi va shu yerda yashashda davom etadi.

Ishsiz qolgan ko‘pchilik erkaklar yopib ketilgan konlaridan noqonuniy tarzda ko‘mir qazib olib, oilasini shu tarzda boqishga majbur bo‘ladi.

Iqtisodiy inqiroz davri tugagandan so‘ng shahar yaqinidagi ko‘mir konlari qayta ochiladi. Sentreyliya aholisi ko‘mir tayyorlovchi korxonalarga qaytadi va shahar yana avvaligiday rivojlana boshlaydi.

1950 yillarda Sentreyliyada beshta mehmonxona, ikkita teatr, yettita cherkov, bank, pochta bo‘limi, o‘n beshga yaqin turli savdo do‘konlari ishlardi.

1960-yillargacha Sentreyliya shahri shu tarzda taraqqiy etib keladi. Biroq 1962 yilda bir hodisa tufayli shahardagi vaziyat orqaga qarab ketadi. Odamlar bu yerdan ko‘chib keta boshlaydi va keyinchalik shahar kimsasiz joyga aylanadi.

Sentreyliya ko‘chalari, 1960-yillar.
gigazine.net

Shaharliklarni zaharlagan shubhali tutun

1962 yil 28 may kuni AQShda xotira kuni nishonlanishi kerak edi. Sentreyliya shahar kengashi xotira kunigacha bu yerda tozalash ishlarini olib borishga qaror qiladi.

Kengash xotira kunida asosiy tadbirlar o‘tkaziladigan qabriston yaqinidagi tashlandiq ko‘mir konda joylashgan shahar chiqindixonasini tozalash uchun besh nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchini yollaydi.

O‘t o‘chiruvchilar chiqindi uyumlarini ko‘mishga erinib, ularni yoqib yuboradi. So‘ng ular yonib bitgach olovni o‘chirishadi. Biroq chiqindixonadagi cho‘g‘ oxirigacha o‘chmay qoladi.

Oqibatda, avvaliga chiqindixonadagi tashlandiq ko‘mir koni, keyinroq atrofdagi boshqa qarovsiz konlar yonib tutay boshlaydi.

Senteyliyadagi yong‘in shahar yaqinidagi tashlandiq ko‘mir konining yonib ketishidan boshlangan.
www.porjati.net

Boshqa versiyaga ko‘ra, shahar chiqindixonasini o‘t o‘chiruvchilar yoqmagan. Chiqindixonaga kimdir o‘chirilmagan sigaret qoldig‘ini tashlaydi va chiqindilar yonib ketadi.

Shahar uzra ko‘mir tutuni tarqalar ekan, tashlandiq konlardagi cho‘g‘ni o‘chirishga urinishadi, biroq buning iloji bo‘lmaydi. Aksincha, cho‘g‘ yanada kengroq hududlarga tarqalaveradi.

Shu tariqa cho‘g‘ shahar ostidagi konlargacha yetib boradi. Biroq shahar ahli buni sezmaydi va ko‘mir tutuni tashlandiq konlardan kelyapti deb o‘ylab, odatdagiday yashashda davom etaveradi.

Vaqt o‘tishi bilan ko‘mir yonganda ajralib chiqadigan uglerod oksidi atrofga ko‘proq tarqala boshlaydi va odamlar sog‘liklari yomonlashayotganidan shikoyat qila boshlashadi.

Uch-to‘rt yilda shahar atrofidagi ko‘plab konlarda havo ifloslangani uchun ishlab bo‘lmay qoladi va ular birin-ketin yopiladi. 1966 yilda shahar yaqinigacha tortilgan temiryo‘llar ham o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Sentreyliya aholisi ko‘mir tutunidan turli kasalliklarga chalinsa-da, shahar osti yonayotganini sezmayotgan odamlar u yerda yashashda davom etadi. Vaziyat qanchalik jiddiy ekanini shahar aholisi 1979 yilda biladi.

Sentreyliya yaqinidagi yonayotgan ko‘mir koni
www.newscientist.com

Sentreyliyaliklarni vahimaga solgan hodisa

1979 yilda shahardagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi egasi yoqilg‘i qancha qolganini aniqlash maqsadida yer ostida joylashgan sig‘imga o‘lchagich uskuna qo‘yadi.

Kunlarning birida «zapravka»chi uskunani sig‘imdan chiqarib olganida u qizib ketgandi. AYoQSh egasi sig‘imdagi yoqilg‘ini tekshirib ko‘rganda undagi harorat +78 daraja issiqni ko‘rsatar edi.

Shunda u AYoQSh joylashgan hududda yer osti yonayotganini biladi va darhol shoxobchani yopadi. Aks holda sig‘imdagi yoqilg‘i istalgan paytda portlashi mumkin edi.

AYoQShdagi hodisa tufayli odamlar Sentreyliya ko‘mir koni ustiga qurilganini, tashlandiq konlardagi cho‘g‘ shahar ostiga ham yetib kelganini bilishadi.

Shundan so‘ng aholi vahimaga tushadi va ayrimlar shahardan ko‘chib keta boshlaydi. Boshqalar yashashda davom etadi.

Sentreyliyadagi tashlab ketilgan uylar, 1990-yillar
article.wn.com

Shahar aholisini ko‘chirish

1981 yilda shaharda shov-shuvli voqealardan biri sodir bo‘ladi. 12 yoshli Todd Domboski buvisinikiga borganda to‘satdan hovlida kengligi 1,2, chuqurligi 45 metr bo‘lgan yoriq paydo bo‘ladi.

Bola yiqilayotib daraxt ildizini ushlab qolishga muvaffaq bo‘ladi va chuqurning tepa qismiga ilinib qoladi. O‘sha paytda Toddning yonida bo‘lgan akasi uni qutqarib qoladi.

Todd bilan sodir bo‘lgan voqea shaharda juda katta shov-shuv keltirib chiqaradi. Zudlik bilan shahar meri, senator, politsiya bo‘limi boshlig‘i va boshqa mutasaddilar yoriqni kelib ko‘rishadi.

Ular vaziyat jiddiyligini ko‘rishadi va shtat ma’muriyatiga vaziyat haqida xabar berishadi.

Ko‘p o‘tmay shaharga turli OAV vakillari keladi va Toddan intervyu olishadi. Shahardagi vaziyat haqida reportajlar tayyorlashadi. Ular orasida The New York Times nashri muxbirlari ham bor edi.

Nufuzli gazetada Todd bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida maqola e’lon qilingach, butun mamlakat Sentreyliya shahri va uning atrofida sodir bo‘layotgan hodisadan xabar topadi.

Shundan so‘ng AQSh hukumati Sentreyliya shahridagi vaziyatga jiddiy e’tibor qaratadi va odamlarni boshqa joylarga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqa boshlaydi.

1984 yilda Kongress Sentreyliya shahrida yashovchilarni ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rish va tashkillashtirish uchun 42 million dollardan ortiq mablag‘ ajratadi.

Ko‘pchilik hukumatning boshqa joyga ko‘chish haqidagi taklifini qabul qiladi va Sentreyliya shahriga yaqin bo‘lgan Maunt-Karmel va Eshland shaharchalariga ko‘chib o‘tadi. Hukumat vakillarining ogohlantirishlariga qaramay bir necha nafar odam Sentreyliyada qolishga qaror qiladi.

1992 yilda Pensilvaniya shtati hukumati Sentreyliyadagi barcha binolarni foydalanishga yaroqsiz deb topadi va ularni buzib tashlashga ruxsat so‘raydi. Aholining sud orqali muammoga yechim izlashga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

2002 yilda AQSh pochta xizmati shaharning 17927 raqamli pochta indeksini bekor qiladi.

Sentreyliya bugun

Sentreyliyada qariyb 40 yildan buyon sanoqli odamni aytmaganda hech kim yashamaydi. Shahardagi binolarning aksariyati qarovsiz qolib, vayronaga aylangan.

Shaharning katta qismi chakalakzorlar bilan qoplangan. Hatto yo‘llarning yorilgan joylaridan o‘tlar o‘sib chiqib, o‘tloq ustidan asfalt yo‘l tortganday bo‘lib turibdi.

Hozirda Sentreyliyaning turli burchaklarida ogohlantirish belgilari o‘rnatilgan. Ularda shahar osti yonayotgani va undan inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan ugar gazi ajralib chiqayotgani va oyoq osti cho‘kishi mumkinligi yozilgan.

Shahar ichida juda ko‘p joyda, shuningdek, Pensilvaniya 61-trassasi (bu yo‘l 1990 yilda yopilgan) va uning yoqasida joylashgan qabristonda yoriqlar paydo bo‘lgan va ulardan doimiy ravishda tutun chiqib turadi.

Bugun shahar va uning atrofida yer osti yonishda davom etmoqda va yildan yil boshqa hududlarni ham qamrab olmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra hozir Sentreyliya shahri va uning atrofida 160 gektar yerning osti yonmoqda. Shu zaylda bu joyda yer osti 250-300 yil yonib turadi.

Vaziyat hozirgiday davom etaversa yer ostidagi cho‘g‘ noma’lum nuqtagacha harakatlanib ketaveradi. Hukumat yer ostida yonayotgan hudud kattaligi uchun bu yerda olovni o‘chirishning mutlaqo iloji yo‘q deb hisoblamoqda.

So‘nggi yillarda Sentreyliya shahriga sayyohlar tashrif buyurib, bu yerdagi vaziyatni tomosha qilishmoqda. Ularga shaharda qolgan kishilar xizmat ko‘rsatadi.

Sentreyliyaga kelgan sayyohlar
vokrugsveta.ua

Shuningdek, shahar ilmiy-ommabop yo‘nalishlarda hujjatli film oluvchilarning doimiy maskaniga aylangan. Bundan tashqari, Sentreyliya shahrida turli tabiiy ofatlar haqida hikoya qiluvchi badiiy filmlar uchun kadrlar tasvirga olinmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid