O‘zbekiston | 11:15 / 22.08.2023
7873
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik fotosuratchilar Wiki Loves Earth tanlovida ikkinchi bo‘ldi

6 nafar muallifning tabiat manzaralari tasvirlangan 12 ta fotosurati tanlovning xalqaro bosqichiga chiqdi.

Foto: Marat Nadjibaev

O‘zbekistonlik fotosuratchilar Wiki Loves Earth fotosuratlar tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Tanlov har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Wikimedia fondi va uning mahalliy filiallari ko‘magida o‘tkaziladi.

Tanlovning maqsadi tabiiy meros obektlarining (qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, qo‘riqxonalar, buyurtma qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar va boshqalar) noyob tasvirlarini yaratishdan iborat. Ushbu tanlov tufayli jahonning millionlab kishilari sayyoramizning o‘simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy landshaftlarning go‘zalligi va xilma-xilligi, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi muammolar va yutuqlar haqida yangi bilimlarga ega bo‘lishadi.

O‘zbekiston ushbu tanlovda birinchi marta ishtirok etdi. 15 maydan 15 iyungacha 69 nafar ishtirokchi tanlovga 3282 ta fotosurat taqdim etdi. Ulardan 6 nafar muallifning 12 ta fotosurati tanlovning xalqaro bosqichiga taqdim etish uchun munosib deb topildi. G‘oliblar: Marat Najiboyev, Arina Pan, Ivan Kondyukov, Marat Mustafin, Yaroslav Galiyev, Humoyun Mehridinov.

Tanlovda barcha ishtirokchi davlatlar orasida taqdim etilgan fotosuratlar soni bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid