O‘zbekiston | 16:54 / 23.08.2023
11343
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh imom-xatiblar uchun malaka oshirish kurslari boshlandi

Buxorodagi Mir Arab madrasasida davom etayotgan kurslarda 200 dan ortiq imom-xatiblarga diniy-ma’rifiy ishlarni jadallashtirish, yot g‘oyalarga qarshi targ‘ibotlarni tashkil etish, dolzarb masalalarga raddiya berish hamda munozara odoblari o‘rgatilmoqda.

Foto: Musulmonlar idorasi matbuot xizmati

Musulmonlar idorasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekistondagi barcha viloyatlar hamda tuman-shahar bosh imom-xatiblar qatnashmoqda. 22 avgust kuni boshlangan ilk malaka oshirish mashg‘ulotlarda prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudovlar ham ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, malaka oshirish o‘quvlaridan maqsad diniy-ma’rifiy ishlarni yanada jadallashtirish, yoshlarni har tomonlama yetuk shaxs sifatida tarbiyalash, ularni yot g‘oyalar ta’siridan saqlashga qaratilgan targ‘ibotlarni keng ko‘lamda tashkil etish hamda bosh imom-xatiblarning faoliyatlarini samarali olib borish ekani qayd etilgan.

Shuningdek, seminarlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov imomlarga dolzarb masalalarga raddiya berish metodologiyasi, munozara odoblari va yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish mavzularida dars mashg‘ulotlarini olib bormoqda.

Mavzuga oid