Sport | 18:35 / 23.08.2023
39700
12 daqiqa o‘qiladi

Ronalduga yana bir sherik va Mbappening yakuniy qarori. So‘nggi transfer xabarlari

Serxio Ramos Turkiyadan taklifni rad etdi, «PSJ» yana bir hujumchi transferini hal qildi.

Mbappe «PSJ»ni tekinga tark etmaydi

Kilian Mbappe kutilmaganda «PSJ» bilan yarashib oldi. The Times xabariga ko‘ra, 24 yoshli forvard va klub og‘zaki kelishuvga erishgan, unga ko‘ra fransuz futbolchisi yoki shartnomasini yana bir yilga uzaytiradi (uning hozirgi shartnomasida shunday opsiya bor), yoki Parijdan faqat pul evaziga ketishi uchun yanada uzoq muddatli shartnoma tuzadi.

Agar bu ikki holat ham bo‘lmasa, futbolchi joriy mavsum oxirida sodiqlik uchun 100 million yevro miqdoridagi bonusdan quruq qoladi.

Nashrning qayd etishicha, 24 yoshli hujumchi «PSJ» prezidenti Nosir Al-Hilayfiyga yangi bosh murabbiy Luis Enrike qo‘l ostida chin dildan ishlashga tayyorligi, shuningdek Parij klubiga Chempionlar ligasi g‘olibligini olib berishni maqsad qilganini aytgan.

Jurnalist Bruno Salomon esa futbolchi «PSJ»ning «Lans»ga qarshi 26 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinidan keyin o‘z kelajagi bo‘yicha yakuniy qarorini ma’lum qiladi.

Ronaldu uchun yana bir top-jamoadosh

«An-Nasr» yana bir top darajadagi futbolchini sotib oldi. «Portu» yarimhimoyachisi Otavio ham Saudiya klubiga keldi. Transfer qiymati 60 mln yevroni tashkil etgan, qo‘shimcha bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Tomonlar 2026 yil iyun oyi oxiriga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolagan. Otavio 7 yildan buyon «Portu» safida to‘p surib kelayotgandi. O‘tgan mavsumda u barcha turnirlar doirasida 44 o‘yinda qatnashib, yetti gol urgan va to‘qqiz golga uzatma bergan.

«Roma» Lukakuni kutmoqda

The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, Romelu Lukaku hozirda «Chelsi»ning yoshlar jamoasida shug‘ullanmoqda. Bu orqali ko‘klar jamoasi shtabi ushbu 30 yoshli forvard yangi mavsum uchun rejalardan o‘rin olmagani va uni yozgi transferlar oynasi yopilgunicha sotish maqsad qilinganini bildirishmoqda. Unga qiziqayotgan klub ham bor — TMW xabariga ko‘ra, shu kunlarda Rimdan Londonga delegatsiya uchib kelgan.

Tuttomercatoweb manbasi aniqlik kiritishicha, «Roma» klubi bosh direktori Lina Suluku 22 avgust kuni Londonga kelgan, uning maqsadi Romelu Lukakuni ijaraga olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish. Rimliklarni faqat ijara varianti qiziqtirmoqda, shunda ham uning maoshining faqat bir qismini to‘lashga rozi. «Chelsi» mutlaqo keraksiz bo‘lib qolgan belgiyalik hujumchi uchun bunday shartlarga rozi bo‘ladimi, buni kuzgacha bilib olamiz.

Agar Fabritsio Romanoga ishonilsa, «Roma»da «Atalanta»dan Duvan Sapatani xarid qilish varianti ham bor. Bu transfer bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda ekani aytilmoqda. Transfer qiymati — 10 mln yevro va bonuslardan iborat bo‘lishi mumkin. 32 yoshli kolumbiyalik hujumchining o‘ziga qanday shartnoma taklif etilayotgani hozircha noma’lum.

Ma’lumot uchun, «Roma»ning asosiy hujumchilari Temmi Abraham va Paulo Dibala jarohat tufayli o‘ynay olmayapti. Abraham A Seriyaning o‘tgan mavsumining oxirgi turida xochsimon paylarini shikastlab olgandi va noyabrdan oldin maydonga qayta olmaydi. Dibala ham o‘zini yaxshi his qilmayapti va mavsum startini o‘tkazib yubormoqda.

«Manchester Siti»da yana bir belgiyalik bo‘ladi

Lukas Paketaning transferida muvaffaqiyatsizlikka uchragan «Siti» tezda e’tiborini yangi nishonga qaratdi. Fabritsio Romanoning tasdiqlashicha, klub «Renn» vakillari bilan og‘zaki kelishuvga erishgan va Jyeremi Dokuni 60 mln yevroga xarid qilishga yaqin, bu mablag‘ bir necha transh orqali o‘tkazib beriladi.

Belgiya milliy jamoasi a’zosi bo‘lgan 21 yoshli vingerning o‘zi esa avgust oyi boshidayoq inglizlar klubiga o‘tishga rozilik bergan va yaqin vaqtlar ichida u tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Shaharliklar uni shu yozda «Al-Ahli»ga o‘tib ketgan Riyoz Mahrezning o‘rniga olishmoqchi.

«Beshiktosh» afsonaviy himoyachi bilan kelisha olmadi

Serxio Ramos hozircha faoliyatini yakunlash uchun klub tanlamoqda. «Beshiktosh» rasmiy saytida klub ispaniyalik futbolchi bilan muzokaralar o‘tkazgani, ammo tomonlar maosh miqdori bo‘yicha kelisha olmagani xabar qilindi. Avvalroq «Beshiktosh» vitse-prezidenti Emre Xo‘jadog‘ 37 yoshli ispaniyalik yiliga kamida 10 mln yevro miqdorida maosh olishni istayotganini aytgandi. Ammo Serxioda faoliyatini Turkiya ligasida davom ettirish imkoniyati saqlanib qolmoqda. Istanbulning «Galatasaroy» klubi ham uning xizmatlariga qiziqish bildirgan.

«Yuve» afsonasi Bundesligaga yo‘l oladimi?

Fabritsio Romanoning xabar berishicha, «Yuventus» himoyachisi Leonardo Bonuchchi Berlinning «Union» klubi safiga qo‘shilishi mumkin. Tomonlar o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda, 36 yoshli italiyalikning o‘zi kuchini yangi chempionatda sinab ko‘rishga qarshi emas. Avvalroq «Yuventus» ham Bonuchchini sotishga qarshi emasligi xabar qilingandi. Leonardo turinliklar safida 502 o‘yin o‘tkazgan, u faoliyatining 12 yilini ushbu klubga bag‘ishlagan.

«Union» esa yangi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Berlinliklar bundan avvalroq ham A Seriyadan futbolchi olgandi, «Inter»ning germaniyalik himoyachisi Robin Gosens ushbu klubga kelib qo‘shilgandi.

«Messining tan soqchisi» Saudiya Arabistoni variantidan voz kechdi

Saudiyaning «Al-Ahli» klubi «Atletiko»ning argentinalik yarimhimoyachisi Rodrigo De Paulni transfer qilishni xohlagandi. Ammo 29 yoshli futbolchi jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone bilan suhbatdan keyin Madridda qolishga qaror qilgan. Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, «Al-Ahli» De Paul uchun 32 mln yevro taklif qilgandi. Avvalroq bu klub «Napoli»dan Petr Zelinskiyni transfer qilishda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Messining eng yaqin do‘stlaridan biri ham Yevropani tark etmoqchi emasligini bildirdi. Uning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil yoziga qadar tuzilgan.

«Milan» Argentinadan yangi himoyachi topdi

Italiya grandi yangi futbolchi olishda davom etmoqda. Yangi xarid – «Platense» himoyachisi Marko Pellegrino bo‘ldi, Janluka Di Marsio ma’lumotiga ko‘ra, «Milan» uning transferi uchun 5,5 mln yevro to‘lagan. Argentinalik futbolchi yangi klubi bilan besh yillik shartnoma tuzgan va 31-raqamli futbolkani olgan. Bu futbolchi shu vaqtga qadar muxlislarga tanish emasdi, shuning uchun uning Yevropaning nomdor klublaridan biriga o‘tishi kutilmagan hol bo‘ldi.

Feliks va «Barselona»

Bu yozda katalonlar klubiga muhabbat izhor etgan Joau Feliks yaqin vaqtlar ichida «blaugranlar» safida paydo bo‘lishi dargumon. Marca ma’lumotiga ko‘ra, Xavi jamoa hujum chizig‘i to‘ldirilgan deb hisoblaydi va Feliksni jamoaga olib kelishdan ma’no ko‘rmayapti. Ammo Ispaniyadagi boshqa manbalarga ko‘ra, 23 yoshli hujumchida «Barselona»ga o‘tish imkoniyati saqlanib qolmoqda: go‘yoki klub prezidenti Laporta ushbu portugaliyalik futbolchi transferiga shaxsan qiziqish bildirmoqda va uni transferlar oynasining so‘nggi kunida olib kelmoqchi.

«PSJ» Kolo-Muani bilan kelishuvga erishdi

Randal Kolo-Muani faoliyatini «PSJ»da davom ettirishga yaqin, deb yozadi RMC Sport. Parij klubi hujumchi uchun «Ayntraxt»ga bonuslar bilan 70 mln yevrolik taklif yubormoqchi. Qayd etilishicha, Liga 1 chempioni futbolchi bilan kelishib olgan. Endi klublar o‘rtasidagi transfer masalasi hal qilinishi kerak.

Biroq Frankfurt klubi o‘tgan yozda «Nant»dan tekinga qo‘shib olingan 24 yoshli fransuzni 80-90 mln yevrodan kamiga sotmoqchi emas. Avvalroq «PSJ» 65 mln yevrolik taklifga rad javobini olgandi.

Malumot uchun, Kolo-Muani yangi mavsumda Bundesliga 1-turidan o‘rin olgan «Darmshtadt»ga (1:0) qarshi bahsda g‘alaba goliga mualliflik qildi.

«Inter» va «Bavariya» Benjamen Pavar transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi

Fransiya milliy jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgan futbolchi anchadan buyon Myunxendan ketishga harakat qilmoqda. Va nihoyat u o‘z maqsadiga erishishga juda yaqin keldi. Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «Inter» uni 30 mln yevroga transfer qilish bo‘yicha «Bavariya» bilan kelishuvga erishgan, yana 2–3 mln yevro miqdorida bonuslar ko‘zda tutilgan. Nemislar klubi 27 yoshli himoyachiga o‘rinbosar topishi bilan bu transferga rozilik berishga tayyor.

«Atletiko» bir hafta oldin o‘ziga gol urgan hujumchini safiga qo‘shib oldi

19 yoshli Samuel Omorodion 14 avgust kuni, Ispaniya chempionatining 1-turida «Granada» safida «Atletiko» darvozasini ishg‘ol etgandi. Endi esa uning o‘zi Madrid jamoasi uchun o‘ynaydi. Klub futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan badal pulini to‘lagan va u bilan 2028 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolagan.

«Chelsi» Amerikadan darvozabon topdi

London klubi MLS chempionatida ishtirok etuvchi «Nyu-Inglend Revolyushn» klubi darvozaboni Jorjye Petrovichni safiga qo‘shi oldi. Kepa «Real»ga ijaraga berilgach, «Chelsi»da birgina tajribali darvozabon, shu yozda «Brayton»dan sotib olingan Sanches qolgandi, o‘tgan mavsumdagi asosiy darvozabon Eduar Mendi Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan. Petrovichning transferi londonliklarga 16 mln yevroga tushdi. Petrovichni o‘tgan mavsumda MLSda eng yaxshi ikkinchi darvozabon deb topishgandi. U shuningdek Serbiya milliy jamoasiga nomzod hisoblanadi.

«MYu» Onanaga o‘rinbosar topdimi?

Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, «Fenerbahche» darvozaboni Altay Bayindir «Manchester Yunayted»ga o‘tishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Ushbu futbolchi Afinadan Istanbulga qaytgan, keyin Angliyaga uchgan. «Fenerbahche» esa Bayindir o‘rniga xorvatiyalik Dominik Livakovichni olib keladi. U ham turklar klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda.

Mavzuga oid