Jahon | 16:02 / 23.08.2023
28797
9 daqiqa o‘qiladi

Tank ustidagi odamlar. 1991 yilda Oq uyda Yelsinning yonida bo‘lganlarning keyingi taqdiri qanday kechdi?

1991 yilning avgust oyida Moskvada Kommunistik partiyaning bir guruh qat’iy tarafdorlari tomonidan parchalanib borayotgan sovetlar ittifoqi ustidan nazorat o‘rnatish va «qayta qurish»ni to‘xtatish maqsadida davlat to‘ntarishiga urinish sodir etildi. Fitnachilar o‘zlarini SSSRdagi Favqulodda holat bo‘yicha davlat qo‘mitasi (GKChP) deb ataydi.

Foto: TASS

Rossiya parlamenti binosi – Oq uy yonida minglab odamlar davlat to‘ntarishiga qarshi namoyishga chiqdi. To‘ntarishga qarshilik harakatiga Rossiya prezidenti Boris Yelsin boshchilik qildi, u tank ustiga chiqib, armiyani zo‘ravonlik qilmaslikka, xalqni esa umumiy ish tashlashga chaqirgandi.

O‘sha kunlarda markaziy televideniyeda qayta-qayta ko‘rsatilgan «Oqqush ko‘li» baletidan tashqari, Yelsinning tank ustidagi fotosurati avgust oyi voqealarining ramziga aylanadi.

Ushbu mashhur fotosuratning boshqa ishtirokchilarining taqdiri qanday kechdi?

Aleksandr Korjakov

1990-yillarning nufuzli kishilaridan biri hozirda siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. U Eduard Uspenskiyning kitoblari asosida «Prostokvashino» deb ataluvchi Moskva yaqinidagi Molokovo qishlog‘ida yashaydi, kitoblar yozadi va hatto bir necha bor filmlarda rol ijro etgan.

1970 yildan boshlab Korjakov KGBning yuqori lavozimli partiya a’zolarini himoya qilish bo‘limida xizmat qilgan, ammo 1989 yilda «sog‘lig‘i va yoshi tufayli» nafaqaga yuborilgan. Korjakovning o‘zi buni Yelsinni qo‘llab-quvvatlagani bilan bog‘laydi, chunki u ishdan bo‘shatilgunga qadar bir necha yil davomida Yelsin bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan, shuningdek, «Yelsindan qo‘lingni tort» plakatini ko‘tarib, mitinglarga chiqqan.

Bir necha yil davomida u siyosatchining norasmiy qo‘riqchisi bo‘lib ishlagan va maoshini turli joylardan, qo‘riqchi yoki brigadir sifatida ro‘yxatdan o‘tgan manzillardan olgan.

1991 yil sentabr oyidan boshlab Korjakov besh yil davomida o‘zi yaratgan Prezident xavfsizlik xizmati (keyinchalik Federal qo‘riqlash xizmatiga aylantirilgan) rahbari bo‘lib ishlagan. Yelsin ma’muriyati xodimlarining eslashicha, aynan ularning do‘stligi tufayli ushbu boshqarma «ham moliyalashtirish, ham siyosiy jihatdan Kremlning ustuvor e’tiboriga sazovor bo‘lgan».

Ammo «kseroks qutisi» bilan bog‘liq voqeadan so‘ng u ishdan bo‘shatilgan. O‘shanda, 1996 yilda Yelsinning saylov kampaniyasi paytida Korjakovning tashabbusi bilan Yelsin shtabi boshlig‘i Anatoliy Chubays, Arkadiy Yestafev va Sergey Lisovskiy kseroks qutisidagi yarim million dollar naqd pul bilan ushlangandi. Korjakovning fikricha, ular butun mamlakat bo‘ylab saylov komissiyalari uchun ajratilgan pullarni talon-toroj qilgan. Shu bilan birga, ko‘pchilik uning iste’fosini prezident ma’muriyatidagi ichki kurashlar bilan bog‘laydi.

Korjakov 1997 yildan 2011 yil dekabrigacha Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasida ishlagan.

Viktor Zolotov

Bir paytlar Sankt-Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakning oddiy qo‘riqchisi bo‘lgan Zolotov hali ham Rossiya kuch tuzilmalari elitasida. U dastlab Ichki ishlar vazirligining Ichki qo‘shinlari bosh qo‘mondoni bo‘ldi, hozirda esa, 2016 yilda tashkil etilgan Milliy gvardiya direktori va bosh qo‘mondoni lavozimida faoliyat yuritmoqda. Rossiya Milliy gvardiyasi — Rossiya prezidenti boshchiligidagi qo‘shinlarning maxsus bo‘linmasi bo‘lib, hozir asosan ko‘cha noroziliklarini bostirish bilan shug‘ullanadi.

Zolotov o‘z faoliyatini 1970-yillarda, KGB chegara qo‘shinlarida boshlagan va shundan keyin u hukumatni himoya qilish bilan shug‘ullangan SSSR KGB 9-bo‘limida ishlagan. Bu bo‘limda Korjakov ham bor edi. Zolotov Vladimir Putin bilan Sobchak meriyasida ishlagan paytidayoq tanishgan, o‘shandan beri uni «Putinning odami» deb hisoblashadi.

Zolotov Rossiyaning amaldagi prezidenti va Ramzan Qodirovning yaqin do‘sti bo‘lib, 2000 yildan boshlab 13 yil davomida ham Federal qo‘riqlash xizmatini, ham Prezident xavfsizlik xizmatini boshqargan. Aynan uning tashabbusi bilan Putin otasi Axmat o‘ldirilgan kuni Kremlda Ramzan Qodirovni qabul qilgan.

Tahdidlar tufayli Tailandga ketgan rossiyalik jurnalist Dmitriy Zapolskiy bir nechta shov-shuvli qotilliklarni Milliy gvardiya rahbari nomi bilan bog‘laydi. Xususan, Londonda poloniy bilan zaharlangan sobiq KGB va FXX agenti Aleksandr Litvinenko, shuningdek, Baltic Escort xususiy qo‘riqlash kompaniyasining sobiq rahbari, nafaqat Anatoliy Sobchakning oilasi xavfsizligini ta’minlagan, balki yashirin qimor biznesi bilan shug‘ullangan va jinoiy doira hamda Rossiya rasmiylari o‘rtasida vositachi bo‘lgan Roman Sepov o‘ldirilishida Zolotovning qo‘li borligini ta’kidlaydi.

«Novaya gazeta» va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi ma’lumotlariga ko‘ra, Zolotov Rossiyada bir necha yuz million rubllik ko‘chmas mulkka ega bo‘lib, ularning barchasi Vladimir Putinga tegishli ko‘chmas mulklarga yaqin joylashgan.

Zolotovning o‘g‘li Roman 2014 yilda futbolkalarga «Topol sanksiyadan qo‘rqmaydi» va «Sanksiyalar? Iskandarlarimni kuldirma» degan yozuvlarni yozish bilan mashhur bo‘lgan «Za Sport» kompaniyasining direktorlar kengashi a’zosidir. 2017 yil fevral oyidan beri «Za Sport» rossiyalik olimpiyachilar uchun liboslar tikib keladi. «Novaya gazeta» nashri surishtiruvlariga ko‘ra, Zolotovning o‘g‘li va kuyovi Barxivda umumiy qiymati taxminan 1,5 milliard rubl bo‘lgan yer uchastkalariga egalik qiladi.

Zolotov Ukrainadagi urushdan oldin ham ko‘plab sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgandi, bosqindan so‘ng sanksiyalar ko‘paydi. U Navalniy bilan bir necha bor to‘qnashdi va uni duelga ham chaqirdi.

2018 yilda Milliy gvardiya qo‘shinlari uchun kiyim-kechaklarni oshirilgan narxlarda sotib olgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. O‘sha yilning oktyabr oyi boshida Zolotov rahbarligidagi tuzilmaning xaridlari Harbiy prokuratura tomonidan tekshirilishi ma’lum bo‘ldi. Bosh harbiy prokuror Valeriy Petrov tergovni shaxsan o‘z nazoratiga oldi.

Zolotov Ukrainaga bostirib kirishni qo‘llab-quvvatladi. Prigojin isyonidan so‘ng, «Vagner»ning harbiy texnikalarini Milliy gvardiyaga o‘tkazish ishlarini boshladi.

Maxsus xizmatlar tarixchisi Boris Volodarskiyning fikricha, Zolotov Putinning eng yaqin insonlari doirasiga kiradi.

Vyacheslav Bragin

Yelsinga yaqin doiralarda Bragin deyarli hech qachon tilga olinmagan bo‘lsa-da, Rossiyaning birinchi prezidentining mashhur nutqi paytida u ham tank ustiga chiqqandi. Birinchi ma’lumoti bo‘yicha mashinasozlik texnologi bo‘lgan Bragin keyinchalik tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini himoya qilgan va Avgust isyonidan oldin Kalinin (Tver) shahridagi KPSS oblast qo‘mitasini boshqargan.

Hamkasblari uchun Bragin munozarali shaxsga aylandi: hokimiyat almashgandan so‘ng, uning KPSSga sodiqligi tezda Yelsin Rossiyasiga muhabbatga almashdi.

Bragin 1991 yil sentabr oyida prezidentning Tver oblasti bo‘yicha vakili etib tayinlandi. Oradan ikki yil o‘tgach, Rossiya Oliy Kengashining OAV bo‘yicha qo‘mitasi va Ostankino teleradiokompaniyasi raisi bo‘ldi hamda «Russkiy mir» dasturiga asos soldi. U, shuningdek, 1994 yildan 1998 yilgacha Rossiya madaniyat vaziri o‘rinbosari sifatida ishladi.

Partiyadagi davrdan buyon siyosatchi tarixiy mavzularda yozishni to‘xtatmadi. Jumladan, u ikkinchi jahon urushidagi sovet armiyasining jasoratlari haqidagi ming sahifali kitoblar va muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi paytidagi «ozodlik bayrami» haqidagi memuar, keyinchalik «soyadagi oligarxlar» haqida kitoblar nashr qildirdi. Bragin, shuningdek, rus pravoslav cherkovini qayta tiklash hamda pravoslav cherkovlari va monastirlari manfaatlarini himoya qilish bilan faol shug‘ullanadi.

Bragin hozirda Rossiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Mavzuga oid