"Yoshlarga o‘qimasangiz, men bilan shu yerda ishlaysiz deyman" - 20 yilda chiqindixonani bog‘ga aylantirgan erkak
Temur Dashdamirov qariyb 20 yildan beri Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Maxsustrans” chiqindixonasida yashaydi. Ko‘rgan kishi u yashayotgan yerni chiqindixona emas, bog‘ yoki gul do‘koni deb o‘ylaydi. Eng qizig‘i, kuniga minglab odamlar chiqindi olib kelib tashlaydigan bu joyda hech qanday noxush hid, pashsha yo‘q.
Temur Dashdamirov 1969 yilda Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Otasi 1963 yil Ozarboyjondan ishlash uchun Qashqadaryoga keladi. Qurilishda 2 yil ishlagan otasiga Shahrisabz yoqib qolib, oilasini ham shu yerga olib keladi. Shunday qilib millati lezgin bo‘lgan Temur qashqadaryolikka aylanadi. Maktab, keyin texnikumni bitirib, 1996 yilda Toshkentga keladi. Savdo sohasida ishlab, turli davlatlarini kezib chiqadi. O‘zining aytishicha, bormagan joyi qolmagan.
«Bolgariya, Ruminiya, Moldova, Ukraina, Kavkazorti davlatlari, Tojikistan, Turkmaniston, Qozog‘iston davlatlarida bo‘lganman. Maktab, keyin armiya, keyin texnikumni bitirdim. Keyin uylandim. Uylanganimdan keyin esa sayohatlar tugadi», – deb kuladi u.
Uning 28 yoshli bir nafar o‘g‘li bor. Hozir Moskvada yashaydi. Otasini ko‘rishga yilda bir marta kelib turadi.
2004 yilda bir do‘stining taklifi bilan Yangihayot tumanidagi chiqindixonaga kelgan, o‘shandan beri shu yerda istiqomat qiladi.
«Birinchi kelganimda bu yer juda abgor ahvolda edi. Sekin-sekin sharoit qilib, bog‘ yaratyapmiz», – deydi u.
U kun davomida konteyner yuvadi, odamlar olib kelgan chiqindilarni saralaydi. «Baklajka», sellofan, po‘choqni alohida ajratadi.
«Konteynerlarni har kuni yuvaman. 4 kun idish-tovoq geli, 3 kun kir yuvish sodasi bilan, 10 kundan keyin soda va xlor bilan yuvaman. Shuning uchun hidi yo‘q. Dezinfeksiya ham qilaman», – deydi u.
Temur aka chiqindixonani bog‘ qilish fikri nega va qanday paydo bo‘lgani haqida shunday deydi.
«Internetga kirish menga yoqmay qoldi. Nimadir qilishim kerak edi. Keyin shu yerlarni bog‘ qilgim keldi. Shuning uchun gul, daraxt ekaman. Zerikishga vaqt yo‘q», – deydi u.
Uning aytishicha, chiqindixonaga Yangihayot tumanidagi Do‘stlik mahallasida joylashgan 11ta 9 qavatli uyda yashovchilar chiqindi olib keladi.
«Yonlarida chiqindi tashlaydigan joy bo‘lsa ham, baribir shu yerga chiqindi olib kelishadi. Bu yerda radio ishlayapti, suv bor, gul bor, men esa doim ularga kulib turaman», – deydi u.
Temur odamlar chiqindilarni uyidan saralab chiqarsa, uning ishi yengillashini aytadi. Shuning uchun kelganlarga buni doim eslatadi.
«Bolalar bo‘lsa, ularning ota-onasiga bolalarga chiqindini saralash kerakligini o‘rgatishni aytaman. Bugun mayli shunday tashladi, o‘rgatsangiz ertaga bunday tashlolmaydi. Ekologiya buzilib ketyapti. Hozir hamma joyda chiqindini saralashadi», – deydi u.
U bu ish o‘ziga yoqqani uchun qiladi. Bog‘ qilish, gul ekish asablarni tinchlantiradi. Odamlarning kayfiyatini ko‘taradi. Bo‘sh joy bo‘lsa abgor bo‘ladi, baribir nimadir qilish kerakligini aytadi u.
Qahramonimiz bog‘iga faqat Toshkentda yashay oladigan gullarni ekadi. Chet davlatlardan kelgan gullar esa O‘zbekiston iqlimiga mos kelmagan.
Temur Dashdamirov daromadi odamlar olib keladigan chiqindilardan. U chiqindixonadan ajratgan narsalarini sotadi. Pullariga esa tuproq, yangi tuvak, gel, mushuklariga ovqat oladi.
«Pul qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p ketadi. Alloh yetganicha beradi. Nonga bor bo‘ldi. Yoshligimda men ham shuncha pulim bo‘ladi, bu ishni qilaman, uncha pulim bo‘ladi, bu ishni qilaman deb o‘ylaganman. Agar ko‘p pul xohlasangiz ishlang», – deydi u.
Uning yoniga juda ko‘p yoshlar kelib, suhbat qilib ketishadi, ularga esa qo‘ldan kelgancha maslahat, tavsiya beradi. «O‘qish kerak. O‘qimasa, bo‘lmaydi. Chunki bu respublikani yoshlar ko‘tarishi kerak. O‘qimasa 10-20 yildan keyin nima bo‘ladi? Yosh avlod kutubxona, sport zal, o‘quv markazlariga borishi kerak. Nima bo‘lishini faqat Alloh biladi. Shuning uchun biz xohlagan narsa emas, bo‘lishi kerak bo‘lgan narsa bo‘ladi. Mening orzum yo‘q. Tinch bo‘lsin, hamma narsa bo‘ladi», – deb suhbatni tugatdi Temur Dashdamirov.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montajchi – Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
12:07 / 30.11.2024
Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali sobiq boshlig‘i 12 yilga qamaldi
22:30 / 28.11.2024
“Zamonaviy uylarda yashashni biz ham xohlaymiz” – "Sputnik"dan reportaj
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
18:47 / 09.10.2024