Jahon | 11:58 / 24.08.2023
51777
6 daqiqa o‘qiladi

Prigojinning isyondan keyingi kunlari. U qayerlarda edi va nimalar bilan mashg‘ul bo‘ldi?

Bu borada ishonchli ma’lumotlar ko‘p emas, quyida bor ma’lumotlar to‘plandi.

23 avgust kuni Tver oblastida Yevgeniy Prigojinga tegishli bo‘lgan biznes-jyet halokatga uchradi. Rosaviatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, biznesmen ham yo‘lovchilar ro‘yxatida qayd etilgan, ammo u chindan ham bortda bo‘lgani hozirgacha uzil-kesil tasdiqlanmagan. Hozircha samolyot halokatlari sabablari ham aniq emas.

Yevgeniy Prigojin 24 iyun kuni, isyon yakunlanganidan keyin Rostov-na-Dondni tark etmoqda
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Samolyot Prigojin ko‘targan isyondan roppa-rosa ikki oy vaqt o‘tgan kunda quladi. 24 iyun kuni u o‘zi tomonidan tuzilgan «Vagner» XHK bo‘linmalari Moskva tomon «adolat marshi» boshlaganini xabar qilgandi. Isyonchilar deyarli hech qanday qarshilikka uchramasdan bir necha yuz kilometr masofani bosib o‘tadi. Ammo keyin Prigojin kutilmaganda «marsh» yakunlanganini e’lon qiladi. Xabarlarga ko‘ra, «Vagner» XHK yurishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror Prigojinning Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralaridan keyin qabul qilingan. Go‘yoki ular «Vagner» XHK safida qolishga qaror qilgan yollanma jangchilar Belarusga yo‘l olishi, qolganlar esa harbiy xizmatdan bo‘shashi yoki Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashi bo‘yicha kelishib olishgan.

Isyondan keyin Prigojin ma’lum vaqt mobaynida axborot maydonidan g‘oyib bo‘lgandi. U Sankt-Peterburgda ko‘rishgani haqida xabarlar chiqib turdi (bu xabarlar tasdiqlanmadi). Parvozlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi servislar Prigojinga aloqador bo‘lgan samolyotlar Belarusga uchganini ko‘rsatardi, ammo samolyot bortida «Vagner» rahbari ham borligi noma’lumligicha qolardi.

Iyun oyi oxirida Prigojin Kremlga kelgan va RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Bu haqda dastlab fransuzlarning Liberation gazetasi g‘arb razvedkasidagi manbaga tayangan holda xabar berdi. Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv faktini tasdiqladi. Lekin Putin va Prigojin nimalar haqida gaplashganiga aniqlik kiritilmadi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, «prezident xususiy harbiy kompaniyaning frontdagi harakatlariga va 24 iyun voqealariga o‘z bahosini bergan. Putin komandirlarning izohlarini tinglagan va ularga kelgusida nima bilan mashg‘ul bo‘lish hamda kelgusi jangovar vazifalar bo‘yicha variantlar taklif etgan».

«Vagner» XHK yollanma jangchilari uchun Osipovichi shahrida (Belarusning Mogilev oblasti) lager tayyorlandi. Aleksandr Lukashenko esa xususiy harbiy kompaniyani mamlakatga qayta dislokatsiya qilish masalasi hali hal qilinmagani, yollanma jangchilar esa «o‘z lagerlarida qolayotgani»ni, Prigojin ham Belarus hududida emasligi — u Sankt-Peterburgda ekanini aytgandi. O‘shanda RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda «Vagner» XHK asoschisining qayerlarda yurganini kuzatish  «xohishi ham, imkoniyati ham» yo‘qligini bildirgandi.

14 iyul kuni Belarus mudofaa vazirligi «Vagner» XHK yollanma jangchilari mamlaktaga kirib kelganini tasdiqladi. O‘shanda telegram-kanallarda ham ko‘rinishi Prigojinni eslatadigan shaxs palatkadagi karavotda ichki kiyimda o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi. Bu surat katta  ehtimol bilan Osipovichidagi lagerda olingandi.

Yevgeniy Prigojinning 17 iyul kuni Belarusdagi lagerda yozilgan videomurojaatidan kadr.
AP / Scanpix / LETA

17 iyul kuni Prigojinning isyondan keyin yozilgan ilk videomurojaati paydo bo‘ldi. «Vagner» XHKga aloqador telegram-kanallarda tarqatilgan videoda Yevgeniy Prigojin Belarusga kelgan yollanma jangchilarga murojaat qilgan. Prigojin yollanma jangchilar Belarus armiyasini «dunyodagi ikkinchi armiyaga aylantirishi, agar talab etilsa, ular uchun jangga kirishi»ni aytgandi. U shuningdek «Vagner» XHK jangchilarini «tayyorlanish»ga, «o‘z mahoratini oshirish»ga va «Afrika tomon yo‘l olish»ga chaqirgandi.

Foto: Dimitri Sytyi /Facebook

Iyul oyi oxirida esa Prigojinning Peterburgdagi «Rossiya — Afrika» iqtisodiy forumining birinchi kunida olingan suratlari tarqaldi. Suratda biznesmen sammitning xorijlik mehmonlari bilan birga aks etgan. Afrikada so‘nggi yillarda «Vagner» XHK juda faol harakatlanmoqda, birinchi navbatda Markaziy Afrika respublikasi (MAR) va Malida. RF TIV rahbari Sergey Lavrov isyondan bir necha kun o‘tganidan keyin RT telekanali uchun bergan intervyusida rossiyalik harbiy instruktorlar mintaqada ishlashda davom etishini ma’lum qilgandi, ammo gap aynan «Vagner» XHK haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagandi. Manbalarga ko‘ra, Prigojin Peterburgdagi sammit doirasida MAR vakillari bilan uchrashgan.

PMC Wagner / Telegram / Reuters / Scanpix / LETA

21 avgust kuni Yevgeniy Prigojinning so‘nggi videomurojaati paydo bo‘ldi. U ko‘ngillilarni «Vagner» XHKga a’zo bo‘lib, Afrika ozodligi uchun kurashga chorladi. «Harorat +50, hammasi biz yaxshi ko‘radigandek. «Vagner» XHK Rossiyani barcha qit’alarda buyuk qilishga kirishdi. Afrikani esa yanada erkin qilishga. IShID, „Al-Qoida“ va boshqa bandalarni qo‘rqitamiz. Haqiqiy bahodirlarni ishga olamiz. Oldimizga qo‘yilgan va biz uddalashga va’da bergan vazifalarni bajarishda davom etamiz», – degandi vagnerchilar yetakchisi. «Vajnyye istorii» ma’lumotiga ko‘ra, «Vagner» regional markazlari isyondan keyin ham yollanma jangchilarni yollashda davom etgan.

Mavzuga oid