Yo‘llarni 822 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan - Senat
Oliy Majlis Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha loyihalar samaradorligi muhokama qilindi.
O‘zbekistonda 2022 yilda yo‘llarni 822 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ma’lumot berdi. U Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida shunday raqamlarni keltirdi va buni shaffoflik ta’minlanmagani bilan izohladi.
— Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha loyihalar asosan respublika darajasida moliyalashtirilmoqda, - dedi Norboyeva. — Bu ko‘p hollarda loyihalar ustidan hududiy darajada nazoratni amalga oshirish imkonini bermayapti. Davlat budjetidan hududiy loyihalar uchun ajratilayotgan mablag‘larni e’lon qilib borish, ya’ni shaffoflik amaliyoti yo‘qligi sababli ushbu loyihalardan jamoatchilik bexabar qolmoqda. Oqibatda nima bo‘layapti?
O‘tgan yilda yo‘l infratuzilmasi uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida hududlarda 822 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan. Tahlil qilib ko‘rilsa, bularning hammasi ochiqlik ta’minlanmaganiga borib taqaladi.
Tanzila Norboyeva suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun ajratilgan mablag‘lar maqsadsiz sarflab yuborilganiga e’tibor qaratdi.
«Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2021 yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar uchun Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan subsidiya mablag‘lari to‘lab berilgan. Biroq, ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan hududiy darajada, ya’ni tuman g‘aznachiligi, mahalliy kengash va jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagan. Oqibatda subsidiyalarning qariyb uchdan bir qismi (30 foiz), aniqrog‘i 315 milliard so‘m amalda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmagan maydonlar uchun sarflangan. Har gal mahalliy kengashlarni faol bo‘lishga, hududda amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini nazorat qilib borishga chaqiramiz. Hududdlardagi loyihalarga ajratilayotgan mablag‘lardan na mahalliy kengash, na hududiy g‘aznachilikning xabari bo‘lmasa, u holda qanday nazorat haqida gap ketishi mumkin?!» dedi Norboyeva.
Senat raisi Vazirlar Mahkamasi, xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu masalani jiddiy o‘rganishi va samarali yechimini berishi shartligini qo‘shimcha qildi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
23:49 / 20.12.2024
O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024