O‘zbekiston | 21:46 / 25.08.2023
34056
4 daqiqa o‘qiladi

«Afg‘oniston bozoriga kirishimizni istamaydiganlar ko‘p» - «O‘zbekneftgaz» raisi «Tolibon» qaytarib yuborgan mahsulot haqida

Bu mahsulot Yevropa bozorlariga olib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekneftgaz» AJ raisi Bahodirjon Sidiqov OAV vakillariga press-tur vaqtida «Tolibon» harakati «67 vagon o‘zbek neftini sifatsiz deb qaytarib yuborgani» haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh berdi va qaytgan benzin O‘zbekistondagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlarni qat’iy rad etdi.

«Zapravkalarda sifatsiz benzinni sotyapti, degan gaplar chiqyapti. Bu noto‘g‘ri ma’lumot.

Biz Afg‘onistondan qaytib kelgan mahsulotni hech qayerga olib borganimiz yo‘q. Konteynerida turibdi, boshqa joyga olib borib sotadi. Balki ichki bozorda sotar.

Bu GTL zavodidan chiqqan dizel mahsuloti, bu yangi mahsulot. Bu mahsulot standarti Afg‘onistonda yo‘q. Ular buni tushunmadi», degan u va jurnalistlarga ko‘rinishi suvni eslatuvchi mahsulotni ko‘rsatgan.

U mahsulot qaytarilishiga O‘zbekistonning Afg‘oniston bozoriga kirishini istamaydigan kuchlar ham sabab bo‘lganini taxmin qilgan, shuningdek, bu mahsulot Yevropa bozorlariga olib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

«Biz shu mahsulotni jo‘natganmiz. Sifat jihatdan oddiy dizeldan ancha farq qiladi, ancha yaxshi mahsulot. Bu yangi mahsulot Afg‘oniston bozoriga kirib borishi kerak edi. Afsuski, birinchi partiyani qaytarib yuborishdi. Lekin bu davom etayotgan jarayon, har bir bozorga kirib borish oson bo‘lmaydi.

Ishonchim komilki, bu yerda nafaqat Afg‘oniston hukumati... balki biz bu bozorga kirib borishimizni istamayotganlar ham juda ko‘p. Chunki Afg‘oniston bozori yaxshi bozor.

Lekin bu yaxshi mahsulot ekani isboti sifatida, o‘tgan oyda Estoniyaga xuddi shu mahsulotdan ming tonna sotdik, yana 10 ming tonnaga buyurtma oldik. Hozirgi kunda o‘n ming tonnani yuklayapmiz.

Bundan tashqari, hukumatlararo kelishuvlar bor, mana prezidentimiz borib kelyapti, uchrashuvlar qildilar... O‘rta koridor, ya’ni Kaspiy koridori orqali mahsulotimizni Yevropaga yetkazib berish yo‘llari qidirilyapti.

Ozarboyjon va Gruziya orqali o‘tishda gruziyaliklar bu zo‘r mahsulotku, bizga 33 ming tonna, mana shartnoma, mana pul deyapti.

Bu mahsulot sifatiga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak. O‘tgan yili Tojikistonga 12 ming tonna sotganmiz bu mahsulotdan, hozir yana 5 ming tonna yuklayapmiz.

Bu mahsulotni sifati yomon bo‘lganidan qaytarib yubormagan. Bunga kafolat berib aytaman. Bu Yevro-6 standartlariga javob beradigan zo‘r mahsulot. OAVda tarqalayotgan xabarlarga ishonmaslikni so‘rayman. Yevropa davlatlariga eksport qilyapmiz», degan Sidiqov.

Avgust oyi boshida Afg‘oniston Milliy standartlar agentligi (ANSA) O‘zbekistondan import qilingan 67 ta sisternadagi neft ortga qaytarib yuborilganini ma’lum qilgandi. O‘shanda «O‘zbekneftgaz» gap GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik dizel haqida ketayotgani va Afg‘oniston hukumati mahsulotni ishlab chiqaruvchiga qaytarmaganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid