O‘zbekiston | 10:32 / 25.08.2023
17573
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aviakompaniyalar soni 8 taga yetdi

2023 yil davomida 4 ta yangi aviakompaniya ochildi.

2023 yil yanvar-iyul oylari davomida O‘zbekistonda Centrum Air, Silk Avia, Asia Union Airlines va Tashkent Air aviakompaniyalari tashkil etildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lumot berdi.

Natijada, O‘zbekistonda aviakompaniyalar soni 8 taga yetdi. Shu vaqtgacha Uzbekistan Airways, Qanot Sharq, Panorama Airways va Humo Air aviakompaniyalari faoliyat yuritayotgan edi.

Qayd qilinishicha, 2023 yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston aviakompaniyalari tomonidan 28764 ta aviaqatnov amalga oshirilib, jami 3,6 milliondan ortiq yo‘lovchi tashilgan. Shulardan xorijiy yo‘nalishlarda amalga oshirilgan aviaqatnovlar soni 16618 ta, mahalliy yo‘nalishlarda amalga oshirilgan aviaqatnovlar soni 12146 tani tashkil etgan.

Uzbekistan Airways, Qanot Sharq, Centrum Air, Silk Avia hamda Humo Air aviakompaniyalari tomonidan 12 ta mahalliy yo‘nalishda haftasiga 97 ta muntazam aviaqatnov hamda xalqaro yo‘nalishlarda 26 ta davlatga 154 ta yo‘nalishda haftasiga 450 ta aviaqatnov amalga oshirilmoqda.

Milliy aviatsiya parkini kengaytirish maqsadida, yanvar-iyul oylari davomida Uzbekistan Airways hamda xususiy aviakompaniyalar tomonidan 21 ta samolyot keltirildi.

Respublikadagi 11 ta xalqaro aeroport va uchish-qo‘nish maydonchalari orqali 45682 ta havo kemasiga xizmat ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid