O‘zbekiston | 18:07 / 26.08.2023
14906
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 4 ta hudud hokimi intizomiy jazoga tortildi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov G‘ozg‘on shahri hamda Qiziltepa, Xatirchi va Karmana tumani hokimlariga intizomiy jazo qo‘lladi.

Bu haqda viloyat hokimining farmoyishi qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, viloyat hokimligining 14 avgustda o‘tkazilgan apparat yig‘ilishi bayoni ijrosini ta’minlamagani va ijro intizomini susaytirib yuborgani uchun Qiziltepa tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Hayitovga hayfsan berilgan.

Shuningdek, prezidentning qaror va farmoyishlari ijrosini ta’minlashda sustkashlik qilgani, ishlarni to‘g‘ri tashkil etmagani, murojaatlar bilan ishlashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonlik bilan yondashgani tufayli G‘ozg‘on shahar hokimi A.Bozorov hamda Xatirchi tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi I.Muhammadiyevga hayfsan qo‘llangan.

Karmana tumani hokimi F.Umarovga esa yuqoridagi sabablar tufayli o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazosiga tortilgan. 

Karmana tumani hokimi Fahritdin Umarov oldinroq qishga tayyorgarlik ko‘rmagani uchun ham intizomiy jazoga tortilgandi.

Mavzuga oid