O‘zbekiston | 14:05 / 26.08.2023
13539
6 daqiqa o‘qiladi

Yaratib berilgan imkoniyatlar va yechimini topayotgan muammolar - SSP raisi bilan suhbat

Tadbirkorlarning tashqi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, soliq tekshiruvlarini kamaytirish va ularning shaffofligini oshirish, biznes vakillarini qiynayotgan muammolarga amaliy yordam ko‘rsatish va boshqalar – Savdo-sanoat palatasining raisi Davron Vahobov qilingan va rejalashtirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Savdo-sanoat palatasi – tadbirkorlarni birlashtiruvchi va ularga ko‘plab sohalarda ko‘maklashuvchi, ko‘ngillilik asosida tuziladigan nodavlat-notijorat tashkilot. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda savdo-sanoat palatalari mavjud bo‘lib, a’zolariga huquqiy, tashkiliy va boshqa yordamlarni ko‘rsatishadi. Bu tashkilotlar sog‘lom iqtisodiy jarayonlarning ajralmas qismiga aylangan. O‘zbekistonda ham savdo-sanoat palatasi bor va mamlakatdagi tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilishda biznes vakillari bilan birga ishlaydi. Kun.uz mazkur tashkilot rahbari Davron Vahobov bilan intervyu tashkil qildi.

 Eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar qanday qo‘llab-quvvatlanmoqda?

—  Pandemiya davrida logistikada narxlar ko‘tarilgani uchun bu bo‘yicha alohida subsidiyalar berila boshlandi. O‘rtacha 6 mingta eksportchi korxona bo‘lsa, ushbu korxonalar logistika xarajatlarining 50 foizdan 70 foizgacha qismi qoplab berildi. Bundan tashqari, talab qilinadigan sertifikat-hujjatlarning ma’lum bir qismi bekor qilindi. Xalqaro standart sertifikatlarining xarajatlarini ham Eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi to‘lab beryapti. Yarmarka va ko‘rgazmalarda qatnashish mexanizmi kuchaytirilib, buning ham xarajatlari agentlik tomonidan qoplanadi. Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan so‘ng logistika xarajatlarini qoplab berish uchun 100 mln dollar ajratildi. Bugungi kunda sanksiyalar sabab ba’zi koridorlardan foydalanib bo‘lmaydi, yangi koridorlar esa qimmat. Shuning uchun pul ajratildi.

 SSP soliq tekshiruvlarining shaffofligini oshirish borasida qanday choralar ishlab chiqadi?

— Ochiq reyting yuritilib, ma’lum kritiriyalar bo‘yicha tadbirkorlarga QQSning qaytarib berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, ortiqcha tekshiruvlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilyapti. Tadbirkorlarga yordam berish, o‘sish mexanizmlarini o‘ylashimiz kerak bo‘ladi. Reyting masalasi hozircha faqat soliqqa tegishli bo‘lsa, hali yana boshqa faktorlar ham qo‘shiladi bu reytingga. Har xil tekshiruvlar kamaygach, tadbirkorlar bemalol o‘z ishi bilan shug‘ullanadi. Reytingdagi korxonalarning ma’lumoti elektron shakllantirilib borilaveradi, ortiqcha tekshiruvlarga hojat bo‘lmaydi.

 Tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar

— Asosiy muammolardan biri bank bilan bog‘liq. Tadbirkorlarga doim aylanma mablag‘ kerak. Eng ko‘p murojaat ham shu bo‘yicha. Bundan tashqari, soliq idoralari bilan bog‘liq muammolar, ayniqsa, QQSni o‘z vaqtida qaytarib ololmasligi tadbirkorga ancha zarar keltiradi. Infratuzilmalarda ham muammolar bor. Elektr energiyasi, gaz bilan uzilishlar ko‘p bo‘ladi, bu bo‘yicha ham e’tirozlar yetarlicha. 

— Tizimli ishlash mexanizmiga o‘tish boshlandi

— Umumiy 43 mingta tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma tashkil qildik. Shundan 53 foizi xizmat ko‘rsatish, 34 foizi sanoat, 6 foizi qishloq xo‘jaligi, 7 foizi qurilish sohasida faoliyat yuritadi. Ko‘rindiki, tadbirkorlarning o‘z xodimlarida ham malaka yetishmasligi bor. Ya’ni soliq hisobotlari, banklar bilan ishlash jarayonlarida ba’zi xatoliklarga yo‘l qo‘yishadi. Iqtisodiy sud organlari tadbirkorlar murojaatini o‘z vaqtida hal etmagan holatlar ko‘p, bu viloyat kesimlarida ham shakllantirildi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ham qaysi soha yaxshi rivojlanayotgani masalasi ko‘tarildi. Bizda xomashyo o‘zimizdan chiqadigan sohalar yaxshi rivojlanyapti. Masalan, to‘qimachilik, charm ishlab chiqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish. Bu sohalarga yuqori texnologiyalarni import qilish kerak bo‘ladi. Bunday texnologiyalarni import qilishda bank ma’lum qismni qoplardi, tadbirkor 15 foiz to‘lashi kerak edi. Kechagi muloqotdan so‘ng tadbirkorlarga boshlang‘ich 15 foizni 10 yil muddatga 4 foizli kreditda to‘lab berish belgilandi.

Mikrobiznes, ya’ni aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalarning yashovchanligi qisqa bo‘ladi. Mana shunday yangi ochilgan bizneslarga moliyaviy ko‘mak berish ham yo‘lga qo‘yilgan. Deylik, tadbirkor oilaviy biznes ochib, o‘rtacha 100 mln so‘m tikmoqchi. Lekin ko‘zlagan loyiha qiymati 600-700 mln so‘mlik. Mana shunday vaziyatda kerakli mablag‘ning 45 foizi qoplab beriladi. Yetmay qolgan mablag‘ esa jamg‘arma tomonidan to‘lanadi. Pul berilgach, markaz o‘sha biznesni nazorat qilib, bankrot bo‘lmasligiga harakat qiladi va kattalashtirishga ham yordam beradi, sharoit yaratib beradi.

Bundan tashqari, loyiha qilib berish ham bor. Qaysi sohada tadbirkorlar yetishmayapti, natija qanday bo‘ladi — mana shulardan kelib chiqib, yo‘nalish beriladi. Yildan yilga murojaatlar kamayib, tizim ijobiy natija beryapti. Mexanizm yo‘lga qo‘yib borilyapti. Berilayotgan shuncha imkoniyatni tadbirkorlar «hazm» qilib olsa, katta natijalarga erishsa bo‘ladi. Asosiy maqsadimiz sog‘lom raqobat muhitini yaratib, rivojlanishga erishish.

Mavzuga oid