Yarim asrni qarshilagan «Stokholm sindromi»: tan olinmagan tashxis nega hamon mashhur?
Roppa-rosa 50 yil avval, 1973 yilning 23 avgustida Shvetsiya poytaxti Stokholm shahrida tarixdagi eng mashhur garovga olish ro‘y bergan. O‘shanda garovga olingan insonlar krizis chog‘ida ham, keyin ham uzoq yillar bosqinchilar tarafini olib kelishgan. Bunday xatti-harakat hanuz «stokholm sindromi» deb ataladi.
Mutaxassislar hanuz «stokholm sindromi» tashxis sifatida bor narsami yoki psixologik mexanizmmi deya bahslashib kelishadi. Biroq u siyosiy shtamp sifatida yashab kelmoqda. Fuqarolar o‘z huquqlari poymol qilishini qo‘llab-quvvatlashadimi? Xalq uchun foydali ish qilolmaydigan hukumat uchun ovoz beradimi? Shovqinli ozchilikning talablariga bo‘ysunadimi? Bularning barchasini albatta kimdir «stokholm» sindromi bilan tushuntiradi.
Stokholm sindromi nima o‘zi?
Psixologlarga agressor bilan identifiksiyalashuv fenomeni — qurbon o‘zining qiynovchi shaxsga simpatiya qilishi azaldan ma’lum. Bu hodisani Shandor Ferensi va Anna Freyd 1930-yillardayoq yozib ketishgan. Shved psixiatri Nils Beyyerut 1973 yilning 23 avgustida Stokholmdagi Norrmalmstorg maydonida joylashgan Kreditbanken banki egallanganda garovga olinganlar o‘zini qanday tutgani to‘g‘risidagi jurnalistlar savoliga aynan ularning yozib ketgani orqali javob bergan (Beyyerut o‘sha krizis chog‘ida politsiya maslahatchisi bo‘lgan). Agressor bilan identifikatsiyalashuv — garovga olinganning bosqinchiga simpatiyasini u «norrmalmstorg sindromi» deb atagan. Tez orada bu qiyin talaffuz qilinuvchi ibora barchaga tanish Stokholmga almashtirilgan.
Beyyerut hech qanaqa yangilik ochmagan va bunga hech qachon da’vo ham qilmagan. «Sindrom» eng avval boshdan qat’iy termin emas, shunchaki bir metafora (kinoya) bo‘lgan. Norrmalmstorg bosqini televideniye voqealarni jonli efirda ko‘rsatgan dastlabki hodisalardan biri bo‘lgan. Shu sababli bu metafora tezda mashhur bo‘lib ketgan va «agressor bilan identifikatsiyalashuv» kabi murakkab terminning o‘rnini bosgan.
O‘shanda bankni egallagan bosqinchilar Yan-Erik Ulsson va Klark Olofsson oddiy jinoyatchilar bo‘lishgan (ular qamoqda o‘tirib chiqib, Shvetsiyada yashashmoqda). Norrmalmstorgdagi Kreditbanken bankida terrorchilik akti emas, oddiy o‘g‘rilik ro‘y berayotgandi: bosqinchilarning maqsadi ham shved hukumati va fuqarolarini qo‘rqitish emas, pul edi. Ularda o‘ldirish va o‘lish uchun yaraydigan qandaydir bir oliy g‘oya ham bo‘lmagan.
Ulsson va Olafsson garovdagilarni olti kun mobaynida ushlab turishgan. Garovdagilardan kimdir klaustrofobiya xurujiga uchrasa unga tashqariga chiqishga ruxsat berishgan, aloq-chaloq tush ko‘rganlarni tinchlantirishgan, yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilishga izn berishgan, qo‘ng‘iroq qilib tusha olishmasa yupatishgan. Vaziyatga Shvetsiya bosh vaziri Ulof Palme aralashganda garovdagi ayollardan biri unga qarata bosqinchilardan emas, ularni provokatsiya qilishi mumkin bo‘lgan politsiyadan ko‘proq cho‘chiyotganini aytgan.
Alaloqibat politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan, jinoyatchilar taslim bo‘lishgan, hamma tirik qolgan, hech kim jiddiy jarohat olmagan. Bankdan chiqish oldidan garovdagilar va bosqinchilar bir-birlari bilan quchoqlashib, qo‘l siqishib xayrlashishgan.
O‘shandan buyon jurnalistlar «stokholm sindromi»ni bot-bot eslab turishadi. Masalan, 1980-yillarda Livanda jangarilar ikki amerikalik va bir inglizni garovga olishadi. Ular ozod qilingach, o‘zlarini o‘g‘irlab ketganlar ularga juda yaxshi muomalada bo‘lishganini aytishgan, garchi ular bir kishilik kameralarda zanjirband holda saqlangan bo‘lishsa ham.
Rasman «stokholm sindromi» degan tashxis tan olinmagan. Uni aniqlash mumkin bo‘lgan umumqabul qilingan mezonlar ham yo‘q. Ayrim mutaxassislar bu «sindrom»ni aslida oddiy viktimbleyming (qurbonni ayblash) deb hisoblashadi: u jinoyatchilarning psixologik manipulyatsiyalariga emas, qurbonlarning noadekvat reaksiyalariga diqqatni qaratadi.
Nima bo‘lganda ham, «stokholm sindromi» maishiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan, biroq zo‘ravon turmush o‘rtog‘idan voz kechib ketolmaydigan ayollarga nisbatan muntazam qo‘llanadi.
Taxmin qilinishicha, «sindrom» agar qurbon o‘z hayoti uchun tahlikaga tushsa, (hukmronlikka ega bo‘lgan, qurollangan yoki shunchaki kuchli) agressordan o‘zini himoya qila olmasa yoki (tutqunlikda ekani yoki boradigan joyi yo‘qligi tufayli) qochib keta olmasa paydo bo‘ladi.
Ukrainalik qochqinlarni ruhiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Teplo loyihasi asoschilaridan biri Yuliya Burlakovaga ko‘ra, «stokholm sindromi tamg‘asiga ega bo‘lish — insonning hech qanday ratsional tanlovi emas, shunchaki o‘zi uchun xavfsiz sharoit undirishga urinishdir. To‘liq bo‘ysunish sharoitida zolimni yoki jinoyatchini yaxshi ko‘rish — bu chindanam tirik qolish tizimi, super nonormal sharoitga normal reaksiya».
Agar agressor qurbonga tahdid qilsa va keyinchalik fikridan qaytsa shunday aloqa paydo bo‘lishi mumkin. Yengil tortish minnatdor bo‘lish hissiga aylanadi. Agressor qurbondan bosim o‘tkazish uchun richag sifatida foydalansa — garovga olinganlar bilan shunday bo‘ladi — qo‘rquv nafaqat agressorni «sevish»ga, hattoki yon bermayotgan hokimiyat vakillaridan qo‘rqish (hattoki ularni ayblash)ga majburlaydi.
Olimlar garovga olinganlar, asirga olingan harbiylar, psevdodiniy sekta a’zolari, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari, intim xizmat ko‘rsatuvchilarning agressor bilan identifikatsiyalashuvi holatlarini o‘rganishda davom etishmoqda. Ayrim olimlar «korporativ stokholm sindromi»ni ham tilga olishgan: bunda boshliq xodimini tahqirlaydi, xodim esa baribir boshliqni sevishda davom etadi. Biroq, tadqiqotchilar «stokholm sindromi» tushunchasidan foydalansa ham uni qat’iy termin emas, metafora sifatida ishlatishadi.
Siyosatda ham «Stokholm sindromi» bo‘ladimi?
Metafora sifatida bu iboradan tez-tez foydalanishadi. Bu hammaga ham yoqavermaydi: psixologiyaning o‘zida ham o‘ta shubhali bo‘lgan bu tushunchani jamiyat va xalqaro munosabatlarga olib o‘tish — uni mazmunini yo‘qotish darajasida cho‘zish demak.
1989 yilda Filipp Pilevskiy «Asir olingan qit’a» asarida SSSRni G‘arbiy Yevropa va AQSh o‘rtasida taranglik vujudga keltirishda ayblagan. Pilevskiyning ta’kidlashicha, sovet ittifoqi yevropaliklarning qalbiga qo‘rquv joylagani tufayli ular o‘zlarini «stokholm sindromi»ga duchor bo‘lgan garovdagilar singari tutib, sovetparast pozitsiyaga o‘tib olishgan.
Bu o‘rinda metafora u yoki bu darajada aniq edi: tahdid manbasi bor, undan qochib qutulolmaydigan qurbon bor va ushbu qiyin sharoitda yashashga intilishni talab qiluvchi siyosat bor.
Gap shundaki, bu metaforaga ko‘pincha aniqlik yetishmaydi. 2009 yilda amerikalik siyosatshunos Aleks Shulman yevropalik siyosatchilar radikal islom «garovidagilar»ga aylangani va ularda «stokholm sindromi» kuzatilayotganini yozgan edi. «Qochib qutulib bo‘lmas agressor» sifatida Yevropa davlatlaridagi musulmon migrantlarning diasporalari tilga olingan. Kitobda yumshoq qilib aytganda, bunday diasporalarning tutgan o‘rni adekvat tasvirlanmagan.
2014 yilda Qrim anneksiyasiga G‘arb davlatlarining nisbatan yumshoq reaksiyasi ham «stokholm sindromi» bilan tushuntirilgan: go‘yoki ular Rossiyaga iqtisodiy jihatdan bog‘liq, shu sababli uning agressiv siyosatiga panja orasidan qarashmoqda. 2023 yilga kelib rossiyalik propagandachilar va harbiy blogerlar Germaniya aksilrossiya siyosati yurgizayotganiga sabab sifatida ular AQSh tomonidan garovga olingani va unda «stokholm sindromi» borligini ta’kidlashmoqda.
Rossiyada «stokholm sindromi» kuzatilmoqdami?
Bu ancha mashhur nuqtayi nazar, lekin baribir uni to‘g‘ri deb bo‘lmaydi.
Bunaqa deyayotganlar normal jamiyat hayoti qanday qurilishi kerakligi to‘g‘risidagi taassurotlaridan kelib chiqib gapirishadi: fuqarolarga nimadir yoqmasa — ular norozilik bildirishadi. Agar fuqarolar norozilik bilmayotgan bo‘lsa, demak ularga hammasi ma’qul. Biroq qo‘shni davlatga nisbatan agressiya va mamlakat ichidagi qatag‘onlar rossiyaliklarga yoqayotgan bo‘lishi mumkin emas-ku? Mana shu yerda «stokholm sindromi» bordek ko‘rinadi: go‘yoki rossiyaliklar o‘z hukumatidan qo‘rqishadi (qo‘rqishadiyam-da!), qarshilik ko‘rsatishga qodir emas, qochay desa borar joyi yo‘q — shu sababli Putinni «sevish»ga va u nimaiki qilmasin, ma’qullashga majbur.
Olimlar va ayniqsa publitsistlar ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tushuntirish uchun psixologiya usullaridan foydalanishga muntazam urinib ko‘rishadi. Bu har doim ham ish beravermaydi.
2012 yilda «stokholm sindromi» tushunchasidan ijtimoiy-siyosiy kontekstda foydalanish to‘g‘risidagi tadqiqot chiqdi. Aniqlanishicha, u ko‘pincha muloqotni rivojlantirishga yordam bermaydi. Undan qandaydir nosog‘lom va noto‘g‘ri narsaga yorliq yopishtirish uchun foydalaniladi — bu holatda muloqotni davom ettirishning o‘zi kulgili.
Siyosatchilar qo‘lida «medikallashtirish» va «patalogiyalashtirish» har qanday e’tirozni neytrallashtirish, boshqacha nuqtayi nazar va tajribaga ega insonlarning aytganlarini puchga chiqarishda qo‘l keladi: «bu aytilayotganlar fikr emas, simptom», deya mavzuni yopishadi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qo‘lida «stokholm sindromi» o‘zini ko‘rsatishning qulay usuliga aylangan. Suhbatdoshini kim birinchi noadekvatlik va o‘z dalillariga teran baho bera olmaslikda ayblay olsa bas — u g‘olib sifatida suhbatni tark etadi.
«Stokholm sindromi»ning tarqalganligini o‘rganish juda murakkab. XX asr oxirlarida FTB terrorchilik xuruji holatlarida «stokholm sindromi» simptomlari garovda ushlab turilganlarning 10 foizidan kamrog‘ida paydo bo‘ladi, deya baholagan. Demak, milliondan ortiq «sevib qolgan garovdagilar» to‘g‘risidagi faraz to‘g‘ri emas. Bu holatda «stokholm sindromi» termini harfma-harf psixologik termin sifatida tushunilsa. Lekin bu metafora ekani yuqorida ta’kidlandi.
«Stokholm sindromi»ga duchor bo‘lgan insonlar qurbonlardan jinoyat ishtirokchisiga aylangan holatlar ham bor. Mashhur misol — Patti Hyorstning kechmishi. U juda boy oilada o‘sgan qiz edi. 1974 yilda uni so‘l radikal guruh o‘g‘irlab ketadi. Qizni bir necha kun tor shkafda saqlashadi, zo‘rlashadi, kaltaklashadi. Keyin u guruhga qo‘shilishni istaydi va bank o‘marishda ishtirok etadi. Hibsga olinganida unga hayoti uchun qo‘rquv, ojizlik va dahshat tufayli kelib chiqqan jarohatdan keyingi buzilish tashxisi qo‘yiladi, biroq xalq orasida «stokholm sindromi» haqida gapirishadi. Hyorst yetti yilga qamaladi va ikki yilini o‘tirib chiqadi: jazoning qolgan qismini keyinga qoldirishadi va uni Bill Klinton afv etadi — prezidentni u o‘z ixtiyori bilan harakat qilmaganiga ishontirishadi.
Boshqa shaharlar nomiga qo‘yilgan sindromlar
Turli shaharlar va mamlakatlar nomiga qo‘yilgan boshqa o‘nlab sindromlar ham bor. Masalan, «stokholm sindromi»ning butunlay teskarisi — «london sindromi». Bunda garovga olingan shaxs prinsip qilib turib olib, bosqinchilar bilan hamkorlik qilmaydi. Terrorchilarning garovdagilarga muhabbati Peru poytaxti nomi bilan «lima sindromi» deb ataladi.
Turistlarda o‘ziga xos madaniy shok paydo bo‘lishi ham «geografik» sindromlar deb ataladi. Muzeylarda mo‘ljalni yo‘qotish va «san’atdan mast bo‘lish» — «florensiya sindromi» deb ataladi. O‘zining «oydin» ekaniga kamoli ishonch «hindi sindromi» deyiladi. Fransiya poytaxtiga borib, aylanib, kutilgan hissiyotlarga ega bo‘lolmaganlar «parij sindromi»ga duchor bo‘lgan, deb hisoblanadi.
«Sarayevo sindromi» ham bor — bu Yugoslaviyadagi urushlardan keyingi jarohatlar tufayli stressli asab buzilishining xususiy holati. Tinchlik yo‘lidagi atom sohasida esa «xitoy sindromi» bor — AESda avariya ro‘y berishi, erigan yoqilg‘i energoblokni kuydirib, tuproqqa singishining gipotetik ssenariysi.
Mavzuga oid
14:40 / 17.12.2024
O‘zbekiston Stokholm va Helsingborgda savdo uylarini ochmoqchi
12:40 / 04.10.2024
Stokholmda muqobil Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi
07:42 / 05.09.2023
Stokholm va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ochiladi
08:31 / 04.12.2021