O‘zbekiston | 18:17 / 28.08.2023
12687
4 daqiqa o‘qiladi

Maktab oshxonalarida tayyorlash va sotish taqiqlangan mahsulotlar haqida ma’lumot berildi 

Go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar), sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolat mahsulotlari va boshqa ko‘plab mahsulotlarni maktab oshxonasida tayyorlash va sotish taqiqlangan. 

Foto: Pavel Lisitsyn

Qonunchilik bilan maktab oshxonalarida tayyorlash va sotish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati shakllantirilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lumot berdi. 

— «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari»ga ko‘ra, quyidagilar maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas: 

- Go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar);

- Sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolat mahsulotlari;

- Sun’iy konservantlari bo‘lgan «suxariki» va chipslar, qurt, pista, uy sharoitida tayyorlangan donali shimiladigan shirinliklar;

- Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar;

- Veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq, parrandalar; jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-pochalar;

- Tashqi qobig‘i toza bo‘lmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar;

- Bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli o‘zgargan, yorlig‘i bo‘lmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan har-xil turdagi  konservalar;

- Turli aralashmalar yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar;

- Kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar);

- Xolodets, parranda va tuyoqli hayvonlar oyog‘idan tayyorlangan hamda kalla go‘shti ruletlari, o‘pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar;

- Pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq, qo‘lbola qatiq, epizootik noxush xo‘jaliklardan olingan, shuningdek dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari, qimiz va tarkibida etanol bo‘lgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar;

- Qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;

- Kvas;

- Xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, qaynatilgan kolbasa;

- Sirka, xantal, xren (yerqalampir), o‘tkir qalampir (qizil, qora) va boshqa o‘tkir ziravorlar;

- O‘tkir ta’mli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar;

- Tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik va alkogol ichimliklar;

- Pazandalik moylari, cho‘chqa yog‘i, margarin va boshqa gidrogen yog‘lar;

- Danakli mevalarning mag‘zi, saqich, meva va rezavorlilardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz);

- Okroshka va sovuq sho‘rvalar, yog‘da qovurilgan tuxum, pashtet, go‘sht va tvorogli quymoqlar. 

Shuningdek, tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlarning maktab oshxonalarida bo‘lishi taqiqlanadi. 

Mavzuga oid