Jamiyat | 10:09 / 28.08.2023
33427
7 daqiqa o‘qiladi

“Tanasida 3 ta igna qoldi” – ignalar bilan yashayotgan bolakay Azizbek 6 yoshga to‘ldi

2018 yilning yanvar oyida 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani barchani hayratga solgandi. 9 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida ignalarning 11 tasi chiqarib olindi. Qolgani hozirgacha Azizbek bilan birga, uning ichida “yashamoqda”. Shifokorlar bola kuchga to‘lib, qadam tashlashni boshlashi bilan qolgan ignalarni ham olib tashlashga qaror qilishgan.

9 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida bola tanasidan 11 dona igna chiqarib olindi. 3 ta igna hozirgacha Azizbekning ichida kezib yuribdi. Shifokorlar bola qadam tashlashni boshlashi bilan qolgan ignalarni ham olib tashlashga qaror qilishgan. 

17 kunlik komadan omon chiqqan Azizbek 6 yoshga to‘ldi. U gapira olmaydi, emaklab yuradi. Go‘dak tanasiga bunchalar ko‘p igna qanday kirib qolgani esa hamon jumboqligicha qolyapti.

Quvonarlisi, og‘ir sinovlarga duch kelgan oilada yaqinda qiz chaqaloq tug‘ildi.

Uyimizda hech qachon bunday ko‘p igna ishlatilmagan...

“Ro‘zg‘orda bunchalik ko‘p igna ishlatmaganmiz. Nari borsa 3-4 ta ignadan foydalanar edik.

Havoxon Boltaboyeva, Azizbekning buvisi

U ham bo‘lsa xaltachada g‘altak ipga qadalgan holda devorda osilgan bo‘lardi. Azizbek esa o‘sha paytda endigina 11 oylik chaqaloq edi. Devorda osilib turgan narsani oladigan darajada emasdi. Hodisa qanday sodir bo‘lgan o‘zimiz ham hayronmiz.

O‘rtahol oilamiz. Qo‘shnilar ham hammasi yaxshi odamlar. Birov bizga dushmanlik ham qilmagan shu paytgacha, hech kimga xusumatimiz ham bo‘lmagan. Yaratganga shukr, Azizbek 5 yoshga to‘lganda singilli bo‘ldi. Birga ulg‘ayishyapti.

Azizbekning singlisi

Igna chiqqani haqidagi xabarni eshitib hayratdan qotib qolganmiz. Boshida ishonmadik. Rentgen tekshiruvlarida tanada igna borligi ko‘rsatilganidan keyin taqdirga tan berdik.

Nevaram Azizbekka biror kor-hol bo‘lgudek bo‘lsa qanday chidarkanman deb o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qolganman o‘shanda. Yaratganga shukr, nevaramni bizga qaytarib berdi. Bo‘yi bir me’yorda o‘syapti. Bog‘chaga boradi.

Mudhish hodisadan keyin qishloqda har xil gaplar bolaladi. Bosh ko‘tarib yura olmay qoldim. Yurgazib olsak marra bizniki. Shifokorlar bolaning miyasida qon qotib qolgani, u erib, yuvilib singib ketsa qadam qo‘yishni boshlashini aytishdi”, – deydi Azizbekning buvisi Havoxon Boltaboyeva.

Hammasi yomon tushga o‘xshaydi...

“O‘sha mudhish voqeaga ham 5 yil bo‘libdi. Ishongim kelmaydi. Hammasi yomon tushga o‘xshaydi. Yaratganning O‘zi mehribon, shuncha tashvish ortidan qiz farzand berdi. Ular birga o‘ynashadi. Akasi singlisini avaylaydi. Buni Azizbekning harakatlaridan bilish qiyin emas.

Shohsanam Boltaboyeva, Azizbekning onasi

Anchagina sinovlarga duch keldik. Qo‘limga o‘sha ignalarni olmagunimcha ishonmaganman. Vaqt o‘tishi bilan hammasi iziga tushyapti. Tengdoshlaridan orqada bo‘lsa ham u ulg‘ayyapti. Vaqt hammasiga davo. Oyoqqa turib ketishiga umid qilaman.

Xalqimizga rahmat aytaman. Kimdir moddiy, yana kimlardir ruhiy dalda bo‘ldi. Duolar ortidan o‘g‘lim shunchalik sog‘ayib ketdi.

***

O‘tgan damlar men uchun og‘ir. Eslagim kelmaydi. Azizbekning issig‘i hadeganda tushavermagach tuman poliklinikasiga chiqqanmiz. U yerdan markazga jo‘natishdi.

Viloyat tez tibbiy yordamiga borganimizda rentgen qilishdi. Rentgen bir emas 3 marta qayta-qayta qildirganman. Hatto tana ichida ignalar borligiga rentgen natijasini ko‘rgan shifokorlar ham ishonishmagan. Operatsiya bo‘lib qo‘limga ignani tutqazmagunlaricha ishonmaganman.

Jarrohlik amaliyotidan o‘tkazgan, professor Habibulla Akilov Azizbek bilan

2018 yilda turmush o‘rtog‘im Rossiyada edi. O‘g‘lim bilan ota uyimda yashardim. Eng qizig‘i uyda ortiqcha igna turmagan. Ignani kimdir qasddan o‘g‘limga bergan taqdirda ham qandaydir iz qolish kerak edi. O‘g‘limning murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazganiga hali ham ishonmayman. Operatsiyaga Azizbek hech narsa bo‘lmagandek o‘ynab kirib ketdi.

Azizbek yurishga harakat qilyapti-yu, lekin kuchi yetmayapti. Ulg‘aygan sari ko‘tarish ham qiyin bo‘larkan. Keyin o‘zining xohishlari ham ko‘payarkan. Xohishini bizga tushuntirishga harakat qiladi. Biz uning dardini anglay olmasak alamdan jahli chiqib ketadi.

Qani endi vaqt orqaga qaytsa-yu o‘g‘limga qaytadan qarasam. Men o‘zimni kechira olmayman. Mendan ko‘ra o‘g‘lim azob chekyapti. O‘rtoqlari qatori yursa, gapirsa deyman. Hamma onaning ham orzusi shu ekan. Shifokorlar umidni so‘ndirmaslikka chaqiryapti”, – deydi Azizbekning onasi Shohsanam Boltaboyeva.

Azizbek “non”, “aya” degan so‘zlarni gapira boshladi...

“Azizbekning holati yaxshi. Bog‘chaga boryapti. Qo‘li yordamida biror narsa ushlab tikka turishga harakat qilyapti.

Azimjon Xudoyberdiyev, Azizbekning otasi

Tizzalab, emaklab yuradi. “Non”, “aya” degan so‘zlarni gapira boshladi. 4 yil avval rentgen qilgan edik. Hozir ham o‘g‘limning tanasida 3 ta igna bor. Lekin rentgenda 4 ta igna chiqqan. Shu yilning yanvar oyida Azizbekni Toshkentga olib borib shifokor ko‘rigidan o‘tkazib keldik.

Shifokor vaqti kelib bolada o‘zgarish bo‘lishini aytdi. Azizbek yurishni boshlab kuchga to‘lsa, operatsiya qilib qolgan ignalarni olib tashlaymiz. O‘g‘lim imo-ishoralar bilan bo‘lsa ham gapini tushuntirishga harakat qiladi.

Asosan bo‘sh kunim shanba-yakshanba kunlari Azizbekni ko‘chaga o‘ynatgani olib chiqaman. Kundan kunga yaxshi tomonga o‘zgaryapti.

O‘sha vaqtda Rossiyada ishlardim. Endi esa o‘z vatanimdaman.

Azizbekning otasi mini traktor yordamida pul topadi

Alloh shu yerning o‘zida rizqimizni beryapti. Kam bo‘lganimiz yo‘q. Keyingi yili Azizbek maktabga chiqadi.

U kunlarni eslagim ham kelmaydi. Farzand hammaga ham aziz. Alloh umrini bersin. Sinov berganiga shukr deymiz,” – deydi Azizbekning otasi Azimjon Xudoyberdiyev.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid