«Ajralish yo‘q, bir birimizga kerakmiz» – hatto dardni birga chekuvchi uch egizak
Hasan, Husan va Tohir – 16 yoshda. “Biz bir birimizni to‘ldirib turamiz” deydi ular, chunki har birida o‘ziga xos qobiliyat bor. Bolalarning onasi hozirgacha ularni adashtirib qo‘yadi. Kun.uz bu quvnoq oila haqida reportaj tayyorlarkan, egizaklarni ota-onasi ovozidan qanday ajrata olishi haqida kichik eksperiment ham o‘tkazdi.
Uch egizak – Hasan, Husan va Tohirning otasi Jahongir Gulyamov, onasi –Saodat Gulyamova. Egizaklar 2007 yilda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. “Bolalarim to‘rt haftaligida shifokorlar 2 egizak tug‘iladi deyishgan, 8 haftaligida 3 o‘g‘il deyishgan. Juda hayajonlanganman, qo‘rqib ketganman, dunyoda shunaqa 3 egizak tug‘iladimi? O‘zimga birinchi bergan savolim shu bo‘lgan. U vaqtlar bu holat juda kam uchrardi, 3 nafar egizak tug‘ilibdi degan gaplarni eshitmas ham edik”, – deydi Saodat opa.
Egizaklarning otasi esa 3 egizak tug‘ilishini eshitgandagi holatini shunday tasvirlaydi:
“Birinchi marta bu xabarni telefon orqali eshitganman, taxminan 1 minutcha shok holatiga tushib qotib qolganman”.
Egizaklarning kattasi Hasan ularni birinchi ko‘rgan odam, albatta, “egizakmisizlar?” degan g‘alati savolni berishini aytadi.
“Ko‘rib bila turib, so‘rashadi. Yana “kim katta?” deyishadi. Yoki “kim Hasan, kim Husan?” deb so‘rashadi”, deydi u.
Bolalarning onasi Saodat opa egizaklarga hamma havas qilishi, ammo ularni katta qilishning anchagina mashaqqati borligini aytadi.
“Ularga uchta deb havas qilishadi, men ham yoshligimda havas qilganman, lekin 3 bolani bir vaqtda katta qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Bir vaqtda yig‘laydi, bir vaqtda kasal bo‘ladi, bir vaqtda uyg‘onadi, bir vaqtda beshikdan yechib olib ko‘tarish kerak. Mana shu joylari qiyin bo‘lgan. Bolalar 4 oylik bo‘lguncha vazn olish uchun shifoxonada yotganmiz. (Har biri 1,5 kgdan tug‘ilgan). Keyin onam va qaynonam yordam berganlar, shunday qilib katta qilganmiz”, – deydi Saodat opa.
Otasi ular bir-biriga mehribonligi va doim bir-birini qo‘llab-quvvatlashini faxr bilan gapiradi.
“Kimdir yiqilsa, yoki nimadir bo‘lsa, ko‘ngil sezadi, g‘ashlik tortadi. Ko‘rishganimdan keyin birdaniga so‘rayman, nimadir bo‘ldimi, deyman. Ha, haqiqatan nimadir bo‘lgan bo‘ladi”, – dyeydi Hasan.
Ular bir-biriga juda o‘xshaydi. Hatto Saodat opa hozirgacha Hasan bilan Husanni shifoxonada adashtirib qo‘yishgan deb ikkilanishini aytadi.
Tohir Husanning o‘rniga ingliz tilidan lug‘atlarni aytib berib, unga yuqori ball olib berganini aytadi. U voqeani shunday eslaydi:
“O‘sha payt IELTS o‘qiyotgan edik, yangi o‘qituvchi kelgandi. Husan lug‘at yodlab kelmagan. Mendan yordam berishimni so‘radi. Birinchi o‘zim topshirdim va yuqori ball oldim. Ustoz Husanni nega yodlamading deb urishdi. Yangi o‘qituvchi bo‘lgani bizga qo‘l keldi, u bizni ajrata olmasdi. Lug‘atni yaxshilab yodlab, Husanning o‘rniga topshirishga borganman. Avvaliga sezib qolmasligi uchun ko‘p xato qildim va yana bir imkon berishini so‘radim. Biroz tayyorlangan bo‘lib, qayta topshirib, Husanga ham katta ball olib berganman”, – deydi Tohir.
Hasan, Husan va Tohir rejissyor Zulfuqor Musoqovning “Osmondagi bolalar-3” filmida rol ijro etgan, ular asosiy qahramon Javohirning farzandlari roliga taklif qilingan.
“Bu tasodifan ro‘y berdi. Film uchun egizaklar qidirilayotgan ekan, bolalarning rasmlarini ko‘rgan ijodiy guruh ularni filmga chaqirdi. Film yaxshi chiqdi, tomoshabinlarga manzur keldi”, – deydi bolalarning otasi.
Onasi egizaklarning ruhiy va jismoniy holati bir-biriga bog‘liq bo‘lib, bir vaqtda kasal bo‘lishini aytadi.
“O‘tgan yili Husanning burnini operatsiya qildirgandik. 2 oy oldin xuddi shu muammo Hasan bilan Tohirda ham kuzatildi va ularning ham burnini operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Bolalarga narkoz berib, operatsiyaga olib kirilishi bilan Husan bezovta bo‘lishni boshladi. 20 minutlar o‘tgandan keyin bezovtalikdan mazasi qochdi, ichi og‘riy boshladi. Shifokorlar qarab, og‘riq qoldiruvchi dori bergandan keyin o‘ziga keldi”.
Bolalarning har birida qaysidir sohada qobiliyat bor. Hasan “ayti”ga qiziqadi, o‘zi mustaqil kiberxavfsizlik yo‘nalishida o‘qiydi. Husan arxitektura va chizmalikda yaxshi, hozirdan bu sohani chuqur o‘rganishni boshlagan, qo‘shimcha darslarga qatnayapti. Tohir esa ingliz tili va matematikada qobiliyatli.
“Xususiy maktabda o‘qishadi. Ingliz tili bilan, matematikadan chuqurlashtirilgan bilim olishyapti. Yaqinda Toshkentda eng nomi chiqqan o‘quv markazlariga ham olib borib ko‘rdim. Imtihonlardan o‘tishdi. Bir xususiy maktabda bepul o‘qishni kafolatlaydigan grant yutishdi. Amerikaning FLEX dasturi bo‘yicha imtihonlarning 2-bosqichidan ham o‘tishdi. Ularni chet elda o‘qitish niyatimiz bor. Husan arxitektura sohasida yaxshi natijalar ko‘rsatyapti, Hasan esa kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘qiyapti. Tohir tibbiyotga astoydil qiziqishi borligi uchun uyda kimdir bemor bo‘lib qolsa, darrov qanday dori ichish kerak, nima qilish kerak, maslahat bera boshlaydi. Ingliz tili va matematika yo‘nalishida ketayotgan bo‘lsa ham kimyo biologiyani o‘zi qiziqib o‘qiydi”, – deydi otasi.
Saodat opa yaqinda Kun.uz’da nashr qilingan namanganlik nuroniy egizaklar haqidagi videoni ko‘rgach, bolalar bir-biriga “inim” deb gapirishni boshlaganini aytadi.
“Yaqinda Kun.uz’da 80 yoshli egizaklar haqidagi lavhani ko‘rdik, juda havasim keldi, nuroniy otaxonlar ekan. O‘shandan keyin bolalarim bir-biriga “inim” deb sizlab gapiradigan bo‘ldi. Sal aytishib, urishib qolishsa ham, “inim” deb yarashib olishadi. Yana bir biriga “qachon haq berasan?” deyishni o‘rganib oldi. Pensiya olsangizlar haq berasizlar deyman”.
Bolalar did borasida o‘xshash emasligini aytadi.
“Didimiz har xil, fikrlashimiz har xil – bittamizga yoqqan bo‘lsa, boshqamizga yoqmaydi. O‘xshash tarafimiz ko‘proq ovqatlarda”, - deydi Hasan.
Tohir esa akalari borligidan faxrlanishini aytadi.
“Bitta o‘zim bo‘lsam qanaqa bo‘larkan, erkatoy bo‘lib yuraman, deb o‘ylardim. Keyin o‘ylab qarasam, yonimda akalarim bo‘lishi yaxshi ekan. Yelkadosh, suyanchiq bo‘ladi. Yangi maktabga birinchi marta borganimizda bolalar “sakragan”, akalarim shu paytda turib bergan”.
Bolalarning otasi ulardan umidlari kattaligini aytadi. Dunyoning eng TOP universitetlarida o‘qitish niyati borligini, hozirdan ularning o‘qishiga investitsiya kiritayotganini ta’kidlaydi.
“Uchta egizak bo‘lishi, avvalo, Allohning inoyati. Bu biz uchun – baxt. Ularning otasi bo‘lish esa juda qiziqarli. Bir-birini qo‘llab-quvvatlashidan har doim faxrlanaman”, - deydi u.
Hasan ukalariga doim bir gapni aytadi: biz o‘sha 80 yoshli Hasan va Husan egizaklardek bo‘lishimiz kerak. Tashlab ketish yo‘q!
Madina Ochilova suhbatlashdi
Operatorlar – Muhiddin Qurbonov,
Abduqodir To‘lqinov
Montajchi – Muhiddin Qurbonov
Mavzuga oid
10:55 / 13.12.2024
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi
16:28 / 02.12.2024
Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi - tadqiqot
09:52 / 26.11.2024
10 oyda salkam 16 ming kishi oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortildi
17:26 / 08.11.2024