Jamiyat | 19:00 / 30.08.2023
16510
10 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Har bir ayol baxtli yashashga haqli

Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilib, jamg‘arma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 noyabrdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida olib boradi.

Jamg‘armaning asosiy maqsadi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni egallashda ularga ko‘maklashish va rag‘batlantirishdan iborat.

Shuningdek, jamg‘arma o‘z oldiga bir qator ustuvor vazifalarni belgilab olgan. Inchunin, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablag‘larini belgilangan tartibda joylashtirish, xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish yetakchi vazifalaridandir. Shu bilan birgalikda, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini saqlash, xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ularning mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish shular jumlasidan.

Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan respublikada og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni nogironlik aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash borasida amaliy ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan ezgu amallar bevosita yurtboshimiz tashabbuslari, shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyevalarning ko‘maklari asosida amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning iyul-avgust hisobiga ko‘ra yurtimizdagi ijtimoiy-himoyaga muhtoj bo‘lgan 2 587 nafar xotin-qizlarga reabilitatsiya vositalari yetkazib berildi. Shundan, 1 125 ta nogironlik aravachasi, 778 ta eshitish moslamasi, 559 ta hassa va qo‘ltiqtayoq hamda 125 ta ko‘zi ojizlar hassasi, yurish moslamasi kabi vositalar o‘z egalariga topshirildi.

– Ancha yillardan buyon yurish imkoniyatim cheklanib qolgan edi. Meni yo‘qlab poytaxtdan kelgan mehmonlar: “Shu mahallada aylanib yursin”, – deya arava olib kelibdi. Bundan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Ilohim, yurtimiz tinch, xalqimiz sog‘-salomat bo‘lsin. Shuncha yo‘l bosib meni yo‘qlab kelibdi, ularni har doim xudo yo‘qlasin! – deydi o‘z duolarida Jizzax viloyati “Xalqobod” MFYda yashovchi 92 yoshli Qumri aya Qayumova.

– Farzandim necha yillardan buyon og‘ir xastalik sabab to‘shakka mixlanib qolgan. Uning bir dardini ko‘rib, o‘zim ming dard bilan yashayapman. Farzandi betob bo‘lib, tunlarini bedor o‘tkazish qismatini har bir ayol yaxshi his etadi. Biroq davosi mushkul bo‘lgan dardga chalingan jigarporasining ko‘zlariga termilib umr o‘tkazish azob. Bir kun bo‘lsa ham hayotning go‘zalligini, quyosh taftini, tabiat nafasini his etib yashashi uchun bolamga har qanday sharoit qilishga tayyorman. Biroq dori-darmonning o‘zi ham ancha pul bo‘lib ketadi. Farzandimni hovlida aylantirib yurish uchun nogironlik aravachasi anchadan buyon zarur edi. Yurtboshimizning e’tibori bilan mutasaddi tashkilot vakillari shuncha yo‘ldan bizdan hol so‘rab kelibdi. O‘g‘lim uchun nogironlik aravachasi keltirgani ko‘nglimga chiroq yoqqandek bo‘ldi. Ilohim hamma onalarning farzandi sog‘ bo‘lib, ko‘pning bolasi qatori o‘g‘lim ham tezroq oyoqqa turib ketsin. Biz uchun qilgan bu xayr-saxovat egalarining Olloh umrini ziyoda qilsin, – deydi Navoiy viloyati Karmana tumani “Ziyokor” MFYda yashovchi fuqaro Hanifa Doniyorova.  

 DARDLARGA DARMON ISTAB

Dunyo go‘zalliklarini o‘zida mujassam etgan bir xilqat borki, u bilan xonadonimiz fayzli, qalbimiz nurafshon. Uning hayotimizda borligi baxt bo‘lsa, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi kerakligini his etib yashashi kelajak-avlod ta’lim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero sog‘lom farzandlarni sog‘lom onalargina tarbiyalay oladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan hududlarda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda o‘rganish hamda hal etish doirasida ro‘yxatlar shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxatlar asosida Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan maxsus jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatidagi hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarning davolanishi uchun mablag‘lar ajratib kelinmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlari yoshidan qat’i nazar) farzandlariga davolash, dori vositalari olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun mablag‘ zarur bo‘lgan holatlarda tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi xulosasi va sektor rahbari tavsiyasi bilan tibbiy muolaja xarajatlarini “Ayollar daftari” jamg‘armasi va Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berish ko‘zda tutilgan.

Mana shu xayrli ishning amaliy isboti sifatida joriy yilning iyul-avgust oylarida 929 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish maqsadida jarrohlik amaliyotlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlarga 20 milliard 580 million 338 ming so‘mlik mablag‘lar qoplab berildi.

– O‘zim “Ayollar daftari”da turaman. Sog‘ligim ham, ijtimoiy ahvolim ham yaxshi emas. Uch nafar farzandni bir amallab ulg‘aytirdik. Taqdirning sinovi bo‘lib katta qizim 3 yoshida qaynoq suvga tushib ketdi. Va bu shifokorlar tomonidan og‘ir kuyish deb baholandi. Olib bormagan shifokorimiz qolmadi. Har yili kasalxona eshigida sarg‘ayib umrimiz o‘tmoqda. Terining qattiq kuyishi boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqarar ekan. Bir paytning o‘zida ko‘rish sistemasi pasayib, asab va turli ichki kasalliklarning ham rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda 23 yoshga kirgan qizim Dildora G‘aybullayeva “Yoshlar daftari”da turadi. Teridagi bitmas yaralar oqibatida 21 marta jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan farzandimga teri ko‘chirish kerakligini shifokorlar aytishganida, chorasizligimiz, ya’ni mablag‘imiz yetmasligi yuragimga og‘ir nish bo‘lib botardi. Ollohga shukurki, yurtboshimizning olib borayotgan oqilona siyosatlari sabab qizimning davolanishi uchun 17 million 500 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Samarqanddagi markaziy shifoxonada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, qizim ayni paytda o‘zini ancha yaxshi his etyapti. Dunyoda yaxshi odamlarning borligi rost. Yaxshiyam ular borki, bizga o‘xshagan onalarning dardiga darmon bor, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahri “Zomin” MFYda yashovchi Nurniso Fayziyeva.

Bu kabi xayr-saxovat yo‘lida bosh-qosh bo‘layotgan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasining rejalari bisyor. Eng avvalo hech bir xotin-qiz biror dard sabab aziyat chekmasin, jamiyatdan o‘zini ayro his etmasin, ko‘ngli o‘ksimasin. O‘ksik qalblarga darmon bo‘lish eng oliy maqsaddir.  

“Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi” ijrochi direktori Umrbek ISMAILOV

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid