O‘zbekiston | 19:34 / 30.08.2023
8929
2 daqiqa o‘qiladi

Talaba bo‘lgan abituriyentlarning 48 foizdan ko‘pi ayollar ekani ma’lum qilindi

Ayollarning o‘qishga qabul qilinish foizi ta’lim, ijtimoiy ta’minot, tillar yo‘nalishiga ko‘proq bo‘lsa, transport, arxitektura va AKT sohalarida erkaklar ulushi yuqori bo‘lgan. 

Foto: Kun.uz

Yangi o‘quv yili uchun 193421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa, shuning 100 491 nafari – 52 foizi erkaklar, 92 930 nafari – 48 foizi esa ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bilim va malakalarni baholash agentligi taqdim etgan statistikaga ko‘ra, test sinovida ayollar erkaklarga nisbatan yuqoriroq ball to‘plaganini ko‘rish mumkin.

Davlat granti uchun o‘rtacha o‘tish balli erkaklarda 112,4 ballni, ayollarda 125,1 ballni tashkil qilgan. To‘lov kontrakt esa erkaklarda 88,9 ballni, ayollarda 98,5 ballni tashkil etgan.

Agentlikka ko‘ra, erkaklar va ayollarda o‘rtacha o‘tish ballarining bunday farq qilishi ular ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan ta’lim yo‘nalishlari va ulardagi o‘tish ballari bilan bog‘liq.

Ta’lim sohalari bo‘yicha foiz hisobida olinganda ijtimoiy ta’minot – 91,7 foiz, tillar – 88,5 foiz va ta’lim – 78,7 foiz sohalariga ayollar qabul qilingan.

Erkaklar esa ko‘proq transport xizmatlariga – 93,5 foiz, arxitektura va qurilishga – 84,8 foiz va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga – 75,3 foiz talabalikka tavsiya etilgan.

Abituriyentlarning ta’lim sohalari kesimida talabalikka tavsiya etilish ko‘rsatkichlari

Ma’lumot uchun, yangi o‘quv yili uchun OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun 948 491 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan edi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan biroz past.

Mavzuga oid