O‘zbekiston | 07:53 / 31.08.2023
6528
3 daqiqa o‘qiladi

Sudyalikka talabgorlar sinovlarda nega 0 ball olganiga izoh berildi

Sudyalar oliy maktabining Cudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga kirish sinovlarining insho bosqichida tartib-qoidalarga rioya etmagan 8 nafar talabgorga 0 ball qo‘yilgan. 

Foto: Sudyalar oliy kengashi

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Cudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga kirish sinovlarida ayrim talabgorlarga 0 ball qo‘yilgani ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Sudyalar oliy kengashi holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Ma’lum qilinishicha, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga kirish sinovlarini topshirayotganlar, ko‘pgina xabarlarda urg‘u berilayotgani kabi sudyalikka nomzodlar emas, balki talabgorlar hisoblanadi. Talabgor sudyalikka nomzod bo‘lishi uchun kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, kurs tinglovchisi bo‘lishi hamda uni muvaffaqiyatli bitirishi shart.  

Shu bosqichlardan o‘tgan mutaxassisgina sudyalikka nomzod bo‘lishi mumkin. Biroq shunda ham sudyalik lavozimi kafolatlanmaydi. Oldinda yana bir dovon borki, endi nomzod Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tkaziladigan bo‘sh sudyalik lavozimlari uchun ochiq tanlovda ishtirok etishi kerak. Ochiq tanlov muqobillik asosida o‘tkazilib, munosiblargina sudyalik lavozimiga tayinlanayotgani jamoatchilikka ma’lum.

Cudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga kirish sinovlarining insho bosqichida 50 dan ortiq mavzular ichidan 3 tasi talabgorlar tomonidan yopiq konvertlar orasidan tavakkalchilik asosida tanlab olinadi. Tanlab olingan mavzular bo‘yicha yozilgan insho daftarlarining muqovasi olinib, birinchi varag‘iga maxsus shifr qo‘yilgan holda (shu tariqa talabgorlar shaxssizlantiriladi, bundan maqsad xolislikni ta’minlash, turli shubha va korrupsion holatlarning oldini olishdir) maxsus baholovchi komissiyaga topshiriladi. Talabgorlar insho yozilgan daftar varaqlariga (muqovasiga emas) o‘z ismi-sharifini yozishi yoki biror bir ko‘zga yaqqol tashlanadigan belgi qo‘yishi mumkin emasligi, aks holda 0 ball qo‘yilishi haqida ogohlantirilgan.

Kirish sinovlarining ayni shu bosqichida 8 nafar talabgorga yuqoridagi tartiblarga rioya qilmagani uchun 0 ball qo‘yildi”, deyiladi Sudyalar oliy kengashi izohida.

Qo‘shimcha qilinishicha, talabgordan biri insho daftarini topshirmay, o‘zi bilan olib ketgan.  

Mavzuga oid