Jahon | 08:53 / 01.09.2023
5995
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda ultrao‘ngchilar sobiq yetakchisi Kapitoliyga hujum ishi bo‘yicha 17 yilga qamaldi

Proud Boys ultrao‘ngchilar guruhi sobiq rahbari Jozef Biggs Kapitoliyga bostirib kirishda ishtirok etgani uchun 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklar ishi bo‘yicha ikkinchi eng qattiq hukmdir. 

Foto: Reuters

31 avgust, payshanba kuni AQSh sudi Proud Boys («Mag‘rur yigitlar») ultrao‘ngchilar guruhining sobiq rahbari Jozef Biggsni 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga bostirib kirishda ishtirok etgani uchun 17 yilga ozodlikdan mahrum qildi. May oyida Vashingtondagi hakamlar hay’ati Biggs va uning uch tarafdorini fitna hamda isyonga undashda aybladi

Sud qarorida aytilishicha, Iroq urushi faxriysi va Infowars konspirologik saytining sobiq muxbiri Biggs «hukumatga qarshi qo‘zg‘olon»ni boshqarish uchun «o‘zining harbiy tajribasidan katta odamlar guruhlarini yo‘naltirish va nazorat qilish maqsadida foydalangan». Shuningdek, unda aytilishicha, «Biggs o‘zini va harakatini ikkinchi Amerika inqilobi jangchilari sifatida ko‘rgan, bunda u va boshqa «vatanparvarlar» kuch bilan hokimiyatni qaytarib olishni rejalashtirgan». 

Prokuratura Biggsni 33 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Biroq, sudya Timoti Kellining ta’kidlashicha, u «zo‘ravonlik ko‘lamini pasaytirishga urinmayotgan bo‘lsa-da», 6 yanvardagi tartibsizliklar ko‘p sonli qurbonlarga olib kelmagan. Bundan tashqari, Biggs uchun qattiqroq hukm tartibsizliklarning boshqa ishtirokchilariga berilgan hukmlardan farq qiladi, dedi Kelli. 

Biggsning o‘zi esa jarayon davomida qilmishidan pushaymon bo‘lib: «Men terrorchi emasman, qalbimda nafrat yo‘q», dedi. 

2021 yil qishda Kapitoliyga hujum 

2021 yilning 6 yanvarida o‘sha paytdagi prezident Donald Trampning minglab tarafdorlari AQSh Kongressi amaldagi davlat rahbari Jo Baydenning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini tasdiqlamasligi uchun Kapitoliy binosiga bostirib kirdi. Oqibatda to‘rt nafar tartibsizlik qatnashchisi va bir politsiyachi halok bo‘ldi, yana 140 nafar politsiyachi yaralandi.

Hammasi bo‘lib, Kapitoliyga bostirib kirish bo‘yicha tergov davomida mingdan ortiq odamga, jumladan Trampning o‘ziga ham ayblovlar qo‘yildi. Oath Keepers («Qasamyod qiluvchilar») o‘ng guruhi asoschisi Styuart Roudsga 25 may kuni chiqarilgan hukm eng qattiq jazo bo‘lib qolmoqda - unga 18 yil qamoq jazosi berilgan. Sobiq desantchi, keyinchalik advokat bo‘lgan Rouds sud jarayonida o‘zini «siyosiy mahbus» deb atagan. 

Mavzuga oid