O‘zbekiston | 12:06 / 01.09.2023
37065
11 daqiqa o‘qiladi

Mustaqillikning e’lon va bayram qilinishi: 32 yil oldin gazetalar O‘zbekiston ozodligini qanday yoritgan?

“Mustaqillik kuni tug‘ilgan chaqaloqlarga aravacha va 1000 so‘mdan pul beriladi”, “O‘zbekning o‘z urug‘in ekkanligi rost bo‘lsin!”, “Yurtimizga mustaqillik bilan biroz dasturxonimizning rangini o‘chirib bozor deganlari ham kirib keldi”, deyiladi mustaqillik e’lon qilingandan keyin nashr qilingan gazeta sonlarida. 1991 yil 31 avgustda Oliy Kengashning 6-sessiyasida O‘zbekiston mustaqil bo‘lgani e’lon qilinadi. Shu kuni va mustaqillikning 1 yilligi arafasida o‘zbek matbuoti nimalarni yozdi?

“Ishonch”, 1992 yil, 31 avgust

1991 yillarda o‘zbekistonliklar o‘qiydigan “O‘zbekiston ovozi”, “Ishonch”, “Qishloq haqiqati” va “Oila va jamiyat” kabi gazetalarda e’lon qilingan maqolalarning aksarida odamlar, mustaqillikni juda katta umid bilan kutib olgani va mustaqillik ularga farovon hayot berishiga ishonishgani ko‘rinadi.

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 31 avgust

O‘sha paytdagi Kommunistik partiyaning nashri hisoblangan “Sovet O‘zbekistoni (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”)” gazetasi 1991 yil 31 avgust shanba kuni bosh sahifasida “Tarixiy kun bugun” sarlavhali xabar e’lon qiladi. Unda 31 avgust soat 10da Toshkent shahrida O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasi ochilishi e’lon qilinadi. Bu vaqtda sobiq sovet ittifoqi tarkibidagi respublikalar birma-bir o‘z mustaqilliklarini e’lon qilishni boshlagandi. Navbat O‘zbekistonga kelgandi. Shuning uchun ham bu sessiyaga deputatlar “o‘zgacha ko‘tarinki ruh” bilan kelgani yozilgan.

Ular ilk bor O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini qonuniy kuchga kiritish, xalqning ezgu orzusini amalda ro‘yobga chiqarish, ertangi kunning umid chirog‘ini yoqishdek tarixiy masalani muhokama etadilar. Xalq irodasiga quloq solib, uning qalb amriga labbay deb otilib chiqqan sardorlarimizga ham, minglab saylovchilarning Oliy Kengashdagi vakillariga ham, bu tarixiy sana ijodkorlariga ham odam yor bo‘lsin”, deyiladi gazeta xabarida.

“Sovet O‘zbekistoni” gazetasi nomi 1991 yil 1 sentabrdan boshlab “O‘zbekiston ovozi” nomiga o‘zgaradi va bosh sahifa “Assalomu alaykum, Mustaqil O‘zbekiston” degan yozuv bilan chiqadi.

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 1 sentabr

1 kun oldin chaqirilgan 6-sessiya axboroti ham shu sonda e’lon qilinadi. Deputatlar Oliy Kengashning respublika davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi bayonotini qabul qiladi va tegishli qarorga muvofiq O‘zbekiston SSRning nomi O‘zbekiston Respublikasi deb o‘zgartiriladi. Shu kundan boshlab Mustaqillik kuni bayram qilinadigan bo‘ladi va dam olish kuni hisoblanadi. Oliy Kengash moddama-moddda muhokamadan keyin O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan.

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 1 sentabr

Gazetaning bosh sahifasida Islom Karimovning nutqi e’lon qilinadi. Nutq shunday boshlanadi: “Hurmatli o‘rtoqlar, Yurtdoshlarim! 19-21 avgust kunlari ro‘y bergan davlat to‘ntarishi sababli mamlakat dahshatli halokat girdobiga g‘arq bo‘ladigan holatga kelib qoldi. O‘zlarini SSSRda favqulodda holat davlat komiteti deb e’lon qilgan bir guruh kimsalar millionlab odamlar boshiga yangidan misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar solmoqchi bo‘ldilar… Jumhuriyatlar mustaqil davlat bo‘lib qolishiga intilayotgani ularni qo‘rqitib yubordi. Hokimiyat qo‘ldan ketsa, ularning hech kimga kerak bo‘lmay qolishlarini ular anglab qoldi…”

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 1 sentabr

 

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 1 sentabr

Sahifa ostiga esa Abdulla Oripovning “Adolat oftobi” she’ri bosiladi.

Adolatning hayotbaxt shamollari yeldimi?

Haq nihoyat xalqimizning arzini qabul qildimi?

Necha yillar orziqib kutgan kunlar keldimi?

Yelkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin!

O‘zbekning o‘z urug‘in ekkanligi rost bo‘lsin!

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 1 sentabr

Gazetada yozilishicha, oltinchi sessiyadan keyin Karimov jurnalistlar bilan uchrashadi. Unda “Vashington post” muxbiri va boshqa mahalliy muxbirlar bilan uchrashib ularning savollariga javob bergan. Savollardan biri O‘zbekiston oltin konlarini qanday tasarruf qilishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Karimov bunga Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tayyorlanayotgan oltin va kumush respublika ixtiyoriga o‘tayotgani, agar markaziy hukumat bunga qarshi bo‘lsa, Zarafshon kombinati oltinlarini jumhuriyat xalqi tasarrufiga olish haqidagi masala ham qalqib chiqadi deya javob bergan.

“O‘zbekiston ovozi”, 1991 yil, 1 sentabr

“Ishonch” gazetasining 1992 yil 31 avgust sonida Mustaqillikning 1 yilligi sarhisob qilinadi. Odamlar bayramni nishonlash uchun Mustaqillik maydoniga borishi aytiladi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari raisi Bo‘ri Allamurodovich jurnalist bilan suhbatda mustaqillik haqida shunday deydi: “Respublika mustaqilligi bayrami har birimizning, har bir oilaning eng aziz, milliy bayramiga aylandi. Odamlar qalbidagi siz sezgan ko‘tarinkilik ham shundan…”

“Ishonch”, 1992 yil, 31 avgust

 

“Ishonch”, 1992 yil, 31 avgust

Gazetaning xuddi shu sonida yozuvchi, o‘sha paytda Oliy Kengashning millatlararo munosabatlar, til va madaniyat qo‘mitasi raisi bo‘lgan Pirimqul Qodirov mustaqillik ramzlari bo‘lgan gerb va bayroq qanday qabul qilinganini batafsil tushuntiradi, ramzlarni qabul qilishda qanday qarshilikka uchraganini aytadi: “… Amir Temur bayrog‘ining go‘zal moviy rangini va g‘aznaviylar bayrog‘ining tiniq yashil tasvirini biz shu yerdan topdik va ulardan nusxalar ko‘chirtirib, sessiya paytida xalq deputatlariga ko‘rsatdik. Akademik A.Asqarov ca mashhur tarixchi olim B.Ahmedov bilan birgalikda televizor orqali chiqishlar qilib, bayroq bilan gerbning turli muqobil variantlarini keng jamoatchilik oldida sharhlab berdik…”.

“Ishonch”, 1992 yil, 31 avgust

Navoiyning Nurota tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi Baxtiyor Bo‘ronov shunday deydi: “Hozirda Mustaqil Respublikamiz fuqarolari ortiqcha his-hayajonga berilmay, sabr-qanoat bilan o‘zlariga topshirilgan ishlarni sidqidildan bajarsalar, ko‘zlagan marramizga yetishimizga ishonamiz”.

“Ishonch”, 1992 yil, 31 avgust

Mustaqillik e’lon qilingan 6-sessiya va Karimov nutqi o‘sha paytdagi Kommunistik partiya Markaziy Qo‘mitasining yana bir nashri “Qishloq haqiqati” gazetasi bosh sahifasida ham bosiladi. Gazetaning keyingi sahifalarida esa O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulomning mustaqillik haqida “O‘shal kun keldi” maqolasi chop etiladi.

Bu yilning shu kunidan e’tiboran, ya’ni shu bugundan e’tiboran zaminimiz, tabiatimiz, yerosti boyliklarimiz, jami inshoot va korxonalar, xalqimiz yaratgan xazinalar-u dafinalarning hammasi jumhuriyatimiz ixtiyoriga o‘tadi. Jami yo‘llarimizga, daryo-ko‘llarimizga, hayvonot-u nabototdan tortib suv, havo temiryo‘llargacha – hamma hammasining sohibi o‘zimiz, o‘z xalqimiz… Tashqi iqtisodiy aloqalarimiz o‘z ixtiyorimizda bo‘ladi, shahar bozorlariga o‘zimiz yo‘l ochamiz, farzandlarimizni dunyoning eng mo‘tabar ilmgohlarida o‘qitamiz…

“Qishloq haqiqati”, 1991 yil, 1 sentabr

Mustaqillikdan keyingi 1 yil haqida “Oila va jamiyat” gazetasining 1992 yil 27 avgust sonida qator maqolalar chop etiladi, ulardan birida esa o‘zbek xalqining 1 yillik ahvoli qanday ekani haqida yoziladi. “Yurtimizga mustaqillik bilan biroz dasturxonimizning rangini o‘chirib bozor deganlari ham kirib keldi. U turli sinovlarni ro‘baro‘ qilib zabtiga olmoqda. Sinov og‘ir kechayotgani rost… Mustaqillik keldi. Lekin hali yo‘qchilik borligi, sotsializm butun umr yashirib kelgan o‘g‘rilik, yulg‘ichlik mavjudligi ham bor gap”.

“Oila va jamiyat”, 1992 yil 27 avgust

Gazetaning “Yetti kun” ruknida mustaqillik kuni arafasiga bag‘ishlangan qiziq fikrlarni ham uchratish mumkin.

– Birinchi sentabrga o‘tar kechasi Toshkent tug‘uruqxonalarida dunyoga kelajak bolakaylarda mazza bo‘ladi. Poytaxt hokimligi mamlakatimizning mustaqillik bayrami munosabati bilan ularga bittadan aravacha va omonat kassalar orqali 1000 so‘mdan pul sovg‘a qilmoqchi – dedi o‘tgan shanba kuni shahar hokimi o‘rinbosari janob A. Razzoqov.

– Mustaqillik maydonida o‘tajak bayram konsertida bolalarning 15ga yaqin ijodiy jamoasi tomosha ko‘rsatadi. Ular orasida O‘zbekiston Bolalar jamg‘armasining “Tomosha” teatr-studiyasi jo‘jiqlari-da bor.

– Bayram kunlari 130 ming shisha chanqovbosdi ichimlikni, 30 tonna muzqaymoqni iste’mol qilishlari mumkin. 234ta maxsus savdo do‘koni ularning xizmatda bo‘ladi.

– Mehmonxona bufetlari esa kechki soat 12gacha ishlaydi, chunki mehmonlar yarim tungacha tomosha bilan band bo‘lishib, och qolmasliklari kerak.

–O‘sha kunlari butun respublika savdo tarmoqlariga 376 million so‘mlik sanoat mollari savdoga chiqadi. Bu tovarlar orasida bolalarning kiyim-kechagi-yu, o‘yinchoqlari ham ko‘p, albatta.

– Ammo bayramning eng qiziq tomoshasi mamlakatning bosh maydonida bo‘ladi. Vertolyotlar tarixda birinchi marta milliy bayrog‘imizni olib o‘tadilar. 21 marta to‘plardan o‘q uzilib, salyut beriladi.

– 12 parashyutchi esa vertolyotdan sakrab, maydon osmonida shakllar yasab, tomosha ko‘rsatishadi.

“Oila va jamiyat”, 1992 yil 27 avgust

Odamlar mustaqillikning 1 yilligini juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazgani seziladi. Yozilishicha, Chirchiqda mustaqillik katta bayram qilingan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga sovg‘alar berilgan, 3 kelin-kuyovga esa har biri 22 ming so‘m turadigan uchta mebel berilgan. Yana Jigariston falokatidan omon qolgan Qurol Raxovga 50 ming so‘m berilgan.

“Oila va jamiyat”, 1992 yil 27 avgust

Mavzuga oid