Jahon | 09:13 / 02.09.2023
8683
2 daqiqa o‘qiladi

Fransisk Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgan birinchi Rim papasi bo‘ldi

Buddizm hukmron bo‘lgan Mo‘g‘uliston dunyodagi eng kichik katolik jamoalaridan biriga ega. Unda 1400 ga yaqin katoliklar bor. 

Foto: PEDRO PARDO/AFP

Rim papasi Fransisk 1 centyabr, juma kuni Mo‘g‘ulistonga to‘rt kunlik tashrifini boshladi. Pontifikning samolyoti mahalliy vaqt bilan ertalab Ulan-Batorga qo‘ndi, u yerda Fransiskni Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunxiyn Batsetseg faxriy qorovul safida kutib oldi, deb xabar bermoqda AFP axborot agentligi

Aeroportdagi qabuldan so‘ng Fransisk asli italiyalik mo‘g‘ul kardinali Jorjio Marengo bilan uchrashdi. Fransisk Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgan Rim-katolik cherkovining birinchi rahbari bo‘ldi. Bu mamlakat aholisining aksariyati buddizmga e’tiqod qiladi va 1400 ga yaqin kishi o‘zini katolik deb hisoblaydi. Mo‘g‘uliston jamiyati dunyodagi eng kichik jamoalardan biri bo‘lib, mamlakatda 25 katolik ruhoniy va 33 rohiba xizmat qiladi, deb yozadi AFP. 

Pontifikning tashrifi 4 sentabr, dushanba kuniga qadar davom etadi. Safar doirasida Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux va bosh vazir Oyuun-Erdene Luvsannamsray Fransisk bilan uchrashadi. 3 sentabr kuni Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Vetnam, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarboyjondan kelgan dindorlar ham qatnashadigan marosimda Rim papasi ishtirok etishi kutilmoqda. 

Rim papasi Xitoyga xabar yubordi 

Rim papasining samolyoti Mo‘g‘ulistonga yo‘l olib, Xitoy uzra uchib o‘tayotganida Fransisk Xitoy rahbari Si Jinpingga xabar yo‘lladi. Pekin bunga javoban Vatikan bilan «o‘zaro ishonchni» mustahkamlash istagini bildirdi. «Xitoy Vatikan bilan kelgusi hamkorlikka, konstruktiv muloqotda ishtirok etishga va o‘zaro pozitsiyani yaxshilashga tayyor», - dedi Xitoy TIV matbuot kotibi Van Venbin. 

Pekin va Vatikan 1951 yildan beri diplomatik munosabatlarga ega emas, deya eslatadi AFP.

Mavzuga oid