Oliy Majlis ma’muriy va jinoiy javobgarlik kodekslariga qo‘shimchalar kiritishni ko‘rib chiqmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tyapti. Majlisda deputatlar tomonidan «Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Loyiha bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xususan «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda.
Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida tibbiy ko‘rsatma asosida yoki mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq holatlarda yoxud yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh-kiyimda yoki sport va madaniy tadbirlar paytida ularning ishtirokchilari tomonidan, shuningdek, qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish holati belgilanmoqda.
Majlisda qayd etilishicha, bu qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga, shuningdek jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilishi belgilandi.
Mavzuga oid
15:31
Novosibirskda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yosh oila O‘zbekistonga qaytarildi
10:55 / 13.12.2024
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi
16:28 / 02.12.2024
Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi - tadqiqot
09:52 / 26.11.2024