Jamiyat | 10:55 / 07.09.2023
44798
13 daqiqa o‘qiladi

Firibgar domla (hayotiy hikoya)

«Otam o‘qituvchi edi. Bir umr halol yashadi va boshqalarga ham shunday yashashni uqtirib o‘tdi. U men uchun ideal odam timsoli edi va nazarimda o‘qituvchilarning barchasi shunday edi. Biroq keyinchalik firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan bir o‘qituvchiga chuv tushganimdan so‘ng odamning olasi ichida bo‘lishiga ishondim».

Fotokollaj: Kun.uz

«Hayotiy hikoyalar» ruknida berilayotgan navbatdagi hikoya qahramoni bir paytlar tadbirkorlik qilgan oddiy jaydari odam. U bundan ancha yillar avval boshidan o‘tkazgan hodisani aytib berar ekan, uni sizlarga havola etishga qaror qildik.

«Men o‘qituvchi oilasida tug‘ilganman. Yoshligimda ziyoli otam men uchun eng avval halollik, so‘ng odob-axloq bo‘yicha har tomonlama o‘rnak bo‘lgan.

Biron marta uning birovni so‘kish, haqorat qilish u yoqda tursin, qattiqroq gapirganini eshitmaganmiz. Katta-kichikni, hatto o‘z o‘quvchilarini ham sizlab gapirardi.

Ulg‘aygach negadir otamning yo‘lidan ketmadim, tadbirkor bo‘ldim. Biroq o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmatim saqlanib qolaverdi. Keyinchalik muallimdan yomon odam chiqmaydi degan tushuncha tufayli anchagina pulga chuv tushdim.

2005-yillar, poytaxtdagi bozorlardan birida savdo qilaman. Haftada bir kun ulgurji bozor bo‘ladi. O‘sha kuni ko‘plab mijozlar kelishadi va bizdan quruq meva olishadi.

Boshqa kunlarda savdo sustroq bo‘ladi va qo‘shnilar bilan shaxmat o‘ynab o‘tiramiz. Shu paytda bozor oralab yurgan odamlar orasidan shaxmatga qiziqadiganlari o‘yinimizni tomosha qiladi. Ayrimlari bizga qarshi o‘ynaydi.

Ana shunday kunlardan birida shaxmat o‘ynab turgan paytimizda oq ko‘ylak, qora shim kiygan, bo‘ynida bo‘yinbog‘i bor, bir ziyolinamo odam ham o‘yinimizni tomosha qila boshladi.

Ertasi kuni o‘sha odam yana keldi. U bilan tanishdik, aytishicha Samarqand viloyatida tug‘ilgan ekan (bizga qo‘shni tuman nomini aytdi). O‘qishni bitirib Toshkentda qolgan, uylanib bola-chaqa qilgan, Toshkentdagi institutlardan birida biologiyadan dars berarkan.

Shaxmat o‘yini paytida turli mavzularda suhbatlar bo‘lar, shu jumladan kimning qancha savdo qilgani ham muhokama qilinardi. Domla (men u odamni shunday deb atay boshladim) indamay quloq solardi.

Bora-bora domla oldimizga tez-tez keladigan bo‘ldi, yozgi ta’til payti edi, bunga ajablanmadik. Biroq ta’til paytida nega har kuni oq ko‘ylak va galstuk taqqan holda keladi, shunisiga tushunmasdik.

Bu orada domla o‘zimizning qadrdonlarday bo‘lib ketdi. Kunlarning birida u meni mehmonga chaqirdi. Aytilgan vaqtda uyiga bordim. Domla to‘rt qavatli uylardan birining birinchi qavatida ikki xonali uyda turarkan.

Domlaning uyiga kirib borar ekanman, uning nihoyatda kamtar yashashini ko‘rib hayron qoldim. Uyda oshiqcha jihozning o‘zi yo‘q, borlari ham ancha urinib qolgandi.

«Domla nihoyatda halol odam shekilli. Institutda qishki va yozgi sessiya paytida yoki har yili 2-3 nafar bolani o‘qishga kiritsa ham 3-4 so‘m ishlab olardi. Sharoitiga qaraganda shu ishlarni qilmas ekan» deb o‘yladim va unga bo‘lgan hurmatim oshdi.

Oshni yeb bo‘lgandan so‘ng domla bilan biroz suhbatlashib o‘tirdik. U mendan qishlog‘im, mahallam nomigacha so‘rab oldi. So‘ng o‘zi haqida gapirdi. Biroq tug‘ilgan qishlog‘i nomini aytmadi. Domlaning bir qizi va bir o‘g‘li bo‘lib, ular maktabda o‘qir ekan.

«Toshkentda yashash osonmas. Maoshni yetkazib bo‘lmaydi. Shu uyni ham qarz-havola qilib olganmiz. Ro‘zg‘orni ham amallab turibmiz, Xudoga shukr. Hali hammasi izga tushib ketadi», dedi domla.

O‘sha paytda men unikiga mehmon bo‘lib kelganimga ham xijolat bo‘ldim.

Shundan keyin ham domla bozorga shaxmat o‘yiniga kelib turdi. U shaxmatni yaxshi o‘ynay olmas, tezda yutqazardi. Biroq xafa bo‘lmasin deb unga navbat berardik.

Bu orada men uyga qaytdim va bir necha kun yuk tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldim. Shunday kunlardan birida hovlida ishlab turgandim, ochiq turgan darvozadan domla kirib keldi. Hayron qoldim.

«Uka, men ham qishloqqa kelgandim, sizni bir ko‘rib ketay dedim», deb u men tomonga quchog‘ini ochib kelaverdi. Ikkalamiz ming yillik qadrdonlarday bir-birimizni bag‘rimizga bosdik.

Domla o‘sha kuni biznikida qoldi. Ertasi kuni ertalab jo‘nab ketdi. Domla bilan qo‘ng‘iroqlashib turdik. Oradan bir necha kun o‘tib men ham Toshkentga qaytdim.

Poytaxtga qaytganimning ertasi kuni domla bozorga keldi. Meni chetroqqa tortdi va yig‘lab yubordi. Uning ko‘rinishi juda ayanchli edi.

«Uka, boshimga og‘ir musibat tushdi. Anu kuni o‘g‘limning mazasi bo‘lmadi, tekshirtirsam doktorlar oqqon bo‘lgan deyishdi. Tezda pul topib davolatmasam bolamdan ayrilib qolaman. Iltimos, qarz berib turing. Qishloqda uy quraman deb olib qo‘ygan yerim bor, o‘shani sotib pulingizni qaytaraman», dedi u.

Bu xabarni eshitib g‘alati bo‘lib ketdim. Domlani nima deb yupatishni bilmasdim. U menga umid bilan kelibdi, biroq o‘sha paytda qo‘limda domla so‘rayotgan pul yo‘q edi. Darhol qo‘shnilardan qarz oldim va domlaga berib yubordim.

O‘sha paytda domlaga bergan pulimga shahar chekkasidan bir xonali uy berardi (u paytlarda Toshkentda uylar ancha arzon edi). Domla pulni olgach ancha payt menga minnatdorchilik bildirib turdi va ketdi.

Shundan so‘ng men o‘z ishim bilan ovora bo‘ldim, bekor paytimizda shaxmat o‘ynashda davom etdik. Endi domla kelmasdi. Bolasi bilan ovora bo‘lib yurgandir bechora, deb bir-ikki marta qo‘ng‘iroq qildim, biroq telefoniga tushib bo‘lmadi.

Oradan ikki hafta o‘tib ketsa ham domladan boshqa darak bo‘lmadi. Hanuz unga telefon qilib tushib bo‘lmasdi.

O‘sha kunlarda aeroport tomonga ishim tushib qoldi. Avtobusda ketar ekanman, yelkasiga maktab sumkasini ilib olgan bola ko‘zimga tanish ko‘rindi. Bola menga yon tomondan ko‘rinayotgandi. Domlaning o‘g‘liga juda o‘xsharkan deb o‘yladim.

Bir payt bola men tomonga o‘girildi. Qarasam domlaning o‘g‘li. U meni ko‘rdi-yu, birdan rangi o‘zgardi va avtobusdan tushish uchun eshik tomon yurdi.

Domlaning o‘g‘lini ko‘rib hayron bo‘ldim. Domla o‘g‘lim og‘ir kasal, davolashga yotqizishim kerak, degandi. Davolanib bo‘ldimikan? Keyin domla Yunusobodda turardi, o‘g‘li bu yoqda nima qilib yuribdi?

Avtobus to‘xtashi bilan bola undan tushdi va ko‘p qavatli uylar tomon yura boshladi. Uni kuzatish uchun men ham avtobusdan tushdim. Bola buni ko‘rdi-yu yugurib uylar orasiga kirib ketdi. Uning izini yo‘qotdim.

Shundan so‘ng xayolimga ming bir fikr keldi. Nahotki domla mendan pul olish uchun o‘z bolasi haqida yolg‘on gapirgan bo‘lsa?! Yo‘g‘yeye, bolam og‘ir kasal deb pul olish uchun kishi vijdonini tamomila yo‘qotgan bo‘lishi kerak. Domla unaqa odam emas. Bolasi davolanib, sog‘ayib ketgan bo‘lsa kerak. Unda o‘g‘li nega meni ko‘rib qochib ketdi?

O‘sha kuni kechki payt domlaning uyiga borib, undan hol-ahvol so‘rab kelishga qaror qildim. Bu haqda o‘ziga aytmoqchi bo‘lgandim, telefoni yana ishlamadi.

Domlaning eshigini ancha payt taqillatdim, biroq hech kim ochmadi. Shu payt qo‘shni opa chiqdi.

«Siz ham domlani qidirib keldingizmi? Besh kuncha bo‘ldi, bu uyni egasiga topshirib, boshqa joyga ko‘chib ketdi. Aeroport tarafdan boshqa kvartirani ijaraga oldim, deganday bo‘luvdi. Mabodo siz ham unga pul berib chuv tushganlardan emasmisiz? So‘nggi kunlarda bir qancha odam qidirib keldi, domla ularni aldab, pul olgan ekan, endi qochib yurganmish», dedi.

Opaning gaplarini eshitib, karaxt bo‘lib qoldim. Kishi bir narsaga juda qattiq ishonib yurganida o‘sha narsa sarob bo‘lib chiqsa qanday ahvolga tushadi. Men ham shunday holga tushdim.

Nahotki domla meni chuv tushirish uchun o‘z bolasini og‘ir kasalga chiqargan bo‘lsa? O‘ylab o‘yimga yetolmasdim. O‘shanda domlaga bergan pulimga kuyishim mumkinligi emas, ishonib yurgan odamim, buning ustiga juda hurmatli bo‘lgan o‘qituvchining firibgar bo‘lib chiqishi menga ko‘proq ta’sir qilgandi.

Qizig‘i, domla menga o‘xshagan soddalarni to‘xtovsiz chuv tushirayotgan bo‘lsa, pullarni nima qilayotgan ekan? Birgina mendan olgan pulga oilasi bilan bemalol bir yil yashasa bo‘lardi. Boshqalardan nega pul olgan? O‘ylab o‘yimga yetolmasdim.

Qo‘shni opadan «O‘zini o‘qituvchi deb tanishtirgandi, rostdan o‘qituvchimi yoki bunda ham aldaganmi?» deb so‘rasam, «Rostdan o‘qituvchi, falon institutda ishlaydi», dedi.

O‘sha kuni tuni bilan uxlolmay chiqdim. Nahotki o‘qituvchi firibgar bo‘la olsa?! Mening o‘lchovim bo‘yicha bu mumkin emasdi. O‘zi xalqqa ilm va ma’rifat tarqatadigan odam firibgar bo‘lishi mumkinmas deb o‘ylardim.

Shunday bo‘lib chiqyaptimi, demak zamon o‘zgaribdi. Yo‘q, zamon joyida turibdi, odamlar o‘zgaribdi va ular uchun muqaddas narsa qolmabdi.

Ertasi kuni institutga domlani qidirib bordim, biroq topolmadim. Hamkasblarining aytishicha, anchadan buyon ishga kelmaydi. Rahbariyat uni ishdan bo‘shatish masalasini muhokama qilish arafasida turibdi.

Shuncha so‘rasam ham institutdagilar domla doimiy ro‘yxatdan o‘tgan uyning manzilini berishmadi. Berishganda ham u yerdan topolmasligim aniq edi.

Bir necha kundan so‘ng qo‘shni opaning «Domla aeroport tarafga ko‘chdi» degan gapi esimga tushdi. O‘g‘lini o‘sha taraflarda ko‘rib qolganim bejizga emas ekan-da. Uni qidirib, yana yo‘lga tushdim.

O‘sha kuni domlaning o‘g‘li qochib ketgan joyga bordim. Atrof to‘la ko‘p qavatli uy, ulardan domlaning yangi manzilini topib bo‘lmasdi. Shundan so‘ng mahalla idorasiga bordim. Balki domla haqida ularda ma’lumot bordir.

Mahalla raisi kimni qidirib yurganimni eshitdi va boshini chayqadi. So‘ng bepul maslahat berdi:

«So‘nggi kunlarda uni qidirib kelgan beshinchi odam bo‘ldingiz. Hamma unga pul berganini, domla esa qochib yurganini aytyapti. Domla bu yerga ko‘chib kelib bir oy ham yashamadi. Uch kun avval ko‘chib ketdi. Qayerga ketganini esa bilmayman. Sizga maslahatim – ichki ishlar xodimlariga murojaat qiling».

Shundan so‘ng hafsalam pir bo‘ldi va domlani qidirishni to‘xtatdim. To‘g‘risi uni qayerdan qidirishni ham bilmasdim. Barchasini Xudoga soldim va ishim bilan ketaverdim.

O‘shandan keyin ham Toshkentda ancha yil yurdim, bozorda savdo qildim. Biroq domla haqida boshqa xabar eshitmadim. Uning o‘ziga yoki bolalariga ko‘zim tushmadi.

Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deganlari rost ekan. Domlaga chuv tushgandan so‘ng begona odamlar bilan ehtiyot bo‘lib muomala qiladigan bo‘ldim.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid