Iqtisodiyot | 20:33 / 12.09.2023
45760
11 daqiqa o‘qiladi

G‘allachilikda endi xursandchilik, paxtachilik navbatini kutyapti

O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini bozor munosabatlari relsiga o‘tkazib kelayotganiga 32 yil bo‘ldi. Va yutuqlarimiz ham, oqsashlarimiz ham aynan shu bilan bog‘liq: qayerda iqtisodiy munosabatlar sog‘lom bozorga ko‘chgan bo‘lsa, o‘sha yerda samara ortdi, qayerda bozorga to‘liq o‘tilmagan bo‘lsa, o‘sha yerda – turg‘unlik.

Qishloq xo‘jaligiga bozor kerak ekan

Prezidentning irodali qarori bilan fermerlar yetishtirayotgan bug‘doy birjada sotiladigan bo‘ldi va o‘sha zahoti ming bir muammo o‘z-o‘zidan so‘rila boshladi – malham ta’sirida infeksiya o‘chog‘i so‘rilgani kabi. Buyog‘iga endi g‘allachilik sohasi bo‘yicha eshitadigan xabarlarimiz asosan yaxshi yangiliklar bo‘ladi, chunki muammolar kamayib boryapti.

Paxtachilikda esa xo‘jalik sub’yektlari o‘rtasidagi munosabatlar, mahsulotni sotish masalasida ishlar bozor tamoyillariga mos holatga keltirilmagani uchun, oxiri yo‘q muammoalar haqida xabarlar eshitib kelyapmiz – sohadagi holat hech kimni xursand qilmayapti.

Mana, paxtachilik klasterlari ham, imtiyozli sharoitda ishlashayotgan bo‘lsa-da, joriy vaziyatdan noroziliklarini bildira boshlashdi. Holbuki, klasterlar imtiyozli kreditlar olishadi, homashyo yetishtirib beruvchi fermerlar ularga aksar holatlarda “ko‘ngilli-majburiy” shaklda biriktirilgan.

Savol: nega unda paxta klasterlari vaziyatdan qoniqmayapti? Javob: chunki bozor tamoyillari buzilgan.

Bozor tamoyillari buzilganda esa o‘ng‘aysiz, mantiqsiz, hatto kulgili holatlar yuz beradi. Qanaqa deysizmi?

Guvohi bo‘lib turganimizdek, paxta klasterlari paxtani fermerlardan qimmat narxda olayotganidan shikoyat qilyapti. Nonsens... Bozor iqtisodiyoti sharoitida bir xo‘jalik sub’yekti boshqasidan mahsulotni qimmat olayotganidan shikoyat qilmaydi, chunki bozor iqtisodiyotida narxni raqobatli bozor shakllantiradi. Shakllantirishi kerak.

Tasavvur qiling, kartoshkadan chips ishlab chiqaruvchi tadbirkor jamiyatga shikoyat qilyapti, “dehqon kartoshkasini menga men aytgan narxda sotsin”, – deb murojaat qilyapti...

Bozorning oddiy qoidalari haqida

Har bir tovar narxini talab-taklif shakllantirishi kerak. Buni amalga oshirish uchun insoniyatga qadimdan bozor (market, rynok) xizmat qilib kelgan.

Bozor – eng muhim instrument, u mahsulot narxini doimiy ravishda o‘sha mahsulotga bo‘lgan asl talab va taklifga muvofiqlashtirib turuvchi ajoyib, xalaqit qilmasa o‘z-o‘zidan ishlaydigan qimmatli, shu bilan birga bepul mexanizm. Bu mexanizmga xalaqit qilinganda tovar o‘zining shu topdagi asl qiymatidan judo bo‘ladi va alal-oqibat iqtisodiyotda buyuk chalkashlik yuzaga keladi. Bu esa jamiyat uchun katta yo‘qotishlarga olib keladi.

Bozorda hamma huquqiy va imkoniyat jihatidan teng bo‘lishi kerak. Bozor sub’yektlari (o‘yinchilari) imkoniyat jihatidan noteng bo‘lsa, sog‘lom bozor shakllanmaydi. Masalan, narx belgilashda sub’yektlardan bir turi ikkinchisiga irodasini o‘tkazuvchi bo‘lsa, biri ikkinchisini zo‘rlash imkoniyati bo‘lsa, bozorning narx belgilash mexanizmi ishlamay qoladi. Bu esa, hali aytanimizday, iqtisodiyotda buyuk chalkashlikni yuzaga keltiradi, bu esa jamiyat uchun katta yo‘qotishlarga olib keladi.

Muayyan mahsulotni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’yektlarining ba’zisi boshqasidan davlat aralashuvi orqali ustun qo‘yilishi – ana shunday, bozor mexanizmini buzuvchi omil. Zero bozor mexanizmi ishlashi uchun barcha sub’yektlarning irodasi narx belgilash jarayonida teng ishtirok etishi shart – bozor mexanizmlari orqali.

Shu joyda aytish kerakki, iqtisodchilarning aytishicha, bozordagi imkoniyatlar notengligiga 99 foiz holatlarda davlatning aralashuvi sabab bo‘ladi. Ya’ni ayrim sub’yektlar boshqasidan noo‘rin (“noo‘rin” deb nobozor ustunlikni, masalan, imtiyozlar noteng taqsimlanishi, pulni qarzga olish imkoniyati sun’iy ravishda noteng qilinishi, ma’muriy idoralarning sub’yektlarga nisbatan “turlicha” qarashi va hokazolarni nazarda tutamiz) ustun bo‘lishi va buning oqibatida bozor mexanizmi ishlamay qolishi mutlaq aksariyat holatlarda davlatning ta’sirida yuz beradi.

Har bir bozor sub’yekti erkin bo‘lishi kerak. G‘allachilik misolida baralla aytish mumkin – erki o‘ziga berilgan, mahsulotini bozorda (birjada) o‘zi sota oladigan har bir tadbirkor, fermer o‘z ishiga chinakamiga mehr bera boshlaydi. Hozirda g‘alla yetishtiradigan fermerlarimiz o‘z yerini aktiv sifatida ko‘ra boshlashdi, yerga o‘z mablag‘larini investitsiya qilishyapti, yer unumdorligini yaxshilash, hosilni ko‘paytirish uchun mablag‘, e’tibor, urinish va aqlni sarflashni boshlashdi. Yana nima kerak rivojlanish uchun?

Bozor sub’yektlarida bemalol o‘z xohishi bilan birlashish imkoniyati bo‘lishi kerak. Bu ham erkin bozorning bir jihati – rivojga jiddiy xizmat qiluvchi kuchli omil. Masalan, fermerlar istasa kooperativlarga birlashishi mumkin bo‘lishi, bunga to‘siq qo‘yish esa mumkin bo‘lmasligi kerak. Chunki bunda erk cheklanadi, demak – bozor cheklanadi. Birlashib ishlashni lozim ko‘rgan, bunda o‘z foydasini ko‘rgan sub’yektlar albatta birlashib ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Ko‘rinmas qo‘l

Nega to‘g‘ri shakllangan bozor iqtisodiyoti samarali? Gap shundaki, bozor sharoitida har bir bozor ishtirokchisi o‘z manfaatini ko‘zlab, ko‘proq foyda olishni istab ish tutadi, ammo bundan butun jamiyat manfaat ko‘radi Chunki bunda tadbirkorlar qo‘li bilan jamiyat uchun eng kerakli tovarlar ishlab chiqariladi, eng kerakli xizmatlar ko‘rsatiladi.

Masalan, fermer erkin bo‘lsa, u aynan shu topda defitsit bo‘lib turgan mahsulotni yetishtiradi, chunki o‘sha mahsulot qimmat bo‘ladi. U buni ko‘proq daromad ko‘rish uchun qiladi, ammo uning bu “xudbinligi” jamiyat uchun ayni muddao – yetishmayotgan mahsulot yetishtiriladi va bozorga kirib keladi.

Fermer ozod bo‘lsa, u o‘z qarorlarini voqelikdan kelib chiqib tezda – operativ ravishda qabul qiladi, bozor konyunkturasidan kelib chiqib. Bu bilan o‘zi bilmagan holda jamiyat va davlatning muammosini hal qiladi.

Mana shu – xudbinlik qilish erki – bozorning “ko‘rinmas qo‘li” deb ataladi. Va shu “qo‘l” samara omili bo‘lib xizmat qiladi.

Masalan, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining oziq-ovqat segmentidagi statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, aynan faoliyatiga davlat aralashmaydigan (erkin) dehqon xo‘jaklari va tomorqachilar jami mahsulotning aksar qismini yetishtirayotganini ko‘ramiz (ma’lumotlar bilan quyidagi maqolamizda tanishishingiz mumkin).

Ya’ni siz-u bizni g‘oliban dehqon-tomorqachilar boqib kelyapti (jami ekin yer maydonlarimizning atigi 11,3 foizini istifoda etgan holda), klaster va fermerlar emas. Bu yerda biz bozorning o‘sha – “ko‘rinmas qo‘li”ning kuchini ko‘rib turibmiz.

Birja

Tovarlarni bozorda sotishni qulay qilish uchun 16-asrdayoq birjalar tashkil qilindi. Birja – tovar, valuta, qimmatli qog‘ozlar, hosilalar va boshqa bozor instrumentlari savdosining tashkillashtiruvchisi. Birja – bozor tamoyillariga mos, bozorni sog‘lomlashtiruvchi asosiy omillardan biri. Muvaffaqiyatli jamiyatlar uni qo‘llab asrlar davomida baraka topib kelyapti.

Paxtachilik o‘z navbatini kutyapti

Paxtachilik sohamizda esa aynan shular – yuqorida tilga olingan shartlar bajarilmayotgani sabab, ishlar o‘rniga tushmayapti:

  1. Paxta xomashyosini yetishtirgan fermer hamon mahsulotini birjada sota olmaydi.
  2. Paxta narxi bozordan tashqarida shakllantirilyapti.
  3. Paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar teng emas: imtiyozlar klasterlarga berilgan, fermerlar klasterlarga ko‘p jihatdan tobe, ko‘p holatlarda fermerlar o‘z xohishiga binoan kooperativlarga birlasha olmayapti (hokimiyatlar bunga norasmiy to‘siqlar qo‘yyapti).

Bir so‘z bilan aytganda, fermerlar ozod fermerlarga aylanmagan – “ko‘rinmas qo‘l” ishlamayapti.

Natijada paxtachilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlar o‘z yerlarini aktiv sifatida ko‘rmayapti, buning natijasida mahsuldorlik ham, oshishi lozim bo‘lgan darajada oshmayapti. Tabiiyki, yerning meliorativ holati ham kam holatlarda birovga qiziq bo‘lyapti.

Shu bois qishloq xo‘jaligi islohotida keyingi qadam – paxtani ham birjaga chiqarish, sohani bozor munosabatlariga muvofiqlashtirish. Bu:

  • sohadan kutilgan natijalarni beradi, manfaatdorlik ortishi izidan unumdorlik ortadi;
  • bozorning narx belgilash mexanizmi ishlab ketadi va bu butun paxtachilik sohasini sog‘lomlashtiradi;
  • qishloq xo‘jaligi sohasidagi huquqlarni ta’minlash muammolari o‘z-o‘zidan yechim topadi;
  • hokimiyat va boshqa idoralar tomonidan fermerlarni agrotexnik choralarni vaqtida bajarishga “undash” kabi mantiqsiz, bozor iqtisodiyotiga xilof barcha amaliyotlar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi – fermer o‘z manfaati yo‘lida ishlay boshlaydi;
  • fermerlarni “ishlashga undovchi” idoralarning kuchini boshqa – foydaliroq ishlarga yo‘naltirish imkoni paydo bo‘ladi yoki bu idoralardagi mazkur shtatlarni qisqartirib, byujyet pullarini iqtisod qilish mumkin bo‘ladi;
  • nosog‘lom amaliyotning barham topishi mamlakatning xalqaro maydondagi imiji yuqorilashiga olib keladi, xalqaro tashkilotlarning ijobiy baholariga sabab bo‘ladi;
  • manfaatdorlik ortishi fermerlarning yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi, fermerlarda yerning meliorativ holatini yaxshilashga stimul ko‘p barobar ortadi.

Barcha tadbirkorlar – bozor ishtirokchilari bozor iqtisodiyotiga tugal o‘tishni yoqlashi va bunga urinishi kerak, nosog‘lom holatda erishiladigan o‘ziga qulay narxlarni istash o‘rniga. Zotan faqat sog‘lom bozor sharoitida haqiqiy, davomli samara kiradi har bir tadbirkorlik sub’yektining ishiga ham, butun iqtisodiyotimizga ham. Nosog‘lom vaziyatdan keladigan samara esa – aldamchi samara.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid