AQShning ishongan texnikasi: «Jangovar Lochin» – F-16 qiruvchi samolyotlarining yaratilishi tarixi
2022 yil fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan buyon eng ko‘p muhokama bo‘lgan mavzulardan biri - AQShda ishlab chiqarilgan F-16 samolyotlarining Ukrainaga berish masalasi bo‘lmoqda. Ukrainalik pilotlar bu samolyotni boshqarish bo‘yicha o‘qitilmoqda. Xo‘sh, bu harbiy uchoqlar qachon yaratilgan va qanday afzalliklari bor?
Agar AQShning qurollanish tarixiga qaralsa, Vetnam urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng amerikaliklar harbiy xarajatlarni keskin oshirib, yangi harbiy texnikalar yaratish uchun jiddiy harakatlar boshlaganini ko‘rish mumkin.
Keyinchalik, eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri deb topilgan F-16 samolyotlari ham aynan o‘sha davrda, 1970-yillar ikkinchi yarmida tayyorlangan edi.
Xo‘sh, shu paytgacha turli shov-shuvlarga sabab bo‘lgan F-16 samolyotlari qanday texnika? Uning qanday imkoniyatlari bor? Quyida shu haqda va samolyotning ishlab chiqarilishi tarixi tafsilotlarini eslab o‘tamiz.
F-16 ilk bor 1974 yilda AQShning General Dynamics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Biroq ko‘p o‘tmay kompaniya o‘zining aviasanoat biznesini Lockheed Corporation kompaniyasiga sotib yuboradi.
Bu kompaniyaning nomi keyinchalik Lockheed Martin deb o‘zgartirilgan va F-16 samolyotlari va ularning keyingi avlodlarini shu kompaniya ishlab chiqarib kelmoqda.
F-16 tarixi
1972 yil 6 yanvar kuni AQSh harbiy havo kuchlari uchun F-16 yengil qiruvchi (Light Weight Fighter) samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.
Tez orada tanlovga beshta – Northrop (ikkita loyiha), Boeing, General Dynamics, Lockheed va LTV aviasanoat korxonalari o‘z loyihalarini taqdim etadi.
Saralash bosqichida General Dynamics kompaniyasining YF-16 va Northrop kompaniyasining YF-17 loyihalari g‘olib deb topiladi. Ular bilan 39,1 va 38 mln dollarlik shartnoma imzolanadi.
1972 yil 2 dekabr kuni AQSh HHK qo‘mondonligi palubadan uchirilib qo‘ndiriladigan qiruvchi-tutuvchi samolyot (Naval Fighter Attack Experimental) ishlab chiqarish uchun konkurs hay’atiga shartli YF-16 va YF-17 deb nomlangan samolyotlar loyihalarini taqdim etadi.
1974 yil 2 oktyabr kuni General Dynamics va McDonnell Douglas/Northrop konstruktorlar jamoasi hamkorlik haqida kelishuv imzolaydi.
1975 yil 13 yanvar kuni AQSh HHK qo‘mondonligi g‘olib loyihani e’lon qiladi. Bu General Dynamics kompaniyasining YF-16 modeli edi.
YF-16 samolyotining ilk sinov nusxasi birinchi marta 1974 yil 21 yanvar kuni havoga ko‘tariladi. Oradan 11 kun o‘tgach 2 fevral kuni uning sinov parvozi muvaffaqiyatli o‘tkaziladi. Samolyotga F-16A deb nom berishadi.
1975 yilda F-16A samolyotlarini seriyali tarzda ishlab chiqarish boshlanadi. 1977 yilda ikki o‘rinli F-16V samolyotidan 15 dona ishlab chiqariladi.
Shu tariqa AQSh HHK turli manyovrlar bilan havo ustunligiga erishish uchun mo‘ljallangan, taxminiy tezligi M = 2 bo‘lgan birinchi samolyotga ega bo‘ladi.
Samolyotni ishlab chiqarishda foydalanilgan innovatsiyalar qatoriga quyidagilar kiradi:
- uchuvchi atrofni yaxshiroq kuzatishi uchun tomchi shaklidagi soyabon – oyna tom;
- yon boshqaruv tugmasi;
- uchuvchiga ortiqcha yuklarning ta’sirini kamaytirish uchun buklanadigan o‘rindiq;
- havoga oson ko‘tarilish va vertikal manyovrlar qilish uchun tortishish kuchi va og‘irlik nisbati mukammal darajada qilinadi.
F-16ʼlarni ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bu turdagi samolyotlarning oldingilariga qaraganda ancha oson edi.
Samolyot mukammal bo‘lishi uchun F-16 korpusini ishlab chiqarishda turli materiallarning ulushi quyidagicha edi:
- Aviatsiya alyuminiy qotishmalari – 80 foiz;
- Po‘lat – 8 foiz;
- Kompozit materiallar – 3 foiz;
- Titan qotishmalari - 1,8 foiz;
- Boshqa materiallar - 7,2 foiz
Samolyot radarlarga chap berishi uchun bir qator ishlar qilinadi. Jumladan, F-16 Blok 25 modifikatsiyasidan boshlab uchuvchi kabinasidagi chiroq qopqog‘i yuzasiga yupqa tilla suvi yugurtiriladi. Natijada yuqori chastotali nurlanish kabina ichiga kirmasdan bir tekis tarqaladi.
Keyinchalik samolyotning keyingi modifikatsiyalarida yana ko‘plab ishlar qilinadi, biroq tafsilotlarning barchasi sir saqlanadi. Samolyotga Pratt & Whitney F100 turbodvigateli o‘rnatilgan.
F-16 modifikatsiyalari
Ilk F-16 yasab chiqilgandan boshlab 2010 yillargacha ushbu samolyot mukammallashtirib kelinadi va har bir o‘zgarishdan so‘ng uning modifikatsiyalari alohida raqam olgan.
Umumiy hisobda F-16 samolyotlarining o‘ndan oshiq modifikatsiyalari bor. Ular quyidagilar:
- Block 1 – bu samolyotning ilk parvozi 1978 yilda o‘tkazilgan;
- Block 5 — bu modifikatsiyadan 201 dona ishlab chiqarilgan;
- Block 10 — bu modifikatsiyadan 1980 yilgacha 312 dona ishlab chiqarilgan;
- Block 15 — bu modifikatsiya F-16 samolyotlari orasida eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Uning ilk parvozi 1981 yilda o‘tkazilgan. Samolyotga AN/APG-66 radari o‘rnatilgan. Uchuvchi kabinasiga ilk marta sovitish tizimi (konditsioner) o‘rnatiladi. Ushbu samolyotdan 14 yil davomida 983 dona ishlab chiqarilgan;
- Block 15 OCU (Operational Capability Upgrade) – Block 15 modifikatsiyasining yanada yaxshilangan varianti. Bu samolyotdan 217 dona ishlab chiqarilgan;
- Block 20 – bu samolyot 150 F-16OCU samolyotining modernizatsiya qilingan varianti bo‘lgan;
- Block 25 – bu samolyotning ilk parvozi 1984 yilda o‘tkazilgan. Unga ko‘plab yangi detallar qo‘shilgan. Shu sababli samolyotning og‘irligi avvalgilaridan 2 tonnaga oshgan;
- Block 30/32 – 1985 yildan 1989 yilgacha ishlab chiqarilgan. Ularga yangi avlod dvigatellari o‘rnatilgan. Bu samolyotlardan jami 733 dona tayyorlangan;
- Block 40/42 – 1989 yildan 1995 yilgacha jami 615 dona ishlab chiqarilgan. Keyinchalik, 199 yilda Misr uchun ishlab chiqarish qayta yo‘lga qo‘yilgan. Jami 615 dona ishlab chiqarilgan;
- Block 50/52 – 1990 yildan hozirgacha ishlab chiqariladi. Shu paytgacha 830 dona tayyorlangan;
- Block 60 – bu samolyot ham avvalgilari kabi barcha zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Block 60 modifikatsiyasidan faqat Birlashgan Arab Amirliklari uchun 80 dona ishlab chiqarilgan;
QF-16 – 2010 yilda AQSh HHK Boeing kompaniyasi bilan QF-16 deb nomlangan modifikatsiyadagi yangi avlod samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Bu samolyot AQSh HHK tarkibida bo‘lgan eski samolyotlarni almashtirish uchun ishlab chiqarilgan. 2013 yilda ushbu samolyot ilk parvozini amalga oshirgan.
F-16 samolyotlarining xarakteristikasi
F-16 samolyotlarining aksariyat modifikatsiyasi ishlab chiqarishdan olib tashlangan. Hozirgi kungacha faqat F-16S Block 50/52 ishlab chiqarilmoqda.
Quyida shu samolyotning umumiy texnik xarakteristikasini ko‘rib chiqamiz:
- Ekipaj – 1 kishi (2 kishi boshqaradigani ham sanoqli chiqarilgan va keyinroq ulardan foydalanish to‘xtatilgan);
- Uzunligi – 15 metr;
- Qanotlarning uzunligi – 9,45 metrdan;
- Balandligi – 5,09 metr;
- Og‘irligi – 9 358-9 466 kg;
- Parvoz vaqtidagi og‘irligi (raketa va qurollar bilan birga) – 21 772 kg;
- Yoqilg‘i sig‘imi – 3 986 litr;
- Maksimal tezligi – soatiga 2178 km;
- Chiqa oladigan yuqori balandligi – 15 240 metr;
- Chiqa oladigan eng yuqori balandligi – 18 500 metr
F-16 samolyotlari:
- «Havo-havo» rusumidagi AIM-7, 6xAIM-9, 6xAIM-120, AIM-132, Python 3, Python 4, Derby, Sky Flash, Magic 2 raketalari;
- «Havo-Yer» rusumidagi 6xAGM-65A/B/D/G, AGM-45, 2xAGM-84, 4xAGM-88, AGM-154 JSOW, AGM-158 JASSM, Penguin Mk.3 raketalari;
- 4xGBU-10, 6xGBU-12, GBU-15, GBU-22, GBU-24, GBU-27, 4xGBU-31 JDAM bombalari;
- WCMD): CBU-103, CBU-104, CBU-105 kassetali bombalari;
- Erkin tushuvchi Mark 82, 8xMark 83, Mark 84 bombalari bilan jihozlanadi.
Umumiy hisobda F-16 samolyotlaridan 5 ming donaga yaqin ishlab chiqarilgan. Ularning bir qismi AQSh HHK tarkibida bo‘lsa, qolganlari dunyoning ko‘plab davlatlariga sotilgan.
Ilk ishlab chiqarilgan paytida F-16 samolyotlarining narxi 4,5 mln dollar bo‘lgan. Oxirgi paytlarda ishlab chiqarilganlari 35 mln dollargacha sotilyapti.
Bugun F-16 samolyotlaridan AQShdan tashqari dunyoning ko‘plab davlatlari foydalanadi. Jumladan:
- Yevropada: Sloveniya, Bolgariya, Norvegiya, Italiya, Turkiya, Ruminiya, Portugaliya, Polsha, Niderlandiya, Daniya, Gretsiya, Belgiya;
- Osiyoda: Isroil, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Indoneziya, Iordaniya, Iroq, Tayvan (Xitoy Respublikasi), BAA, O‘mon, Pokiston, Janubiy Koreya, Singapur, Tayland;
- Afrikada: Marokash, Misr;
- Janubiy Amerikada: Venesuela, Chili harbiy-havo kuchlari tarkibida F-16 samolyotlari bor.
F-16 samolyotlari dunyoning turli hududlarida sodir bo‘lgan urushlarda, jangovar operatsiyalarda qatnashgan. Jumladan:
- 1980-yillar boshida Livandagi fuqarolar urushida;
- Turkiya va Gretsiya o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlarda;
- 1980-yillar boshida Pokiston va Hindiston o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlarda;
- 1989 yilda AQSh harbiylari Panamaga bostirib kirganda;
- 1990-yillar boshida Venesuelada;
- 1990 yilda Iroqqa qarshi o‘tkazilgan «Sahrodagi bo‘ron» harbiy operatsiyasida;
- NATO tarkibida Yugoslaviyani bombardimon qilishda;
- 2001 yilda boshlangan Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda;
- 2003 yilda AQSh Iroqqa bostirib kirganda;
- Suriyadagi fuqarolar urushi paytida;
- Turkiyaning kurdlarga qarshi o‘tkazgan harbiy amaliyotlarida;
- Saudiya Arabiston HHKning Yamanda o‘tkazgan harbiy amaliyotlarida qatnashgan.
F-16 samolyotlari boshqa davlatlarda ham yig‘iladimi?
AQSh NATOdagi hamkorlik doirasida F-16 samolyotlarini hamkor davlatlar hududida ishlab chiqarish uchun xalqaro konsorsium tashkil etgan. Bu konsorsiumning shtab-kvartirasi AQShda joylashgan.
Konsorsiumga Belgiya, Daniya, Niderlandiya kompaniyalari bilan birga Britaniyaning Fairey Aviation kompaniyasi kirgan. Tomonlar talab va taklifdan kelib chiqib, o‘zlariga topshirilgan ishni bajarishadi.
Jumladan, Niderlandiyaning Fokker kompaniyasi ikkita qanot va uning asosiy korpusga biriktiriladigan joyini, Belgiyaning SABCA kompaniyasi samolyotning dum qismi va uning atrofidagi detallarni ishlab chiqaradi.
F-16 samolyotlariga o‘rnatiladigan F100 dvigatellarini esa Belgiyaning FN kompaniyasi tayyorlab beradi.
Umumiy hisobda samolyotning 60 foiz detallari Yevropada ishlab chiqariladi. Qolgan asosiy qismlari AQShdan keltiriladi. Ular AQSh HHK qarashli Texas shtatidagi Fort-Uerte shahridagi zavodda ishlab chiqariladi.
Yevropada F-16 samolyotlarini yig‘adigan uchta korxona bor. Ularning har biri yiliga 174 donadan samolyot ishlab chiqarishi belgilangan.
Bundan tashqari, Niderlandiyaning Fokker kompaniyasi ikkita qanot va uning asosiy korpusga biriktiriladigan joyini, Belgiyaning SABCA kompaniyasi samolyotning dum qismi va uning atrofidagi detallarni AQShda yig‘iladigan F-16 samolyotlari uchun ham tayyorlab beradi.
F-16 samolyotlari Ukrainaga ham beriladimi?
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga hujum qilib, uning hududidan bir qismini bosib oldi. Shundan so‘ng AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari Ukrainaga turli rusumdagi qurol-yarog‘lar bilan yordam berib kelmoqda.
Urush boshlangan buyon Ukraina G‘arb davlatlaridan to‘xtovsiz ravishda F-16 samolyotlarini berishni so‘rab keladi. Bu so‘rov hozircha qondirilmadi.
Biroq yaqin kelajakda Ukraina F-16 samolyotlarini olsa kerak. Chunki hozirda ukrainalik harbiy uchuvchilar Yevropa davlatlarida F-16 samolyotlarini boshqarish bo‘yicha malaka oshirmoqda.
Yevropa davlatlari F-16 samolyotlarini Ukrainaga shunchaki berib yubora olmaydi. Bu samolyotlarga AQSh egalik qiladi va ularni Ukrainaga topshirish uchun ular rasmiy Vashingtondan ruxsat olishlari kerak. Vashington esa hozircha bu ishni ortga surib kelyapti.
2023 yil avgust oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrainalik uchuvchilarni o‘qitish yakunlangandan so‘ng Niderlandiya Ukrainaga 42 dona F-16 samolyotlarini berishini ma’lum qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina F-16 samolyotlaridan 2024 yilning bahoridan boshlab foydalana boshlashi mumkin.
Mutaxassislar Ukraina F-16 samolyotlaridan foydalana boshlagach urushda ustunlikka erishishi mumkinligini ma’lum qilishgan. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.
Hozir vaziyat shundayki, qaysi davlat Ukrainaga F-16 samolyotlarini bersa o‘rniga AQShdan yangi rusumdagi F-35 samolyotlarini oladi. Biroq bunga avval AQSh rozi bo‘lishi kerak.
Ukrainaga hanuzgacha F-16 samolyotlari yetkazib berilmaganiga bir tomondan uchuvchilarni o‘qitish sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan AQShning roziligini olish masalasi ham vaqt talab qildi.
Aksariyat mutaxassislar agar Ukraina F-16 samolyotlarini olsa havo jangida Rossiya bilan tenglashishi, balki ustunlik qilishi mumkinligini aytishmoqda.
Chunki F-16 samolyotlarining havo hujumiga qarshi tizimi juda mukammal bo‘lib, o‘ziga uchirilgan raketalarni ancha olisdaligida payqab, ularga qarshi chora ko‘ra oladi.
Qolaversa, bu samolyotlar o‘ziga ortiladigan raketalar bilan juda uzoqdagi nishonlarni ham aniq mo‘ljalga ololadi. F-16 samolyotlarining o‘z hududini Rossiya bosqinidan himoya qilayotgan Ukraina uchun qanchalik foydali bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, AQShning o‘zi hozirgi vaqtda asosan F-35 samolyotlaridan foydalanadi. Bu samolyotlarning ilk sinovi 2006 yilda o‘tkazilgan. AQSh harbiylari undan 2016 yildan foydalana boshlashgan.
«Chaqmoq» deb nomlangan mazkur samolyotdan shu paytgacha qariyb 1 000 dona ishlab chiqarilgan va ular AQShning dunyodagi juda ko‘plab harbiy bazalariga joylashtirilgan. Samolyotning narxi uning jihozlanishiga qarab 200 mln dollarga yetadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024
American Airlines aviakompaniyasi AQShga barcha reyslarni to‘xtatdi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05 / 24.12.2024