O‘zbekiston | 12:21 / 13.09.2023
8586
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qo‘shni davlatdan olib o‘tilayotgan qariyb 70 kg giyohvand modda to‘xtatib qolindi

Hujjatlarda bo‘sh deb ko‘rsatilgan yuk mashinasining kabinasida 31,9 kg geroin hamda 37,3 kg gashish borligi aniqlangan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Surxondaryodagi “Sariosiyo” chegara bojxona postida mamlakatga olib kirilayotgan salkam 70 kg giyohvand modda fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Sariosiyo” chegara bojxona postida respublika hududiga kirib kelgan yuk mashinasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda yuk mashinasi hujjatlarda ko‘rsatilgani kabi “bo‘sh” emasligi aniqlangan.

Bojxona xodimlari va DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda yuk mashinasi chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning kabinasidagi ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga 66 ta o‘ramlar yashirilgani fosh bo‘lgan. Mazkur o‘ramlar ochib ko‘rilganda esa ularning 30 tasida 31,9 kg og‘irlikda geroin, 36 tasida 37,3 kg og‘irlikdagi gashish giyohvand moddasi joylangani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatda jami ushlanib qolingan giyohvand moddalar og‘irligi o‘rami bilan hisoblaganda 69,2 kgni tashkil qilgan.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Oldinroq Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna giyohvand moddasi to‘xtatilgandi.  

Mavzuga oid