Shavkat Mirziyoyev Qo‘shtepa kanali bo‘yicha ilk marta munosabat bildirdi
“Mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi”, – dedi O‘zbekiston prezidenti. Uning ta’kidlashicha, Afg‘onistonda qurilayotgan kanalning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 15 sentabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Davlat rahbari tuzilma tashkil etilganidan buyon o‘tgan 30 yilda Orol dengizi havzasida ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarni hal etish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishda jamg‘armaning o‘rni va ahamiyatini tahlil qildi.
“Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng o‘tkir muammolardan birini yechish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir”, - dedi prezident.
O‘zbekiston yetakchisi ko‘p tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar turganini qayd etib, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikka oid qator amaliy takliflarni ilgari surdi.
Jamg‘armaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish doirasida asosiy hujjat va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish va qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilmani tahlil qilish va jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqish taklif qilindi.
“Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir”, - alohida ta’kidladi davlat rahbari.
Asosan milliy rejalar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi dasturning ijrosi tashvishga soladigan holatda ekanini bildirib, O‘zbekiston prezidenti jamg‘arma boshqaruviga amaldagi dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berish hamda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari”ni, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni taklif etdi.
Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan mamlakatlar har biri aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan ko‘makni jalb etish bo‘yicha o‘ziga majburiyat olishi hamda raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik ko‘makni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish taklifi bildirildi.
Bundan tashqari, xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya o‘tkazish taklif etildi.
O‘zbekiston rahbari mintaqada suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.
“Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim. Ushbu masalalarni ko‘rib chiqishda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga aminmiz”, - dedi davlat rahbari.
Ekotizimlar tanazzuli yanada kuchayishining oldini olishda, eng avvalo, Orol dengizi hududidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib, prezident hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Orolbo‘yidagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Hamkorlarga suvni tejash sohasini jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi. Shu masalalarning barchasini kompleks ko‘rib chiqish maqsadida suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari bo‘yicha Mintaqaviy platformani ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston prezidenti Qo‘shtepa kanali qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirdi.
“Qo‘shtepa kanali qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman.
Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Afg‘on tomoni kanalni qurish bo‘yicha faol ish olib borayotganini yaxshi bilasiz. Uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Qo‘shtepa kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish zarur, deb hisoblaymiz.
Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbir yakunida jamg‘arma ta’sischi davlatlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining Dushanbe bayonoti;
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Tojikistonning OQXJdagi raisligi yakunlari to‘g‘risida qarori;
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2024-2026 yillarga OQXJ prezidenti etib saylangani to‘g‘risidagi qarori;
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnoma-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyat to‘g‘risidagi qarori.
2024-2026 yillarda OQXJga raislik Qozog‘istonga o‘tdi.
Mavzuga oid
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024
1 yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi
16:14 / 17.12.2024
Mirziyoyev Qatar amiri bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
22:53 / 16.12.2024