O‘zbekiston | 10:11 / 16.09.2023
9502
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida yangi departament tashkil etildi

U kichik va o‘rta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlash va sohada davlat siyosatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

“Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 oktyabrdan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi.

2023 yil 1 oktyabrdan dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlik sub’yektlariga faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik yuqori stavkada 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi. 

Bunda, 100 million so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi.

Qiymati 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga beriladi. Innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi. 

2024 yil 1 yanvardan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi. 

Qaror bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida Kichik va o‘rta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlash va sohada davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etildi.

Mavzuga oid