Undan go‘shtgacha - turli davlatlar supermarketlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi qancha?
2022 yilda inflatsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan davlat 138,8 foiz bilan Sudan deb topilgan bo‘lsa, 1 foizli qimmatlashish Makao davlatida kuzatilib, inflatsiya eng past davlat bo‘lgan. O‘zbekiston esa bu ro‘yxatning 42-o‘rnida. Kun.uz muxbiri dunyoning 5 davlatidagi supermarketlarda bo‘lib, un, moy, shakar, tuxum, guruch, kartoshka, piyoz, sut, go‘sht, non kabi birlamchi mahsulotlar narxlari bilan tanishdi.
Katta shaharlarda supermarketlar bozorlik qilish uchun bozorlardan ko‘ra qimmatroq bo‘lsa-da, joylashuv jihatidan qulay, kompakt va mahsulotlar sifati bo‘yicha ishonchliroq. Bugungi keltiriladigan ma’lumotlar ham Ozarboyjon, Gurjiston, Turkiya, Rossiya va Belarus davlatlaridagi eng xaridorgir bo‘lgan supermarketlar tarmoqlaridan olingan. Boshqa bozor va do‘konlardagi mahsulotlar maqoladagidan arzonroq yoki qimmatroq bo‘lishi mumkin.
Un
Supermarketlar rastalaridagi 1 kg un narxlari: Rossiyada – 87,99 rubl, Ozarboyjonda – 1,69 manat, Belarusda – 3,47 belarus rubli, Turkiyada – 32,9 turk lirasi va Gurjistonda – 3,95 lari. Mazkur mahsulotlarning O‘zbekiston so‘midagi taxminiy qiymatlari esa quyidagi diagrammalarda keltirilgan.
O‘simlik moyi
1 litr kungaboqar moyining narxlari shunday: Belarusda – 4,21 belarus rubli, Rossiyada – 139,9 rubl, Turkiyada – 48,5 turk lirasi, Gurjistonda – 5,85 lari hamda Ozarboyjonda – 5,29 manat.
Shakar
5 davlat supermarketlaridagi shakar uchun takliflar: Rossiyada – 70,99 rubl (1 kg), Belarusda – 2,79 belarus rubli (1 kg), Turkiyada – 26,9 turk lirasi (1 kg), Ozarboyjonda – 1,39 manat (0,7 kg) va Gurjistonda – 3,9 lari (0,9 kg) miqdorida. Suratdagi ma’lumotlar esa 1 kg shakar uchun hisoblab chiqilgan.
Fabrika tuxumi
10 dona qadoqlangan tuxum narxlari: Rossiyada – 104,9 rubl, Belarusda – 3,57 belarus rubli, Ozarboyjonda – 2,19 manat, Turkiyada – 52,5 turk lirasi va Gurjistonda – 5,89 lari miqdorida.
Guruch
Qadoqlangan palov guruchining narxlari Gurjistonda – 3,35 lari (800 gr), Ozarboyjonda – 2,45 manat (900 gr), Rossiyada – 139,99 rubl (900 gr), Belarusda – 6,29 belarus rubli (900 gr) va Turkiyada – 66,9 turk lirasi (1 kg) miqdorida. Mahsulotning 1 kg uchun hisoblangan so‘mdagi qiymatlari esa grafikda ko‘rsatilgan.
Kartoshka
1 kg kartoshka uchun supermarketlarda belgilangan narxlar esa shunday: Rossiyada – 29,99 rubl, Belarusda – 1,15 belarus rubli, Gurjistonda – 1,36 lari, Ozarboyjonda – 2,99 manat (2,5 kg uchun) hamda Turkiyada – 19,9 turk lirasi.
Piyoz
Piyoz narxlariga to‘xtalsak, ular Ozarboyjonda – 0,45 manat, Turkiyada – 10,75 turk lirasi, Belarusda – 1,29 belarus rubli, Rossiyada – 49 rubl va Gurjistonda – 5,25 lari miqdorida sotilmoqda.
Boshqa mahsulotlar
Shuningdek, yana boshqa birlamchi mahsulotlardan biri 1 litr qadoqli sut uchun Turkiyada 21,5 turk lirasi (9761 so‘m), Belarusda 2,65 belarus rubli (10065 so‘m), Ozarboyjonda 1,89 manat (13551,3 so‘m) yoki Rossiyada 109,99 rub (14079 so‘m) taklif etilayotgan bo‘lsa, 1 dona non uchun Ozarboyjonda 0,45 manat (3226,5 so‘m), Turkiyada 8 turk lirasi (3632 so‘m) hamda Belarusda 1,96 belarus rubli (7444 so‘m) so‘ralmoqda.
1 kg lahm mol go‘shti esa Ozarboyjonda 17,99 manat (129 000 so‘m), Turkiyada 499,9 turk lirasidan (226 954 so‘m) sotilmoqda va hokazo.
Inflatsiya omillari
Narxlarning dunyo bo‘ylab qimmatlashayotgani – berkitib bo‘lmas dalil. Qayerga bormang, xarid qilishda oldingi yillarga qaraganda narxlarning sezilarli oshganini ko‘rasiz. Oxirgi o‘n yilliklarda kuzatilgan bu eng yuqori inflatsiya ko‘rsatkichlariga dastlab 2020-2021 yillardagi pandemiya bilan bog‘liq dislokatsiyalar sabab bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi global neft narxlari, tabiiy gaz, o‘g‘it va oziq-ovqat narxlariga keskin ta’sir qildi.
“The Global economy” tahlillariga ko‘ra, 2022 yilda giperinflatsiya kuzatilgan davlatlar antireytingida Sudan (138,8 foiz), Zimbabve (104,7 foiz), Turkiya (72,3 foiz), Surinam (52,4 foiz) va Shri Lanka (49,7 foiz) eng salbiy ko‘rsatkichlarni qayd etgan bo‘lsa, Makao (1 foiz), Benin (1,4 foiz), Boliviya (1,7 foiz), Honkong (1,9 foiz) va Xitoy (2 foiz) o‘tgan yilning eng kam inflatsiyali davlatlari deb topildi.
148 ta davlatning inflatsiya darajalari bo‘yicha tuzilgan mazkur ro‘yxatda O‘zbekiston 11,4 foiz bilan 42-o‘rinni band qilgan. Dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 11,8 foizni tashkil qilgan.
O‘zbekistondagi rasmiy statistikalarda 2022 yil davomida bazaviy inflatsiya 12,3 foiz deya qayd etilgan va bu oxirgi uch yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. Tasniflanishicha, 2022 yilda oziq-ovqat mahsulotlari 15,6 foizga, nooziq-ovqatlar 10,7 foizga, xizmatlar narxi 8,4 foizga qimmatlagan.
2023 yil uchun narxlarning o‘zgarish kutilmalari
“The Global economy” tahliliy portali 2023 yil uchun 186 ta davlatlardagi o‘rtacha inflatsiya o‘sishi 9,56 foiz deya prognoz qilmoqda. Bu yil eng “qimmatchilik bo‘ladigan” davlatlar beshligiga esa Venesuela (249,98 foiz), Zimbabve (181,75 foiz), Argentina (88,4 foiz), Sudan (65,26 foiz) va Turkiya (45 foiz) kiritilgan.
Arzonchilik kuzatiladigan davlatlar ro‘yxatida esa o‘tgan 2022 yildan farqli ravishda rostdan ham narxlar tushishi ehtimoli bor bo‘lgan davlatlar ham ro‘yxatga kiritilgan. Kiribati (-2,2 foiz), Laos (-1,4 foiz) va Senegalda (-0,79 foiz) bu yil deflyatsiya kuzatilib, narxlar arzonlashishi mumkin.
O‘zbekiston esa bu antireytingda 11,95 foizli inflatsiya darajasi ehtimoli bilan o‘tgan yilgi 42-o‘rindan 20-o‘ringa chiqishi mumkin. O‘zbekiston hukumatining 2023 yil uchun davlat budjeti qonunida esa inflatsiya prognozi 9,5 foiz deb taxmin qilingan edi.
Sardorbek Usmoniy tayyorladi.
Mavzuga oid
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
08:20 / 13.12.2024
Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlariga narxlarni nazorat qilib borishni topshirdi
17:57 / 12.12.2024
Ikkilamchi avtomobil bozorida o‘rtacha narxlar pasayishda davom etyapti
09:27 / 11.12.2024