«Temir Bella» – Gelenjikdagi restoranlar xo‘jayini bo‘lgan ayol nega o‘lim jazosiga hukm qilingandi?
1984 yil 20 aprelda Gelenjik shahridagi umumiy ovqatlanish tresti rahbari 57 yoshli ayol o‘lim jazosiga hukm qilinadi. U davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanadi. Ayol haqiqatdan davlat pullarini o‘zlashtirgandi. Biroq unga o‘lim jazosi berilishini ko‘proq Moskvadagi amaldorlar xohlashadi. Chunki ayol ularga doimiy ravishda «xufiyona xizmatlar» ko‘rsatib kelgandi.
1982 yil kuzda Krasnodar o‘lkasida joylashgan Gelenjik shahri militsiyasiga shahardagi restoranlardan birida tunda mehmonlarga uyatli filmlar (pornografiya) qo‘yib berilayotgani haqida xabar tushadi.
Militsiya xodimlari ertasi kuni tunda aytilgan manzilga borib, holatga o‘zlari ham guvoh bo‘lishadi. O‘sha paytlarda SSSRga yapon videomagnitofonlari kirib kelgan edi.
Militsiya uyatli filmlarni namoyish etayotgan guruhni ushlab bo‘limga olib boradi. Shunda guruh a’zolari bu ishga «Temir Bella» ruxsat berganini aytishadi. «Temir Bella» Gelenjik shahar umumiy ovqatlanish tresti rahbari Berta Borodkina edi.
Ko‘p o‘tmay «Moskvagacha gapi o‘tadigan» Berta Borodkina hibsga olinadi va 1983 yilda sud hukmi bilan o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Turli manbalarda ayolning jazolanishi turlicha yozilgan.
Ba’zilar u 1983 yil avgustda Novocherkassk shahridagi qamoqxonada otib o‘ldirilgan desa, boshqasi hukm 1985 yilda ijro etilganini ta’kidlaydi.
SSSRda Stalin davridan so‘ng 1991 yilgacha uch nafar ayolga oliy hukm – o‘lim jazosi berilgan. Ulardan biri Berta Borodkina edi.
Yana biri urush paytida nemislar foydasiga sotqinlik qilib, uzoq yillar panada yurgan Antonina Makarova, uchinchisi bir nechta qotillik sodir etgan Tamara Ivanyutina edi.
Biroq Berta Borodkina na davlatga xiyonat qilgan, na qotilllik. Shu sababli aksariyat huquqshunoslar unga chiqarilgan hukm nohaq bo‘lgan deb hisoblashadi.
Chunki, 1964 yildan so‘ng SSSR jinoyat kodeksidan iqtisodiy jinoyatlar va poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosi berish bekor qilingan edi. Shu sababli ham Bertaning qatl etilishini ko‘proq Moskvada o‘tirgan amaldorlar xohlashgan degan taxmin haqiqatga yaqinroq.
Sovetlar doimiy ravishda o‘z fuqarolariga «SSSR eng zo‘r va eng farovon davlat. Bu yerda jinoyatchilik yo‘q deb uqtirishgan, targ‘ibot olib borgan. Aslida esa bunday emasdi.
Mamlakatda o‘g‘irliklar, davlat mulkini talon-toroj qilish, qotilliklar avj olgan, biroq ularning aksariyati haqida ommaga umuman xabar berilmasdi.
Shu jumladan, Berta Borodkina bilan sodir bo‘lgan ish haqida faqat tor doirada ayolning yaqinlari va uning mijozlari bo‘lgan amaldorlar bilishadi xolos.
Ayol haqidagi barcha ma’lumotlar, uning hibsga olinishi, tergov va sud, o‘lim jazosiga hukm qilinishi haqida omma 1991 yil SSSR parchalanib ketgach xabar topadi.
«Temir Bella» haqida
Berta 1927 yilda Ukrainaning Belaya Tserkov shaharchasida tug‘ilganida uning familiyasi Korol bo‘lgan. U etikdo‘z yahudiy oilasida tug‘ilgan bo‘lsa-da keyinchalik muammolarga duch kelmaslik uchun pasportida millati rus deb yozilgandi.
Berta to‘rt oyligida uning onasi vafot etadi. Otasi esa ikkinchi jahon urushida halok bo‘ladi va o‘smir yoshda bo‘lgan qiz yetim qoladi.
Berta Odessa shahridagi maktabda urush boshlanguncha 7 yil o‘qiydi. Qiz Odessada yashab yurganida shaharni nemislar bosib oladi. Bertaning shaxsiy anketasida Odessa nemislar qo‘l ostida bo‘lganida nima bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar bo‘lmagan.
Qiz urush tugaganidan so‘ng Krasnodar o‘lkasidagi Gelenjik shahriga ko‘chib keladi va 19 yoshidan (1946 yildan) boshlab oshxonalarda ofitsiantlik qila boshlaydi. Shu davrda u Moskvadagi savdo texnikumida sirtdan o‘qiydi.
1961 yilda Berta Aleksandr Borodkin ism-sharifli shaxsga turmushga chiqadi va uning familiyasiga o‘tadi. Ismi hujjatlarda Berta bo‘lsa ham ayol barchadan o‘zini Bella deb chaqirishni talab qiladi.
Ayol Gelenjikdagi turli restoranlarda 37 yoshigacha ofitsiantlik qiladi. Bu shaharda sobiq ittifoq davrida hukumatga qarashli ko‘plab sanatoriyalar, dam olish uylari joylashgan bo‘lib, Moskvadagi amaldorlarning aksariyati shu yerda dam olardi.
O‘tgan yillar mobaynida ayol Krasnodar o‘lkasi rahbarlariga, Moskvadan dam olishga keluvchi amaldorlarga xizmat ko‘rsatadi va ko‘plab tanishlar orttiradi.
1964 yilda Berta amaldor tanishlar yordamida «Gelenjik» restoranining direktori etib tayinlanadi. 1966 yilda esa «Do‘stlik» oshxonasi va «Yaxta» restorani direktori lavozimida ishlaydi.
Oradan 10 yil o‘tgach, 1974 yilda ayol (47 yoshida) RSFSR savdo vazirligiga bo‘ysunuvchi Gelenjik umumiy ovqatlanish tresti rahbari etib tayinlanadi. O‘sha paytda bu trest tarkibida 300 ga yaqin restoran, oshxona va bufetlar bor edi.
Berta butun boshli oshxonalar trestini boshqarar ekan, Moskvadan keladigan amaldorlarga xizmat ko‘rsatish ishlariga mas’ul edi. Poytaxtdan keladigan partiya rahnamolarining ko‘ngli esa ko‘p narsani tusardi. Berta esa ularni so‘zsiz bajarardi.
Jumladan, «ko‘ngli nozik» mijozlar yengiltabiat qizlardan topib berishni, tunda restoranda uyatli filmlar namoyish etishni so‘rab qolishsa, ularga yo‘q deb javob berib bo‘lmasdi.
Shu bilan birga, yuqori lavozimli mijozlar ham Bertani munosib taqdirlashar, turli iltimoslar bajarilgani uchun unga sovg‘a-salomlar berib turishardi.
Bundan tashqari, ayol qo‘l ostidagi umumiy ovqatlanish muassasalarida tayyorlanadigan ovqatlarning masallig‘idan urardi. Restoran va oshxonalarga direktor hamda bosh oshpaz tayinlashda pora olar, amaldorlar ana shu ishlarga ko‘z yumishardi.
Qisqasi, ayol «sendan ugina, mendan bugina» tarzida ishlar, «sadoqatli xizmatlari evaziga» amaldorlar uning noqonuniy ishlariga ko‘z yumardi.
Ayol noqonuniy tarzda juda ko‘p miqdorda pul topsa ham boshqalardan farqli o‘laroq o‘zini kamtar tutmas, qimmatbaho kiyimlar va taqinchoqlarga burkanib yurardi. Shuningdek, uyini ham shohona qilib bezatadi. O‘sha paytda uni gelenjikliklar «shaxinya» deb atashadi.
Avvaliga barchasi yaxshi ketayotgan edi. Biroq 1982 yil kuzda to‘satdan Berta Borodkinani ham hibsga olishadi. Ikki yil davom etgan tergov hamda sud jarayonlaridan so‘ng unga o‘lim jazosini berishadi.
Aslida ayolning jinoyati o‘lim jazosi berishga loyiq bo‘lmagan, qolaversa yoshi ham 55 dan oshgan edi. Biroq kimlardir uning oliy jazoga hukm qilinishini juda ham xohlardi.
Brejnev vafotidan so‘ng SSSRga Andropov rahbar bo‘lgach turli taftishlar boshlanib ketadi. Krasnodar o‘lkasi rahbarlari hamda doimiy ravishda Moskvadan kelib Gelenjikda dam olib ketuvchi boshqa amaldorlarning «paytavasiga qurt tushadi». Ular nima qilib bo‘lsa ham ko‘p sirlarni biluvchi Bertani yo‘q qilishga qaror qilishadi.
Hibs va surishtiruvlar
1982 yil kuzda Gelenjik shahri militsiyasiga shahardagi restoranlardan birida tunda mehmonlarga uyatli filmlar (pornografiya) qo‘yib berilayotgani haqida xabar tushadi.
Militsiya xodimlari ertasi kuni tunda aytilgan manzilga borib, holatga o‘zlari ham guvoh bo‘lishadi va uyatli filmlarni namoyish etayotgan guruhni ushlab bo‘limga olib borishadi.
Bo‘limda so‘roq qilingan guruh a’zolari tunda restorandagi mehmonlarga uyatli filmlar namoyish etishlariga «Temir Bella» ruxsat berganini aytishadi.
O‘sha paytda «Temir Bella»ning kimligi nafaqat Gelenjikda, balki Krasnodar o‘lkasida va Moskvadagi katta idoralarda ham ma’lum edi. Shu jumladan Gelenjik shahar militsiyasiga ham.
Militsiyani o‘ylantirayotgan masala ayolni hibsga olishsa o‘zlariga gap tegmasmikan? Harholda ayolning «dasti uzun», Mosvada o‘tirgan amaldorlar bilan ham apoq-chapoq edi.
Militsiya xodimlari restorandagi holat haqida boshliqlariga, ular ham o‘z navbatida vazirlikka xabar berishadi. Kutilmaganda Moskvadan Berta Borodkinani hibsga olish haqida buyruq beriladi.
«Temir Bella» ushlangandan so‘ng uning xonasida va uyida tintuv o‘tkaziladi. Xonasidan aytarli hech narsa topilmaydi. Biroq ayolning uyi muzeyning o‘zi edi. Uning uyiga borgan militsionerlarning og‘zi ochilib qoladi.
Ayol o‘sha paytda Moskvadan o‘zini hibsga olishga ruxsat berishganini bilmas, muammoni bitta qo‘ng‘iroq bilan hal qilaman deb o‘ylaydi. U telefonni olib raqam terar ekan, «Yigitlar, ertaga sizlardan kechirim so‘rashlaringni kutaman», deydi.
Biroq o‘sha paytda uning qo‘ng‘irog‘iga Moskvadagi «rahnamolari» javob bermaydi. Berta bir nechta raqamga qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoladi. Shundan so‘ng ayol nimadir bo‘lganini anglab yetadi.
Berta Borodkinaning uyidan ko‘plab juda katta miqdordagi pullar, noyob va qimmatbaho buyumlar topiladi. U yirik banknotalardan iborat pullarni shisha bankada saqlagani oydinlashadi.
Buyumlar orasida magazinlardan topib bo‘lmaydigan qimmat chinni idishlar, mo‘ynalar, turli rassomlarga tegishli tarixiy suratlar, qimmatbaho xorij gilamlari va boshqa narsalar bor edi.
Ayolning uyidan topilgan pullar sanab ko‘rilganda 500 ming rubldan oshiq ekani aniqlanadi. (O‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 700 ming dollardan oshiqroq).
Tergovda ayolning barcha qilmishlari – masalliqlarlardan urib kelgani, restoran va oshxonalarga direktor tayinlashda pora olganlari tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ayol Moskvadan keladigan yuqori lavozimli «nozik» mehmonlarga uyatli filmlar namoyish etish, ularni yengiltak qizlar bilan ta’minlash evaziga ham salmoqli summalarda «haq» olgani, qimmatbaho sovg‘alar bilan siylangani oshkor bo‘ladi.
Tergov davomida qayd etiladigan yozuvlarga ayolning urib qolingan mahsulotlardan hamda direktor va bosh oshpaz lavozimi uchun pora olib noqonuniy daromad to‘plagani yoziladi.
Biroq Moskvadan kelib turgan kattakonlarga «xizmat» ko‘rsatgani qayd etilmaydi. Zero tergovchilar unday ishlarni yoza olmasdi.
Berta Borodkinani yo‘q qilishni KGB va Andropov xohlaganmi?
O‘sha payda Moskvadagi «rahnamo»lari Berta Borodkinani qutqarib qolishlari mumkin edi. Biroq unday bo‘lmaydi. Aksincha, ular ayolga eng og‘ir – o‘lim jazosi berilishini xohlashadi.
Chunki ayol yo‘q bo‘lsa va ko‘plab sirlarni, moskvalik amaldorlar bilan sodir bo‘lgan noqonuniy ishlarni «o‘zi bilan olib ketsa» ular shuncha tinch bo‘lishardi.
Boshqa bir versiyaga ko‘ra, «Temir Bella» SSSRda rahbar almashinuvining qurboni bo‘lgan. Gap shundaki, 1982 yil 10 noyabr kuni SSSR rahbari Leonid Brejnev vafot etadi.
Oradan ikki kun o‘tib, 12 noyabr kuni mamlakatga Andropov rahbar bo‘ladi. Uzoq yillar davomida KGBni boshqargan Andropov «taxtga o‘tirgan» paytidan boshlab Brejnevga yaqin bo‘lgan odamlarga qarshi «urush ochadi».
Andropov birinchi navbatda Ichki ishlar vaziri Nikolay Shchyolokovdan alamini oladi va 1982 yil 17 dekabr kuni uni ishdan bo‘shatadi. Keyinchalik Shchyolokov barcha unvonlardan mahrum qilinadi va unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Keyin boshqalarga navbat keladi.
Berta Borodkina boshchilik qilayotgan trestga qarashli restoranda moskvalik nufuzli mehmonlarga uyatli film qo‘yib berilishi va bu ishni militsiya taftish qilishi Andropov «Brejnevchilar»dan o‘ch olishni boshlagan paytga to‘g‘ri keladi.
Berta Borodkina ham Brejnevning atrofidagilar bilan apoq-chapoq bo‘lgan va u Andropovning jamoasi uchun «Brejnevchi» edi. Shu sababli Gelenjikdagi restoranda sodir bo‘lgan hodisa xabari Moskvaga yetib borgandan «Temir Bella»ni hibsga olishga buyruq berishadi.
O‘sha paytda, Gelenjik shahar soveti birinchi kotibi Nikolay Pogodin va Krasnodar o‘lkasi partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Sergey Medunov ham «Brejnevchi» sifatida Bertaning ishi bo‘yicha tergovga jalb qilinadi.
Ko‘p o‘tmay Nikolay Pogodin sohil bo‘yicha sayr qilib yurganida noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirilib, jasadi dengizga tashlab yuboriladi. Medunov esa «Temir Bella» ishi bo‘yicha qamaladi.
Sud va o‘lim jazosi
Berta Borodkinaga tegishli ishning tergovi ikki yil davom etadi va 1984 yilda sud majlislari bo‘lib o‘tadi. Ularda ayoldan «jabrlangan» ko‘plab insonlar qatnashadi.
Oxir-oqibat Berta Borodkina umumiy hisobda 1 million rubldan oshiqroq miqdordagi pul va turli buyumlarni pora sifatida olishda aybdor deb topiladi.
Sud jarayonlari ketayotganda ayol ko‘pi bilan 5 yil qamoq jazosi olishi mumkinligiga umid qiladi. Biroq 1984 yil 20 aprel kuni o‘tkazilgan so‘nggi sud majlisida unga o‘lim jazosiga beriladi.
Keyinchalik, guvohlarning eslashicha, o‘shanda 57 yoshda bo‘lgan Berta Borodkina o‘ziga o‘lim jazosi berilgan kuni tuni bilan hibsxonada hukm nohaq bo‘lganini aytib baqirib chiqqan.
Hukm ayolni otib o‘ldirish yo‘li bilan ijro etilishi kerak edi. Berta Borodkina apellyatsiya beradi. Biroq SSSR oliy soveti prezidiumining 1985 yil 1 iyuldagi qarori bilan uning apellyatsiyasi rad etiladi va bir yil avvalgi hukm o‘z kuchida qoldiriladi.
Shu tariqa, sodir etgan jinoyatlari oliy jazoga uncha ham tortmaydigan, tortgan taqdirda ham uning ayolligi, yoshi keksaligini inobatga olinib, qamoq jazosi berilishi kerak bo‘lgan Berta qatl etiladi.
O‘shandan keyin Berta Borodina haqida hech qanday rasmiy xabar berilmaydi. Keyinchalik ayol haqida turli mish-mishlar tarqaladi.
Ularga ko‘ra ayol qatl etilmagan. Moskvalik amaldorlar uni qutqarib qolishgan va u boshqa ism-sharif bilan yashashda davom etgan. Boshqa mish-mishlarda esa hukm ijro etilgani va ayolning qatl qilingani aytiladi.
Ayolning tirik qolgani haqidagi gaplar haqiqatga uncha to‘g‘ri kelmaydi. Chunki ko‘p o‘tmasdan SSSR parchalanib ketdi va juda ko‘p ishlar oshkor bo‘ldi. Berta Borodkina tirik qolganda 1991 yildan keyin u haqda xabar chiqardi.
Qolaversa, rasmiy ma’lumotlarda oliy sovet prezidiumining qaroridan so‘ng hukm ijro etilgani va Berta Borodkina 1985 yilda qatl etilgani keltiriladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
18:12
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
14:08 / 03.12.2024
Vetnamning eng badavlat ayoli firibgarlik bo‘yicha ish apellyatsiyasida yutqazdi. Endi 9 mlrd dollar topa olmasa, uni qatl etishadi
21:03 / 26.11.2024