Sport | 21:45 / 21.09.2023
20838
6 daqiqa o‘qiladi

Neymarning «Navbahor»ga qarshi debyuti, Ashxobod va Dushanbeda anshlag – OChLda eng ko‘p tomoshabin qayerda?

Foto: Getty Images

Ushbu haftada Osiyoda klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir Chempionlar ligasi yangi mavsumiga start berildi. Tribuna.uz dastlabki tur bahslarida stadionlarda eng ko‘p tomoshabin to‘plagan o‘yinlarni sarhisob qildi.

Neymar va «Navbahor»ning OChLdagi debyuti eng ko‘p muxlis to‘pladi

Osiyo Chempionlar ligasi 1-turining eng kutilmagan natijasiga o‘zbek klubi sababchi bo‘ldi. Turnir tarixida ilk marta guruh bosqichida maydonga tushgan «Navbahor» klubi kimsan Neymarning turnirdagi debyutini «rasvo» qilishiga oz qolgandi. Tarkibi bo‘yicha Ar-Riyod klubidan bir necha karra arzon bo‘lgan Namangan jamoasi «Al-Hilol» maydonida tur sensatsiyasini qayd etdi.

«Qirol Fahd» xalqaro stadionida qariyb 27 ming tomoshabin qarshisida o‘tgan bahsda Samvel Babayan shogirdlari Jorjye Jyezush murabbiyligidagi yulduzli tarkibni 100-daqiqagacha mag‘lub etishdi, so‘nggi soniyalarda esa Osiyoning eng qimmatbaho klubi sharmandalikdan qutulib qoldi (1:1). Shu kuni Neymar, Mitrovich, Malkom singari yulduzlarning «Navbahor»ga qarshi OChLdagi debyutini 26 713 nafar muxlis stadiondan kuzatib bordi. Bu OChL 1-turida G‘arbiy mintaqadagi eng ko‘p tomoshabin to‘plagan o‘yinga aylandi.

Ashxobod va Dushanbeda futbol bayrami

G‘arbiy mintaqadagi o‘yinlar orasida eng ko‘p tomoshabin to‘plangan stadionlar uchligidan Ashxobod va Dushanbe shaharlaridagi arenalar joy oldi. Sababi Turkmaniston poytaxti ilk marta Osiyo Chempionlar ligasi bahsiga mezbonlik qilgan bo‘lsa, Tojikiston poytaxtida Koutino to‘p suradigan Qatar chempioni tashrifi kuzatilgandi.

«Axal» OChLdagi debyutini Saudiya Arabistonining «Al-Fayha» klubiga qarshi o‘tkazdi. Shu kuni «Ashxobod» stadionida 19 966 nafar tomoshabin kelgan. Muxlislar bilan to‘lib toshgan o‘yingohda to‘p surgan turkmanistonlik o‘yinchilar turning yana bir sensatsiyasini qayd etishdi. «Navbahor» va «Andijon»ning sobiq o‘yinchisi Elman Tagayev super goli bilan «Axal»ga Saudiya klubi ustidan g‘alaba keltirdi (1:0).

Dushanbedagi Markaziy o‘yingohda esa «Istiqlol» klubi «Ad-Duxayh»ni qabul qildi. 17 500 tomoshabin qarshisida o‘tgan bahsda Tojikiston chempioni Qatar chempioni bilan durang qayd etdi (0:0). Shu kuni o‘zbek klublaridagi o‘yini bilan tanilgan Ehsoni Panjshanbe, Alisher Jalilov bayramona muhitni yaratgan «Istiqlol» muxlislariga gol sovg‘a qilishi mumkin edi, ammo omad ulardan yuz o‘girdi. Tojikiston poytaxtidagi bahsda Koutino maydonga tushmadi, shunga qaramay «Istiqlol» tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha OChL G‘arbiy mintaqasida 3-o‘rinni egalladi.

OKMK, «Nasaf va «Paxtakor» ishtirokidagi o‘yinlarga qancha tomoshabin keldi?

OFK ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir o‘zbek klubi OKMKning «Al-Ittihod»ga qarshi o‘yini 13 897 tomoshabin to‘plab, bu borada 4-o‘rinda bormoqda. Ar-Riyoddagi o‘yinda Karim Benzema maydonga tushmagan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoni chempioni Mirjalol Qosimov shogirdlarini yirik hisobda taslim etdi (3:0).

Dastlabki turda g‘alabaga erishgan yagona jamoamiz «Nasaf»ning Iordaniya poytaxtidagi o‘yiniga 13 750 tomoshabin to‘plandi. Amman xalqaro stadionida Zafarmurod Abdirahmatovning 90+7-daqiqadagi yagona goli Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlariga Iordaniya chempioni ustidan g‘alaba keltirdi. «Al-Faysali» - «Nasaf» (0:1) o‘yini tomoshabinlar soni bo‘yicha OChL G‘arbiy mintaqasida 5-o‘rinda qayd etildi.

1-turni O‘zbekistonda o‘tkazgan «Paxtakor» «Al-Ayn»ga yirik hisobda yutqazdi (0:3). O‘z stadioni ta’mirlanayotgani sababli «Bunyodkor» stadionida o‘ynagan O‘zbekiston chempioni ishtirokidagi bahsni kuzatish uchun 8 117 tomoshabin kelgan. Toshkentdagi o‘yin bu borada OChLda 8-o‘rinni egalladi.

«Sharq»da Xitoy yetakchi...

Qayd etish joiz, Eronda o‘tgan «Persepolis» - «An-Nasr» (0:2) o‘yini «Ozodi» stadionida tomoshabinlarsiz o‘tkazildi. Aks holda qariyb 100 ming tomoshabin sig‘imiga ega o‘yingoh Ronalduni ko‘rish uchun ham muxlislar bilan to‘lishi muqarrar edi.

Ma’lumot o‘rnida, OChL Sharqiy mintaqasi 1-turida eng ko‘p tomoshabin Xitoyda o‘tgan «Uxan Shanven» va Yaponiyaning «Urava Reds» o‘rtasidagi bahsda kuzatildi. 2:2 hisobi qayd etilgan o‘yinni 27 599 nafar tomoshabin kuzatgan.

Osiyo Chempionlar ligasi 2-turida bir yo‘la 3 jamoamiz o‘z o‘yinini muxlislari qarshisida o‘tkazishini inobatga olsak, «Navbahor», «Nasaf» va OKMK orasidan Namangan va Qarshidagi o‘yinlar 2-turda tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha Osiyoda yetakchi o‘rinlarga da’vogarlik qila olishiga ishonsa bo‘ladi.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid