Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti va Pokiston hukumati rahbari bilan uchrashdi
O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi. Xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko‘magini kengaytirish, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikatsiyalar, suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish kabi strategik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar bilan uchrashdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlarni yaratish ishlarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. To‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va turizm sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi. Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish borasida birgalikda harakat qilish muhim ekani qayd etildi.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024