O‘zbekiston | 18:25 / 21.09.2023
13410
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida Face ID orqali to‘lov sinovdan o‘tkazilmoqda

“Buyuk ipak yo‘li” metro bekatida yo‘lkira haqini undirishning zamonaviy texnologiyasi – yo‘lovchilar yuzini identifikatsiyadan o‘tkazadigan qurilma sinovdan o‘tkazilyapti. U orqali yo‘lovchilar qog‘oz chipta, ATTO yoki bank kartalaridan foydalanmay turib to‘lov qilishyapti.

Foto: Videodan kadr

Toshkent metrosining “Buyuk ipak yo‘li” bekatida Face ID qurilmalari paydo bo‘ldi. Poytaxt metropoliteni rasmiylarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu FacePay tizimi bo‘lib, u orqali yo‘lovchilarning yuzini identifikatsiyadan o‘tkazish va ularga masofadan to‘lov qilish imkoniyati yaratildi. Ya’ni metrodan foydalanuvchilar qog‘oz chipta, ATTO yoki bank kartalarini ishlatmay turib, Face ID yordamida turniketdan o‘tib ketishlari mumkin.

Bu amaliyot ATTO (avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi operatori) tomonidan hozircha faqatgina shu bekatda ishga tushirilgan. Tajriba-sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa metro bekatlarida ham yangi to‘lov shakli joriy etilishi kutilmoqda.

Kun.uz qurilmaning qanday ishlashini tushunish uchun ATTO bilan bog‘landi. Tizim rahbarining o‘rinbosari Abdug‘ofur Nurmatovning aytishicha, Face ID ishlashi uchun avvalo yo‘lovchilarning yuzi haqidagi ma’lumotlar qurilmaning bazasiga kiritilishi lozim. Buning uchun yo‘lovchi ATTO maxsus ilovasiga kirib, tegishli funksiyani faollashtirish orqali o‘z yuzini skanerlashi kerak.

Ilovaga kirilganda transport karta balansini ko‘rsatuvchi panelning o‘ng burchagida FacePay tugmasi bor, shu tugma bosiladi va yo‘lovchining yuzi suratga olinadi. Shundan so‘ng, ma’lumotlar bazasiga uning surati qo‘shilgani, tizim faollashtirilgani haqidagi ma’lumot ko‘rinadi.

Keyin esa ATTO transport kartasida pul bo‘lsa, to‘lovni Face ID orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.Ta’kidlanishicha, bu tizimni ishga tushirish uchun Rossiyaning VisionLabs kompaniyasi bilan hamkorlik qilinib, uning qurilmalaridan foydalanilmoqda.

ATTO rahbari o‘rinbosariga ko‘ra, FacePay tizimidan ko‘plab xorij mamlalakatlarining jamoat transportida foydalanib kelinadi, ulardan andoza olingan holda bu amaliyot O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, mas’ulga ko‘ra, yuz orqali to‘lov qilish IOS qurilmalari hamda Android operatsion tizimidagi gadjetlarda ham ishlayapti.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent metrosining aynan shu bekatida FacePay tizimi avval ham joriy etilgandi. Ammo keyinroq qurilmalar olib tashlangandi.

Mavzuga oid