Jahon | 19:57 / 22.09.2023
15192
4 daqiqa o‘qiladi

“Sport orqali obro‘ni yuvish ayblovi men uchun ahamiyatsiz” - Muhammad bin Salmon

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon futbol orqali o‘zining xalqaro obro‘-e’tiborini tiklashga urinayotgani haqidagi tanqidlarga javoban, sportga investitsiya kiritishdan asosiy maqsadi – podshohlik iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish ekanini aytdi. “Sport tufayli YaIM o‘sishi 1 foizni tashkil etdi, uni 1,5 foizga oshirishni maqsad qilganman”, dedi u.

Foto: Agence France-Presse

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon “sport orqali obro‘ni yuvish” deb atalayotgan ayblovlarga javob berdi. Ingliz tilidagi “sporswashing” atamasi mamlakat yoki kompaniya sport yutuqlari orqali o‘zining putur yetgan obro‘sini ko‘tarishga harakat qilganda qo‘llanadi. Futbolga katta miqdorda sarmoya kiritayotgan Saudiya Arabistoni hukumati oxirgi vaqtlarda huquq faollari tomonidan aynan shu narsada ayblanmoqda.

“Agar sport orqali obro‘ni yuvish mening mamlakatim yalpi ichki mahsulotini 1 foizga oshirsa, biz buni qilishda davom etamiz. Men ayblovlarga ahamiyat bermayman. Sport tufayli YaIM o‘sishi 1 foizni tashkil etdi, uni 1,5 foizga oshirishni maqsad qilganman. Xohlaganingizcha talqin qiling, lekin biz 1,5 foiz o‘sishga erishamiz”, degan Muhammad bin Salmon Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Sportga katta miqdorda investitsiyalar

Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish maqsadida 2017 yildan boshlab sportga katta miqdorda sarmoya kirita boshladi. Davlat investitsiya jamg‘armasi o‘tgan yili Angliyaning “Nyukasl Yunayted” futbol klubini sotib oldi va Live Golf'ni ishga tushirdi. Loyihalar mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga mo‘ljallangani alohida ta’kidlanib kelinadi va bu “Vision 2030” strategiyasining asosiy qismi ekani aytiladi.

Podshohlik suveren jamg‘armasining aktivlari 620 milliard dollarga baholangan. Futbolga sarflanayotgan mablag‘lar hozirda mazkur jamg‘arma hisobidan amalga oshiriladi. Xususan, mamlakatning to‘rtta top-klubi – “Al-Ahli”, “Al-Hilol”, “Al-Ittihod” va “Al-Nasr” ustidan nazoratni ham bin Solmon o‘z qo‘liga olgan.

Saudiya Arabistoni dekabr oyida klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu mamlakatda o‘tkaziladigan FIFA'ning birinchi yirik turniri hisoblanadi. Shuningdek, 2030 yilgi jahon chempionatini Gretsiya va Misr bilan birgalikda o‘tkazishga jiddiy kirishgan. Buning uchun saudiyaliklar, hatto Gretsiya va Misrdagi futbol stadionlari qurilishini ham moliyalashtirishga tayyor. Buning evaziga ular jahon chempionati o‘yinlarining 75 foizini o‘zida o‘tkazishni istamoqda. Qirollik futbol federatsiyasi Osiyo Kubogi-2027 uchun uchta yangi stadion qurilishini e’lon qildi.

Yanvar oyida “An-Nasr”ning Krishtianu Ronaldu bilan shartnoma imzolashi esa mamlakat Pro-ligasiga qiziqishni kuchaytirdi. Yozgi transferlar mavsumida ham bir qator futbol yulduzlari bilan kelishuvga erishildi. Hammasi bo‘lib Saudiya klublari yozgi transferlari uchun 954,3 million yevro sarflagan.

Bundan tashqari, oxirgi yillari podshohlikda boks va MMA bo‘yicha bir qator shov-shuvli chempionlik janglari ham o‘tkazilib kelinmoqda.

Muhammad bin Salmon nimada ayblanmoqda?

2018 yil oktyabr oyida Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida saudiyalik taniqli jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilgandi. Bu operatsiya qirollikning de-fakto hukmdori bo‘lgan shahzoda Muhammad bin Salmon buyrug‘i asosida tashkil etilgani haqida tahminlar paydo bo‘ldi. Qoshiqchi ko‘p yillar davomida uning siyosatini tanqid qilib kelgan.

Inson huquqlari himoyachilarining iddao qilishicha, sport orqali Saudiya hukumati o‘zining obro‘-e’tiborini tiklashga harakat qilmoqda.

Bundan tashqari valiahd shahzodaning Yamanda urush boshlash to‘g‘risidagi qarori va Qatarga kiritgan embargosi ham unga nisbatan xalqaro maydonda tanqidlar paydo bo‘lishiga ta’sir o‘tkazgan.

Mavzuga oid